Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shavkat Mirziyoyev Saudiya Arabistonining yetakchi kompaniyalari va moliyaviy tuzilmalari rahbarlari bilan uchrashuv o‘tkazdi

Tadbirda investitsiyalar vaziri Xolid al-Falih hamda podshohlikning «ACWA Power», «SABIC», «Saudi National Bank», «Al Rajhi Capital», «Ma’aden», «Petromin» «Jamjoom Pharma», «SEDCO», «Salic», «Albawani», «Ajlan & Bros», «Desert Technologies» kabi yigirmaga yaqin eng yirik kompaniya va korporatsiyalari rahbarlari ishtirok etdi.

Uchrashuvda Shavkat Mirziyoyev ikki tomonlama sheriklikni rivojlantirishga doir fikrlarini bayon qildi. Xususan, saudiyalik ishbilarmonlar O‘zbekistondagi yirik banklar, sanoat va infratuzilma ob’yektlarini xususiylashtirish jarayonlarida ishtirok etishga taklif etildi. Qo‘shma loyihalarni amalga oshirish uchun eng istiqbolli sohalar sifatida “yashil” energetika va “yashil” iqtisodiyot ko‘rsatib o‘tildi.

O‘zbekiston shamol elektr stansiyalarini barpo etish, “yashil” vodorod ishlab chiqarish, muqobil energetikani rivojlantirish, sanoatda raqamlashtirishni chuqurlashtirish va qo‘shma ilmiy tadqiqotlar bilan shug‘ullanish borasida faol hamkorlikka tayyor ekani ta’kidlandi.