Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shayx Abdulaziz Mansur: Milodiy yangi yilni nishonlasa nasroniylarga o‘xshab qoladi deb, shuncha musulmonni kofirga chiqarish mantiqqa to‘g‘ri kelmaydi

Bismillohir Rohmanir Rohiym!

Keyingi yillarda internet sahiflari, turli portal va ijtimoiy tarmoqlarda milodiy yangi yil kunini bayramona kutib olish, ushbu munosabat bilan bir-birini tabriklab, ezgu tilaklar bildirish kabi odatlar islom dini ta’limotiga zid va kufr, degan iddaolarni tarqatish avj olib bormoqda. Shularni e’tiborga olib, bu kabi nizoli masalaga baqadri imkon oydinlik kiritish va unga xolisona yondashib, o‘z fikrimizni bayon qilishga qaror qildik.

Aytish joizki, milodiy sananing hijriy sanadan olti asr oldinroq joriy qilingani, shuningdek, Iso ibn Maryam alayhissalom Allohning qudrati va mo‘’jizasi tufayli otasiz tug‘ilgani, u chaqaloqligidayoq gapirib, o‘zini Allohning o‘g‘li emas, balki Uning bir bandasi ekanini, ilohiy kitob asosida Bani Isroil qavmiga nabiy sifatida yuborilgani va boshqa bashoratlarni gapirib berganini biz Qur’oni karim oyatlari orqali bilamiz. Shuning uchun ham biz musulmonlar Iso alayhissalomning barcha payg‘ambarlar qatori Allohning bandasi va payg‘ambari sifatida e’tirof etamiz va bunga imon keltiramiz.

Lekin Allohning bu imtihonidan hamma ham birdek muvaffaqiyatli o‘tolmayotir. Afsuski, odamlar ichida “Iso – Allohning o‘g‘li”, deb e’tiqod qiladiganlar ham ko‘pchilikni tashkil etadi. Biz, musulmonlar bunday botil aqidaga qo‘shilmaymiz, albatta. “Baqara” surasining 285-oyatida aytilganidek, birortasini ajratmasdan, barcha payg‘ambarlarga birdek imon keltiramiz. Iso alayhissalom ularning biri ekanini esa, har bir musulmon juda yaxshi biladi.

Milodiy yangi yil va uni nishonlash diniy shiorlar, ya’ni namoz, zakot, ro‘za, haj, umra, ikki hayit va boshqa marosimlarning vaqtini belgilash hamda ularga amal qilishda hijriy taqvimdan foydalanishga to‘sqinlik qilmaydi.

Bunga e’tiroz bildiruvchilarning “Nasroniylar yoki boshqa g‘ayridinlar bayramlarining musulmonlar tomonidan nishonlanishi shar’iy kitoblarda taqiqlangan-ku?! Musulmonlar ularga taqlid qilishdan qaytarilgan-ku?! Ular ham, musulmonlar ham yangi yilni nishonlasalar, ularga o‘xshagan bo‘lib qolmaymizmi?”, degan xavotirlariga quyidagicha javob beramiz. Ahli sunna val jamoa ulamolarining fatvo kitoblarida musulmon o‘zini g‘ayridinlarga din va e’tiqodda o‘xshatishi harom ekani ta’kidlangan. Shuningdek, kiyimiga xoch yoki boshqa botil aqidalarning ramziy belgilarini osib yurish musulmonlarga nojoizdir. Ammo kiyiladigan, butun bashar umumsuratda qabul qilingan oddiy libos, zeb-ziynat, uy-joy kabi e’tiqodga daxl qilmaydigan narsalarda o‘xshashlik yuzaga kelgan taqdirda bunga ruxsat beriladi.

Xuddi shuningdek, agar milodiy yangi yil Xudoning o‘g‘li Iso tug‘ilgan kun deb nishonlansa, bu islom aqidasiga mutlaqo to‘g‘ri kelmaydi. Biroq, “internet shayx”lari tomonidan bot-bot ta’kidlanadigan “milodiy yangi yilni nasroniylar Isoning tug‘ilgan kuni sifatida nishonlaydi”, degan fikr ham ilmiy asosga ega emas.

Ammo musulmonlar tomonidan 1 yanvar kunini milodiy sananing yangilanishi sifatida, Iso alayhissalomning tavallud kuni yoki boshqa e’tiqodlarga bog‘lamagan holda nishonlanishining shar’an zarari yo‘q. Masalan, O‘zbekiston musulmonlari ham 1 yanvar arafasida bir-birini tabriklab, ezgu tilaklarini izhor etadi. Bugungi dunyoda yashayotgan millionlab musulmonlarga ham bu odat bo‘lib qolgan. Ana shunday bir sharoitda milodiy yangi yilni nishonlasa nasroniylarga o‘xshab qoladi deb, shuncha musulmonni kofirga chiqarish mantiqqa to‘g‘ri keladimi? Bunday qat’iy hukm chiqarishdan avval islom aqidasini yaxshiroq o‘rganish lozim. Musulmonlarni kofirga chiqarish uchun ularning haqiqiy e’tiqodini aniqlab, keyin hukm chiqarish kerak.

Zero, hadisi sharifda ta’kidlanganidek, “Barcha amallar niyatga qarab baholanadi”. Odamlarni kufrda ayblayotgan kishilar shuni bilsinlarki, Abdulloh ibn Umar raziyallohu anhu rivoyat qilgan hadisi sharifda janob Payg‘ambarimiz sollallohu alayhi vasallam birovni kofirga chiqarish qanchalik xatarli ekanini ta’kidlab: “Kim o‘z birodarini kofir desa, qaraladi, agar o‘sha ikkinchi shaxs haqiqatan kofir bo‘lsa, rost gapirgan bo‘ladi. Bordi-yu agar u kofir bo‘lmasa, kofirlik ayblovchining o‘ziga qaytadi”, deb aytganlar.

O‘zbekiston ma’rifat va taraqqiyot yo‘lidan bormoqda. Binobarin, mamlakatimizda diniy bayramlar bilan bir qatorda dunyoviy mohiyatga ega bir qancha bayramlarni ham nishonlash odatga aylangan. Ro‘za va Qurbon hayitlari munosabati bilan davlatimiz rahbarining tabriklari e’lon qilinishi, hayit namozlari va bayramlarini namunali o‘tkazish to‘g‘risidagi qarorlar qabul qilinayotgani, haj va umra ziyoratlarining tartibli tashkil etilayotgani, masjidlarimizning soni muntazam oshib borayotgani, diniy adabiyotlarning katta adadlarda nashr etilayotgani natijasida e’tiqodli xalqimizning imon va ixlosi yanada mustahkamlanib borayotgani uchun Alloh taologa behisob hamdu sano va shukronalar qilishimiz lozim.

Jonajon diyorimizning ham moddiy, ham ma’naviy jihatdan taraqqiy etayotganini havas qilish o‘rniga, tirnoq ostidan kir qidirayotgan hasadgo‘y kimsalarga Allohning o‘zi insof bersin. Yurtimizda davom etayotgan islohotlar, bunyodkorlik, obodonchilik va ma’naviy barkamollik sari qilinayotgan sa’y-harakatlarga Alloh taoloning O‘zi fayzu barakotlarini nozil qilsin! Omin!

Vassalomu alaykum va rahmatullohi va barakotuhu.