Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sherali Jo‘rayevning qo‘shig‘ini ruxsatsiz kuylagan Sanjay jarimaga tortildi

Ijtimoiy tarmoqlarda xonanda Sanjay tahallusi bilan ijod qilayotgan Sanjar Javberdiyev  O‘zbekiston xalq artisti Sherali Jo‘rayevning qo‘shiqlari matnini huquq egalarining ruxsatisiz o‘zgartirgan holda ijro etgani sababli Adliya vazirligi huzuridagi Intellektual mulk agentligiga chaqirtirilgani haqidagi video yozuvlar tarqalgan edi.

Sababi, Intellektual mulk agentligi mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilotning murojaati asosida S.Javberdiyev tomonidan she’r muallifi U.Azimov hamda O‘zbekiston xalq artisti Sh.Jo‘rayev ijrosidagi “Karvon” nomli qo‘shig‘ini va she’rini asar yaxlitligini buzgan holda mualliflarning roziligisiz ijro etilgan holatlarni aniqlagan hamda Sanjayga nisbatan Ma’muriy huquqbuzarlik to‘g‘risidagi bayonnoma rasmiylashtirilib, tegishli chora ko‘rish uchun sudga kiritilgan.

Intellektual mulk agentligi xabar berishicha, 2021 yil 9 mart kuni Navoiy viloyati Jinoyat ishlari bo‘yicha Navoiy shahar sudi tomonidan xonanda Sanjar Javberdiyev (Sanjay)ga nisbatan Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksning 177-(1)-moddasi birinchi qismi bo‘yicha jarima jazosi tayinlandi.

“Mualliflik huquqi va turdosh huquqlar to‘g‘risida”gi qonunning 62-moddasiga asosan mualliflarning shaxsiy nomulkiy huquqlarini buzish, huquq egasi yoki mulkiy huquqlarni jamoaviy asosda boshqaruvchi tashkilot bilan shartnoma tuzmasdan asarlar yoki turdosh huquqlar ob’yektini takrorlash, tarqatish yoki undan boshqacha tarzda foydalanish mualliflik huquqi va turdosh huquqlarni buzish hisoblanadi.

Qonunning tegishli moddalarida muallif huquqlari aniq keltirilgan. Xususan, ijrochilar o‘z huquqlarini ijro etiladigan asarlar mualliflarining huquqlariga rioya etgan holda amalga oshirishlari kerak.