Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

She’riy feleton: Soliq to‘lash

Bordim soliq idoraga,

Yer solig‘in to‘lay, deb.

Qarzim uzib, tashvish-u

G‘amdan uzoq bo‘lay, deb.

 

«Qarzi yo‘q» degan qog‘oz

So‘radim ukachadan.

- Borsangiz yozib berar, –

Der «Yagona darcha»dan.

 

Bekzod degan bir yigit

Vaqt topmas gapirgani.

Kompyuterdan ko‘z uzmay,

Der: ikkita uygami?

 

Men hayratda, men hayron,

«Ikki uy»ni eshitib.

- Hoy, uka, o‘ylab gapir,

Avval yaxshi pishitib.

 

Indamasam, o‘zingcha,

Qo‘shxotinlik ham dersan.

Shoshmay turgin, tirrancha,

Hali shapaloq yeysan.

 

Talmovsirab turdi, so‘ng:

- Boring, - der kadastrga.

Ravshan ismli yigit,

Kuladi qarab yerga.

 

Yaxshi yigit ekan u,

Yo‘q ekan dilda gardi.

Hujjatlarimni ko‘rib,

Hojatimni chiqardi.

 

Xullas, o‘n kun deganda

Ishim topdi nihoya.

Kimga cho‘pchak bu gapim,

Kimlargadir kinoya.

Nuriddin YaHYoYeV.