Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shijoat timsoli yoxud jasoratni kasbiga singdirgan jurnalist haqida muxtasar so‘z

Odatda biz shijoat, shiddat va jasoratni burgutda ko‘rib o‘rganganmiz. Darvoqe, burgut dunyoga doimo yuqoridan turib qaraydi. U nasibasini o‘zi topib yeydi, birovning o‘ljasiga sherik bo‘lmaydi, faqat o‘ziga ishonib yashaydi.

Biz hayotda bunday fazilatlarga havas qilamiz. Bunday fazilatli insonlarga hurmatimiz boshqacha bo‘ladi. Lekin hayotning azaliy, yozilmagan qonuniyatlari ham borki, ularni chetlab o‘tolmaymiz: jasorat o‘rtamiyonlarga yoqmaydi, boqibeg‘amlar shiddatlini hazm qila olmaydi, to‘g‘ri gap goho tuqqaningga ham yoqmaydi, jasorat mohiyatini tushunib yetishga muhlat kerak bo‘ladi. Yana bir haqiqatni aytmasak bo‘lmas, bu uchta fazilat bir shaxsda bir vaqtning o‘zida jo bo‘lishi mushkul. Shu sababli ham munosabatlarda bunga o‘xshash harakatlarga ko‘z tushsa, bilib qolsak, o‘sha insonga havasimiz, mehrimiz ortadi. Xususan globallashuv chuqurlashgan, ma’naviyatdagi munosabatlar chigallashgan bir davrda bu holat darhol ko‘zga tashlanadi.

Kamina O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan jurnalist Muhammadjon Obidov faoliyatiga ana shu nuqtai nazardan yondashmoq lozim, deb hisoblayman. Chunki men taniganimdan buyon bu kishi har qanday holatda ham kasbni va insoniy burchini bajarishga butun vujudi bilan kirishishini ko‘rib kelayapman. Ming afsuski, juda ko‘p hamkasblarimda, xususan o‘zimda ham murakkab holatlarda, nozik vaziyatlarda kurashchanlik, o‘z pozitsiyasini himoya qilish, bunday paytda atrofdagilar hurmatini joyiga qo‘ya olish harakatini ko‘rish mushkul. Boshqacha aytganda, o‘zimiz bilan bo‘lib qolamiz. Bir men emas, ko‘plab kasbdoshlar aytishi mumkinki, M.Obidov qaltis vaziyatlarda ham «o‘z»ligini saqlab kelyapti. 

Xo‘sh, buning sababi nimada?

Birinchidan, oilada olgan tarbiyasi, ota-onadan o‘tgan fazilatlari. Buni hech kim inkor eta olmaydi. Chunki oiladagi muhit tarbiyasi puxta bo‘lmasa, uni ulg‘ayganda shakllantirib bo‘lmaydi.

Ikkinchidan, kasb mahorati, ya’ni professionalizm. Bu borada Muhammadjon akaga omad kulgan. Negaki u talabaligidayoq Ahmadjon Meliboyev, Xurshid Do‘stmuhammad, Abdusaid Ko‘chimov, Zuhriddin Isomiddinov, Jahongir Ismoilov, Sa’dulla Hakim, Shuhrat Jabborov kabi iqtidorli yoshlar davrasiga qo‘shildi. Garchi badiiy ijod bilan shug‘ullanmasada, publitsistik chiqishlari, maqolalari bilan ijodiy raqobatda mahoratini oshirdi. O‘qishni bitirgach, O‘zbekiston televideniyesida o‘tkir so‘zli, qattiqqo‘l ustozlar qo‘liga tushdi.

Uchinchidan, iymon pokligi, dunyoqarashi teranligi, davrga munosiblik, to‘g‘ri so‘zni ayta olishlik. Tabiiyki, bunday odamlar jamiyatda hammaga ham birdek yoqavermaydi. Ayniqsa kasbda va hayotda o‘rtamiyon odamlarga.

To‘rtinchidan, o‘rganishdan uyalmaslik, hamisha tajribani orttirishga intilish. Shu orqali o‘zi hurmat qilgan, ishongan kishilar qadrini joyiga qo‘yish.

Nazarimda M.Obidovni taniganlarga bu xulosalarimni sharhlash zarurati yo‘q. Faqat yaxshi bilganim sababli ayrim voqealar silsilasini sanab o‘tmoqchiman.

U «Axborot» dasturida eng faol, jasur muxbir bo‘ldi. Oyog‘i yetmagan joy kam edi: aholiga qulaylik yo‘lidagi yangilik ham, asabga teguvchi holat ham, o‘g‘rilaru to‘ralar ham, harbiy holatlar ham... Buni yoshi ulug‘ kishilar yaxshi bilishadi. Ammo qo‘qqisdan tanqidga uchradi. Ishdan ketganda nolishib yurmadi, odamgarchilikdan chiqmadi, sabr qildi. Chunki u insonga hamma narsa – lavozim u jon ham, quvonchu tashvish ham omonat ekanini yaxshi bilardi.

Jurnalistlar uyushmasi viloyat bo‘limi rahbari sifatida kasbimiz, hamkasblarimiz qadrini oshirishga intildi, ularning boshini qo‘shdi. Qalam ahliga dunyoni ko‘rsatdi. Farg‘onada an’anaviy ijodiy mashvarat maktabini yaratdi. Tugab borayotgan viloyat gazetasiga «jon kiritdi», tuman gazetalarini qo‘llab-quvvatladi. Albatta, boshidan o‘tkazganlar jurnalistikada bunday faoliyat nechog‘lik mashaqqatli ekanini yaxshi bilishadi.

Qariyb yigirma yildirki, Muhammadjon aka bilan hamkorlikda ishlaymiz. U kishi bilmaganini so‘rashdan erinmaydi va uyalmaydi. Biz ham o‘z navbatida u kishidan, Farg‘ona ijodiy muhitidan ko‘p narsa o‘rgandik, o‘rganayapmiz. Shu sababli hoji akani boshqa viloyatlar kabi Samarqandda yaxshi bilishadi va hurmat qilishadi. Darvoqe, xorijga birga qilgan ijodiy safarlarda u kishining yana ko‘p fazilatlarini bildimki, bular menga saboq bo‘ldi.

Men har gal Farg‘onaga borsam, Muhammadjon aka tashabbusi bilan Marg‘ilondagi “rancho”da hamkasblar davrasidan olam-olam taasurot bilan qaytaman.

Shu sababli bugun to‘la ishonch va faxr bilan ayta olaman:

- Muhammadjon Obidovning O‘zbekiston jurnalistikasida ibrat olgulik o‘rni bor. Tabarruk yoshingiz muborak bo‘lsin, ustoz!

Farmon TOShEV,

Oliy Majlis Senati a’zosi,

«Zarafshon» va «Samarkandskiy vestnik» tahririyati gazetalari bosh muharriri.