Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Shukronalik balolardan asraydi

Bu dunyoda talabamiz...

Uyimizdan chiqmay turib, o‘zimizni jannatning qoq o‘rtasida his etishimiz mumkin. Lekin agar sizda hasad, g‘araz, takabburlik va hirs bo‘lsa, dunyongiz sizning shaxsiy do‘zaxingizga aylanadi qoladi.

Alloh bizning xayrixohligimiz, g‘arazgo‘yliksiz va mehr bilan qilgan istaklarimizga javob qaytaradi. Atrofimizdagi muhitni o‘zimiz yaratamiz, shuning uchun bo‘lsa kerak, oqil inson qalbidagi og‘irroq masalaning hal bo‘lishini birovdan talab qilmasdan, birinchi bo‘lib o‘z xulq-atvorini o‘zgartirish orqali hal qilishi kerak.

Nega shunday bo‘lar ekan? Negaki, dunyo o‘rganishlar asosida yaralgan. Biz bu dunyoning talabalarimiz, talabalik fazilatlarini o‘zimizda shakllantirishimiz zarur. Atrofdagilar esa bizning o‘qituvchilarimiz. Ular bizga hayot darslarini o‘rgatishga, yaxshini yomondan, oqni qoradan farq qilishni o‘rgatish uchun taqdir tomonidan yuborilgan.

Hayotga adovat bilan qarasak, dunyoning bizga ters qarashi ehtimoli bor. Darsimizning ko‘ngilsiz qismi shu tariqa boshlanadi. Bu talaba imtihonda bilet olib, savollari yoqmasa yoki javobni bilmay turib, o‘qituvchining xolis emasligini ro‘kach qilib, uni haqorat qilayotgan holatga o‘xshaydi.

O‘zida hayotga nisbatan dushmanlik alomatlari borligini qanday sezish mumkin?

Birovga nisbatan hasad qilish orqali. Hasad – bu biz bilan orzularimiz boshqalarda amalga oshishi orqali kelib chiqqan kelishmovchilik natijasidir. Masalan, birov bizga sal boshqaroq qarasa, “ko‘zi tegdi” deb aytamiz. Aslida esa biz birovning muvaffaqiyatiga hasad bilan qaragan taqdirdagina bizga “ko‘z tekkan” bo‘ladi. Ana shu paytda inson o‘zini kamsitilgandek his qiladi, baxt undan uzoqlashadi.

Baxt shukronalik samarasidir. Biz atrofdagilarimizga qanchalik shukronalik bilan qarasak, ongimiz daraxtining baxt mevalari gullashni  boshlaydi.

Har bir aytilgan rahmat bizni hayotimizda bo‘lishi mumkin bo‘lgan kasalliklardan xalos etadi, aytilmagani esa bitta kasallikni qo‘shadi. Bu bizning taqdirimiz, bu so‘zda yashiringan ma’no atrofdagilarimizga beriladigan baraka hamdir.

Taqdir tamoyillari

Fikrimiz, rejalarimiz yurish-turishimiz kelgusi hayotimizni shakllantiradi. Demak, sizni xafa qilgan insonni kechirsangiz, kasallikdan xoli bo‘lasiz. Birovning yutuq va xursandchiligiga sherik bo‘lsangiz, obro‘yingiz oshib, barakangiz ortadi. Shukronalik ongimiz rivojlanishining asosiy belgilaridan biridir. Qizig‘i, shukronalik balolardan asraydi. Masalan, tobimiz qochdi, biz noto‘g‘ri xatti-harakatimiz uchun go‘yoki, jazolayotgan o‘qituvchi sifatida kasallikka minnatdorlik bildirsak, bu kasallik ruhiy rivojlanishning bir qismiga aylanadi. Muxtasar qilib aytganda, shukronalik bezovtalikni ma’naviy baxtga aylantiradi. Baxtsizlik noshukurni o‘ldiradi, minnatdor kishini esa ilhomlantiradi. Buni faqat shukronalik orqali anglash mumkin...

Bahora Muhammadiyeva tayyorladi.