Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sog‘liqni saqlash vazirligi shifokorlarning haq-huquqlari himoyasini kuchaytirishni so‘rab chiqdi

Sog‘liqni saqlash vazirligi shu yil 21 avgust kuni Andijon viloyati ko‘p tarmoqli tibbiyot markazida shifokorlarga bemorning qarindoshi tomonidan suiqasd uyushtirilishi, shifokorlar xonasiga benzin sepib, xonaga o‘t qo‘yib yuborishga uringanlik holatini ming afsus bilan qayd etadi, deya ma’lum qildi  Sog‘liqni saqlash vazirligi Jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi.

Ma’lumki, vazirlik jamiyatimizda fuqarolarning shifokorlarga tajovuz qilish kabi noxush holatlarning oldini olishning eng samarali yo‘llaridan biri sifatida tibbiyot xodimiga nisbatan sodir etilayotgan noqonuniy xatti-harakatlar uchun qat’iy javobgarlikni kuchaytirish lozimligini muntazam ta’kidlab keladi.

Shundan kelib chiqqan holda, bundan bir muddat oldin Sog‘liqni saqlash vazirligi tashabbusi bilan tayyorlangan “O‘zbekiston Respublikasining Jinoyat kodeksiga qo‘shimcha kiritish to‘g‘risida”gi Qonun loyihasi Yagona interaktiv davlat xizmatlari portaliga jamoatchilik muhokamasi uchun joylashtirilgan edi. Mazkur loyiha bilan o‘z xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga bemor va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati yetkazilishidan iborat qilmishlarni Jinoyat kodeksining bezorilik uchun javobgarlikni ko‘zda tutuvchi 277-moddasi bilan kvalifikatsiya qilish hamda ushbu harakatlarni og‘irlashtiruvchi holat sifatida baholash taklif etilgan edi.Kuni kecha Andijonda sodir etilgan voqea ham ushbu loyiha qabul qilinishi nihoyatda dolzarbligini yana bir bor ko‘rsatdi.

Shuningdek, Sog‘liqni saqlash vaziri shifokorlarning haq-huquqlari himoyasini kuchaytirish maqsadida O‘zbekiston Bosh prokuraturasiga ham murojaat bilan chiqqan edi. Unga ko‘ra, o‘z xizmat vazifasini bajarib turgan tibbiyot xodimiga bemor va ularning yaqin qarindoshlari tomonidan g‘ayriqonuniy ravishda tajovuz qilinishi yoki ularga tan jarohati yetkazilishidan iborat qilmishlar uchun jinoiy javobgarlikni kuchaytirish tashabbusi ilgari surilgan.

Tibbiyot xodimlariga tajovuz qilish holatlarining sodir etilishini  asosiy sabablaridan biri jamiyat va xalqqa tunu kun xizmat qilayotgan shifokorlarga nisbatan tajovuz qilganlik uchun ko‘zda tutilgan jinoiy jazolarning birmuncha liberalligidir.

Oqibatda esa hech bir aybi bo‘lmagan tibbiyot xodimining sog‘lig‘iga tiklab bo‘lmaydigan darajada zarar yetkazgan shaxslar ham ayrim hollarda amalda hech qanday jazo o‘tamasdan qolib ketayotganini qayd etib o‘tmasdan ilojimiz yo‘q.

Shu bois, Sog‘liqni saqlash vazirligi Oliy Majlisga shifokorlar haq-huquqlari himoyasini yanada mustahkamlash maqsadida amaldagi qonunchilikni yanada kuchaytirish, shuningdek, Bosh prokuratura, Ichki ishlar vazirligi kabi qator huquqni muhofaza qilish organlaridan fuqarolarning shifokorlarga tahdid va tajovuz qilish kabi holatlarning oldini olish va bartaraf etish borasida jiddiy va keskin choralar ko‘rib borishlarini, bu borada profilaktika ishlarini yana kuchaytirishlarini qat’iy so‘rab qoladi.