So‘rovnoma natijalari: Mulkdorlar boshqaruv servis kompaniyalari xizmatidan xursand emas
Avvalroq kanalimizda “Bugungi kunda ko‘p qavatli uylarga xizmat ko‘rsatuvchi boshqaruv servis kompaniyalari (oldingi shirkatlar) xizmati sifatini qanday baholaysiz?” savoli bilan so‘rovnoma o‘tkazilgandi.
Ishtirokchilarning atigi 17 foizi boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatini “qoniqarli” deb belgiladi. 59 foiz qatnashchilar esa aksincha, “yaxshi emas” degan javobini ma’qulladi . Shuningdek, 22 foiz respondentlar neytral pozitsiya — “ishim tushmagan” javobini belgilagan bo‘lsa, qolgan qatnashchilar izohlarda fikrlarini bildirishini ma’lum qilgan.
Izohlarda aksariyat foydalanuvchilar boshqaruv servis kompaniyalari xizmatiga tanqidiy munosabat bildirgan. Jumladan, “Yulduz” akkauntli foydalanuvchi “Servis boshqaruvi degan nomi bor xolos ishi qoniqarsiz” degan bo‘lsa, Nigora Yo‘ldosheva “0 ga teng, umuman keraksiz tashshkilot”, deb yozib qoldirgan.
Jumladan, ayrim o‘quvchilar noreal qarzdorlik holatlari uchrayotganiga e’tibor qaratgan: “Haqiqatdan ham tizim yo‘q, umuman vazifasini nimadan iborat ekanligini bilmaydi, peredoplata turganiga qaramasdan qarzdor qilib keladi, 1 yil oldingi hisob-kitoblarni ko‘rsatib, bu tizimni tubdan qayta ko‘rib chiqish kerak”, deya fikr bildiradi R.Umarova nomli akkaunt egasi.
Tez orada boshqaruv servis kompaniyalari faoliyatiga oid batafsil maqola e’tiboringizga havola etiladi.