Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Soxta sovchilarning “ovi”dan ehtiyot bo‘ling! Turmushga chiqmagan qizlarni chuv tushirib yurgan shaxsga jazo tayinlandi

1978 yilda Farg‘ona viloyatida tug‘ilgan, vaqtincha ishsiz, muqaddam sudlangan, oilali, ikki nafar farzandning otasi bo‘lgan Shokir Hakimov (maqoladagi ism-familiyalar o‘zgartirilgan) firibgarlikning yangicha usulini o‘ylab topdi. Yo‘q, u yuziga niqob ham taqmadi, internet tarmoqlarida allaqanday kalit so‘zlardan ham foydalanmadi. Balki, xushomadu tilyog‘lamalik qilish yordamida bir nechta ayollarning ishonchiga kirdi.

«Sizni ukamga so‘rab keldim...»

Toshkent shahridagi xususiy korxonalardan biriga kirib kelgan Shokir Hakimov jamg‘armada 1-toifali inspektor vazifasida ishlovchi Malika Qanoatovaning yoniga boradi. Dabdurustdan maqsadga o‘tib bo‘lmasligini yaxshi bilgan Hakimov avval qizga mulozamat ko‘rsatib, uning ishonchiga kirishga harakat qiladi. Oradan bir necha daqiqa o‘tib, Shokir tashrifi boisini ma’lum qiladi: «Sizni ukamga kelin qilmoqchimiz. Rostini aytsam, bu yerga kelganimning asl sababi ham shu!». Malikaning yuziga qizillik yugurgani, ko‘zlari yer chizayotganidan foydalangan Sh.Hakimov rejaning keyingi qismiga o‘tadi: «Yo‘q demasangiz, barmog‘ingiz o‘lchamini bilmoqchi edim. Mabodo qo‘lingizdagi mana bu uzukni yechib, menga berib turolmaysizmi?».

Shokirning gapiga laqqa tushgan qiz barmog‘idagi narxi 800 000 so‘mlik tilla uzukni yechib berib, ikki daqiqaga tashqariga chiqqan «sovchi»ning qaytishini kuta boshlaydi. Bu paytda esa tilla uzukni qo‘lga kiritgan Sh.Hakimov allaqachon voqea joyidan yashiringan edi.

Bir dona tilla uzukning puli qanchaga ham yetardi, yana «ov»ga chiqish kerak, deya xayol qilgan Sh.Hakimovning keyingi manzili poytaxt markazidagi tibbiyot kliniklaridan biri bo‘ldi. U bu yerda shu klinikaning tayanch doktoranti Lola Erkinovani nishonga oladi. Ammo bu safar u qarmoqni chuqurroq tashlashga ahd qildi. O‘zini Lolaning hayotidan xabari bor odamdek tutgan Sh.Hakimov unga uning turmushdan ajrashganini bilishi, oilaviy sharoitidan boxabarligini ma’lum qilib, ishonchiga kiradi. Sh.Hakimovning unga uylanmoqchi ekanini eshitgan Lola avvaliga bu gaplarga e’tibor qilmaydi. Shokirning o‘zi taqib olgan tilla zanjirga o‘xshash taqinchoq sovg‘a qilmoqchi ekanligini eshitgach, biroz yumshaydi. «Onam tashqarida kutib turibdi. Agar bo‘yningizdagi zanjirni berib tursangiz, ularga ko‘rsatib kelardim. Shunga o‘xshashini yasattirar edik», deb Lolaning narxi 3 000 000 so‘mlik tilla zanjirini qo‘lga kiritgan Sh.Hakimov tashqariga chiqqancha, qaytib qorasini ko‘rsatmaydi.

Ammo bu hali hammasi emas. «Sovchilik» operatsiyasini davom ettirgan Sh.Hakimov O‘zbek davlat sirkiga yo‘l oladi. Biroq uning maqsadi tomosha ko‘rish emas, balki ko‘rsatish edi.

O‘sha kuni u sirk yaqinidagi go‘zallik salonida farrosh vazifasida ishlab kelayotgan Gulnora Nig‘matovaning ish vaqti tugashini kutib turadi. So‘ng ayolni sirk binosi tashqarisida to‘xtatib, uning turmushga chiqmaganligi, oilaviy sharoitidan xabari borligini aytib, uylanmoqchi ekanini ma’lum qiladi. «Niyatim jiddiy. Agar mayli desangiz, telefoningizdagi rasmlarni anavi yerda meni kutib turgan onamga ko‘rsatib kelsam». Sodda Gulnora ustasifarang firibgarga chuv tushganini telefoni qaytib kelmagach, bildi.

«Turmushga chiqmagan qizlar bormi?»

Bilasiz, sovchilik jiddiy masala. Ammo shunisi ham borki, korxona yoki tashkilotlarga kimnidir so‘rab kelishsa, hamma yaxshi niyatda turmushga chiqmagan qizlar haqida ma’lumot beradi. Afsuski, o‘zini sovchi, deb tanishtirganlar orasida Sh.Hakimovga o‘xshagan firibgarlari ham bor ekan.

Sudda ko‘rsatma bergan Sh.Hakimov barchasiga iqror bo‘lib, Toshkent shahridagi turli idoralarga borib, o‘zi uylanmoqchi yoki ukasini uylantirmoqchi bo‘lgan odamdek tutib, turmushga chiqmagan, oilasidan ajrashgan xotin-qizlar haqida ma’lumot yiqqanini so‘zlab berdi.

Shokir Hakimov:

–  O‘sha yerda ishlovchi ayollar kim hali turmushga chiqmagani, kimning turmushi bo‘lmagani to‘g‘risida aytishar, so‘ng ulardan so‘rab, bilganlarimga ko‘ra, qizlar bilan tanishardim. Malika Qanoatovani ukangizga olib bersangiz bo‘ladi deyishgach, uning yoniga borib, gapga soldim. U bunday masalalarni ota-onasi hal qilishini aytdi. Men undan ota-onasining telefon raqamini oldim. So‘ng tashqarida onam kutib turganini aytib, o‘zini qanday tutishini kuzatdim. U tashqariga chiqmasligini aytgach, to‘y sovg‘asi sifatida uzuk yassattirmoqchi ekanim, ammo buning uchun uning barmoq o‘lchami kerakligini ma’lum qildim. Malika uzugini berishga rozi bo‘lmadi. Yana biroz gapga solib, ishonchiga kirganimdan so‘ng uzukni qo‘lga kiritdim.

Sh.Hakimovning ko‘rsatmasini eshitib, hayron qolasan kishi? Nahot, qizlar birinchi marta ko‘rib turgan odamiga shunchalik ishonishsa? Yoki pixini yorgan deganlari shunday bo‘larmikin-a?

«Ko‘rinishidan «afiristga» o‘xshamasdi»

Jabrlanuvchilardan biri Gulnora Nig‘matova qanday qilib, Sh.Hakimovning qarmog‘iga ilinganini so‘zlab berdi.

Gulnora Nig‘matova: - Ish vaqtim tugagach, hamkasbim bilan “Chorsu” bozoriga borish uchun tashqariga chiqdik. Bir payt ortimdan kimdir ismimni aytib chaqirdi va menda shaxsiy gapi borligini aytdi. O‘zini Izzat, deb tanishtirgan Sh.Hakimov yonimga kelib, turmushga chiqmaganim, oilaviy sharoitim, men haqimda bilganlarini so‘zlay ketdi. Menga uylanish niyati borligini aytganida, bu masalani bir o‘zim hal qilmasligimni qat’iy gapirdim. U esa «Rasmingizni bering, onamga ko‘rsataman, sizni yoqtirib qoldim», dedi. Uning samimiy so‘zlashi, o‘zini tutishi va ust-boshiga qarab, zarracha ham shubhaga bormadim. Rasmlarim telefonimda ekanini aytganimda, u apparatni berib tursam, sal narida turgan onasiga ko‘rsatib, qaytarib olib kelib berishini aytdi.

Sud temir panjarasiga begona bo‘lmagan Sh.Hakimov O‘zbekiston Respublikasi JKning 168-moddasi 3-qismi «b» bandi bilan aybli, deb topilib, JKning 57-moddasi qo‘llangan holda 5 yilga ozodlikdan mahrum etildi.

Farrux TO‘RAXO‘JAYeV,

jinoyat ishlari bo‘yicha Mirzo Ulug‘bek tumani sudi sudyasi

Dildora YuSUFBEKOVA,

jurnalist.