Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sport musobaqalarida samarqandliklar ham yetakchi

Dzyudo

Toshkent shahridagi “Humo arena”da dzyudo bo‘yicha “Katta dubulg‘a” musobaqasi o‘tkazildi.

Bellashuvda samarqandlik Davlat Bobonov faoliyatida ikkinchi bor “Katta dubulg‘a” musobaqalarining kumush medaliga sazovor bo‘ldi va o‘z hisobiga Tokio Olimpiadasi reytingi uchun 700 ochko qo‘shib qo‘ydi.

Shuningdek, aka-uka Sardor va Kemron Nurullayev ham o‘z vazn toifasida kuch sinashib bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

***

Qo‘l jangi

O‘zbekiston huquqni muhofaza qilish organlarining qo‘l jangi federatsiyasi tomonidan Termiz shahrida qo‘l jangi bo‘yicha “O‘zbekiston chempionati-2021” musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Unda 14-15 yoshdagi o‘g‘il bolalar, +18-21 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar va qizlar bellashdi. Yakunda viloyatimiz sportchilari 9 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi.

***

Badiiy gimnastika

Samarqand shahar 2-son bolalar-o‘smirlar sport maktabida o‘quvchi-qizlari o‘rtasida badiiy gimnastika bo‘yicha viloyat birinchiligi o‘tkazildi.

Musobaqada shahar va tumanlardan kelgan 200 nafardan ortiq o‘quvchi-qizlar o‘z mahoratlarini namoyish etib g‘oliblik uchun bahs olib bordi. Bellashuv yakunida 20 nafarga yaqin eng mahoratli qizlar saralab olindi.

***

“Ayollar spartakiadasi”

Samarqand shahrida O‘zbekiston kasaba uyushmalari Federatsiyasi tomonidan ishchi-xodimlar o‘rtasida jismoniy tarbiya va sportning ommaviyligini oshirish, ular o‘rtasida sog‘lom turmush tarzini targ‘ib etish maqsadida korxona, tashkilot va muassasalarda faoliyat ko‘rsatayotgan xotin-qizlar o‘rtasida an’anaviy viloyat “Ayollar spartakiada”si bo‘lib o‘tdi.

Unda ishtirokchilar sportning voleybol, stritbol, stol tennisi, shaxmat, shashka, yengil atletika va darts sport turlari bo‘yicha o‘zaro bellashdi.

Shuningdek, musobaqa davomida ko‘p yillardan buyon sport sohasida xizmat qilib kelayotgan samarqandlik 6 nafar sport faxriysi - Xushvaqt Kafiyev, Tolib Nazarov, Yelena Lapteva, Bahodir Rashidov, Hamroqul Rafiyev va Abdug‘ani Yunusovlarga “O‘zbekiston sport faxriysi” ko‘krak nishoni topshirildi.

***

Stol tennisi

"Sportni sev, sport bilan yasha!" shiori ostidagi festival doirasida Bulung‘ur, Jomboy, Ishtixon tumanida stol tennisi bo‘yicha sport musobaqasi bo‘lib o‘tdi.

Musobaqada umumta’lim maktablari o‘quvchilari hamda aholi vakillari, mahalla faollari qamrab olindi.

***

Sambo

Samarqand shahrida 15 yoshdan 20 yoshgacha bo‘lgan o‘g‘il bolalar o‘rtasida sambo bo‘yicha viloyat chempionati o‘tkazildi.

Musobaqada 230 nafardan ortiq sambochilar 24 vaznda bellashdi. Murosasiz kechgan bahs yakuniga ko‘ra, eng ko‘p medalga Toyloq olimpiya zaxiralari kolleji sportchilari ega chiqdi. Medal jamg‘arish bo‘yicha ikkinchi o‘ringa Samarqand shahridagi sport yakka kurashlari bo‘yicha ixtisoslashtirilgan bolalar-o‘smirlar sport maktabi tarbiyalanuvchilari sazovor bo‘ldi. Uchinchi o‘rin Samarqand olimpiya zaxiralari kolleji sambochilariga nasib etdi.

Husan Eltoyev,

G‘ayrat Tog‘ayev.