Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sportmi, vahshiylikmi?

Sim to‘siq o‘ralgan jang maydoni. Raqiblar bir-birini kurakda turmas so‘zlar bilan haqorat qilyapti. Tashqaridan “Uni yanchib tashla!”, degan hayqiriqlar eshitiladi. Va kutilgandek jang boshlandi... Maydondagi ikki mushakdor kishi vazifasiga ko‘ra bir-birini yuzing-ko‘zing demasdan ayovsiz zarbalar bilan “siylashga” tushdi. 

Anglagan bo‘lsangiz, mulohazamizni sportning MMA turi haqida yuritmoqchimiz.

Sport irodani toblaydi, intizom va maqsad sari yetaklaydi. U chin ma’noda sog‘lom hayot, go‘zallik yaratuvchisi. Ammo raqibini ayovsiz urib-tepib g‘alaba qozonish “san’ati”ni sport turi desak bo‘larmikin? Kimgadir tan jarohati yetkazish, urib mayib qilish va umriga zomin bo‘lishdek “o‘yin” turini siz nima deb atagan bo‘lardingiz?

Ijtimoiy tarmoqlarni kuzatsangiz, bu sport emas vahshiylikning o‘zi ekanligiga amin bo‘lasiz. Ushbu o‘yinda ayollarning ham ishtirok etayotganligi yanayam achinarli.

Raqiblarning olishuvi go‘yoki qadimgi Rimda uyushtirilgan gladiatorlar jangiga o‘xshaydi. Bu sport turidan inson qanday ijobiy fazilat o‘zlashtirishi mumkin? Qolaversa, muqaddas dinimizda ham har qanday zulm, zo‘ravonlik qat’iyan man etilgan-ku.

Bizningcha, sport insoniylikka mos bo‘lishi kerak. Nafis harakatlarni o‘ziga singdirgan badiiy gimnastika, shijoat va chiroyli xatti-harakatlarni namoyon etadigan futbol, xokkey, tennis, suzish va boshqa o‘yin turlari kabi odamlar sportchining mahoratidan zavqlansin, uning iqtidoriga tahsin aytsin.

Siz nima deysiz?

Abdug‘affor Abdurahmonov.