Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

SSV: O‘zbekistonda koronavirusga qarshi qat’iy choralar ko‘rilib, nazorat kuchaytirildi

Favqulodda vaziyatlar vazirligi Sog‘liqni saqlash vazirligi bilan hamkorlikda mamlakatimizga koronavirus infeksiyasining kirib kelishi va tarqalishining oldini olish yuzasidan videoselektor yig‘ilishini o‘tkazdi.

Yig‘ilishda Sog‘liqni saqlash vaziri Alisher Shadmonov koronavirus infeksiyasining O‘zbekistonga chetdan kirib kelishining oldini olish bo‘yicha tegishli tashkilot va idoralar bilan hamkorlikda amalga oshirilishi zarur bo‘lgan  vazifalar va belgilangan chora-tadbirlar haqida to‘xtalib o‘tdi.

Shuningdek, jahondagi epidemik vaziyatdan kelib chiqqan holda yurtimizda yuqumli kasalliklar, jumladan, koronavirus infeksiyasi kirib kelishining oldini olish maqsadida davlat chegaralaridagi mavjud 53 ta sanitariya-karantin punktlarida qat’iy nazorat o‘rnatish, bunda mutasaddi vazirlik va idoralarining yanada hushyorligini oshirish va tezkor ehtiyot choralarini ko‘rish masalalari yuzasidan aniq vazifalar belgilab olindi.

Sog‘liqni saqlash vazirligi jamoatchilik bilan aloqalar bo‘limi xabarida bo‘lib o‘tgan videoselektorda chegara-bojxona postlariga qo‘shimcha ravishda tegishli soha mutaxassislarini ajratib, ular tomonidan kasallik qayd etilgan mamlakatlar bilan bir qatorda uchinchi davlatlar orqali kelayotgan fuqarolarning yashash manzillarini aniq belgilab, ularni uyda yoki yotoq joylarida 14 kunlik karantinga olish tadbirlari qat’iy olib borilayotganligi ta’kidlandi.

Eslatib o‘tamiz, shu kungacha mamlakatimizda koronavirus infeksiyasi bilan bog‘liq birorta holat qayd etilmadi. Yurtimizda ushbu infeksiyaga qarshi zarur barcha ehtiyot choralari ko‘rilmoqda. Nazorat har qachongidan ham kuchaytirilgan. Shuning uchun vazirlik aholidan ortiqcha xavotirga tushmagan holda shaxsiy gigiyena qoidalarga qat’iy rioya qilib, o‘zini va yaqinlarini himoya qilishlari, alohida zarurat bo‘lmaganda esa xorijga vaqtinchalik chiqmasliklarini tavsiya qiladi.