Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Statuslar nima... deydi?

So‘nggi paytlarda bemaza qovunning urug‘iday urchib borayotgan bir-biridan g‘alati statuslar ijtimoiy tarmoqlarda to‘lib toshmoqda.

Keling, ana shunday keng tarqalgan, imlo xatolar va g‘aliz jumlalarga obdon «bo‘kkan» statuslarni biroz epaqaga keltirgan holda bir nechtasini e’tiboringizga havola etamiz: «Ilohi omin bizniyam pulimiz ko‘payib bosar­ tusarimizni bilmay qolaylik!», «Men dushmanlarimni sotmayman, tekinga berib yuboraman!», «Vujudimga qaltiroq kirib, yuragim tez-tez ursa, sevib qoldim deb o‘ylabman. Keyin bilsam, shamollab qolgan ekanman», «Hammasi jonimga tegdi, nima bo‘lsa bo‘lar, qo‘limga arqon olaman-da biror daraxtning ostiga boraman keyin.. keyin mazza qilib arg‘amchi uchaman», «Kimlardir meni hayotidan «udalit» qilib yuborganidan xursand... bilmaydiki, men ularni hali «soxranyat» qilib ham ulgurmagandim!», bu kabi yoziqlardan yana minglab misol keltirish mumkin. Gap shundaki, bu statuslarni aksar yoshlarning Netbook yoki Notebookida, zamonaviy qo‘l telefonlarining «Asosiy ekran» yorliqlarida bot-bot uchratishingiz mumkin! Bu «ibratli ibora»larning ijtimoiy tarmoqlardagi rasmlar yonidan joy olganligini ham ko‘p uchratganmiz.

Xo‘sh, bu kabi jargon aralash «ibratli ibora»lar yoshlarga nima beradi? Bir qarashda beozordek ko‘ringan, haqiqatga hamin qadar yaqin (ammo haqiqat emas), bu statuslar nimani targ‘ib qilayati?

Hech o‘ylab ko‘rganmisiz, siz bir kunda telefoningizga o‘rtacha necha marta e’tibor qaratasiz? Olimlarning ta’kidlashicha, odamlar hozirgi kunda Sensor telefonlarga «Nokia 1100» ga o‘xshagan ajdodlariga qaraganda 370 marotaba, simli telefon apparatlariga qaraganda esa, 500 marotabadan oshiq ko‘z tashlar ekan. «Asosiy ekran» yorlig‘ida turgan o‘sha statuslar foydalanuvchining ong ostiga qadar kirib bormagan deysizmi? Yo «ommaviy madaniyat» va salbiy qarashlarning izi ko‘rinmaydimi? Keling, yuqoridagi kabi ayrim statuslarni birgalashib, tahlil qilib ko‘ramiz: «Odamlarning gaplariga ishonmang, men undan ham yomonman», endi bu so‘zlarning miyada taxminiy sintezlanishi quyidagicha: «Meni yomonligimni hali ko‘rmabsanlar, endi ko‘rasanlar!» kinoya va qochiriq ostidagi bu statusning xulosasi «yomonlik yaxshi» degan fikrga turtki bo‘lmoqda. Bir bolaga yetti mahalla ota-ona maqolining atay buzilishi in’kosida shakl­langan «Bir bolaga yetti mahalla ota... Agar uning onasi o‘yinchi bo‘lsa!» statusi ochiq taxqir va kinoya ustiga qurilgan, bu yerda andishasizlik va behayolikni targ‘ib qilib kelmoqda. «Sevgingni uzoqdan qidirma, chunki aytishadi-ku, falokat oyoq ostida bo‘ladi deb» «ibora»si balog‘at ostonasida turgan yoshlarga bo‘lajak turmush o‘rtog‘i to‘g‘risida noto‘g‘ri fikrni shakllanishiga o‘zak bo‘lmoqda. Bu esa, jamiyatda oilaning parokandaligiga olib keladigan omillardan biridir. «Do‘stingga qarz berma, yo do‘stingdan, yo pulingdan ayrilasan!» statusi esa, hech kimga ishonmaslikni uqtirayapti. O‘zbekchilikda nafaqat do‘stning yaxshi-yomon kunida ko‘mak beriladi, balki xizmatida bel bog‘lab turiladi. Do‘st shuning uchun ham do‘st! «Onasi o‘pmagan, otasi so‘kmagan, akasi urmagan, bemahalda yurmagan, Sensor telefon ko‘rmagan, Internetni bilmagan, Odnoga ham kirmagan, jufti halolni Oltin baliqdan so‘rasam, u «jinnini yoqib» oldi, kulaverib o‘lib qoldi!» kesatiq-kinoyali statuslar jamiyatda ibo-hayoli, andishali, fikri buzilmagan, gapning sirasini aytganda, birov bilan gaplashmaydigan birorta ham qiz qolmaganligiga ishora qilayati. Gapning indallosi, bu kabi statuslar yoshlar ongini boshqarmoqda.

Ehtimol, bu statuslarning nimasi yomon, pashshadan fil yasaydi-da bu jurnalistlar deyayotgandirsiz. Unda psixolog Shahnoza Akromova fikrlariga quloq tuting.

– Chet el multfilmining birida shunday sahna bor: bekatda qaddi-qomati kelishgan qiz, shlyapa kiygancha gitara chalib qo‘shiq aytmoqda. Atrofida son-sonoqsiz yigitlar unga sevgi to‘la nigohlarini qadab o‘tirishibdi. Shu payt bekatda avtobus kelib to‘xtaydi. Uning ichida baqbaqaloq, kir-yag‘ir ko‘ylakdagi ayol bir-biridan be­zori bolalarini eplab ololmay qiynalib yotibdi. Avtobus jo‘nab ketdi, nigohimiz yana o‘sha bekatdagi go‘zal juvonga va uning atrofida terilib o‘tirgan yigitlarga tushadi. Chiroyli musiqa va sehrli qo‘shiq davom etadi. Buning xulosasi shuki, hali yozish-chizishni eplab bilmaydigan qizaloqlar ongiga, shunday ustalik bilan bir fikrni joylayapti «Erga tegma, semirasan, bolalaring umringni yeydi, undan ko‘ra bo‘y qiz bo‘lib, davron sur!» Albatta, bola bu axborotni ongli ravishda qabul qilmaganidek, aksar fikri noteran insonlarning miyasi ham bu g‘alati statuslarga befarq qaraydi. Besh qo‘l barobar bo‘lmaganidek, ijtimoiy tarmoqlardagi statuslarning ham hammasini yoppasiga yomonotliq qilib bo‘lmaydi. «Bu tong men ikkita sovg‘ani ochdim. Bular–mening ko‘zlarim», «Oddiy odam vaqtni qanday o‘tkazish haqida o‘ylasa, aqlli odam vaqtdan qanday foydalanish haqida o‘ylaydi», «Boshingga eng qiyin kunlar tushib, sen bardosh bera olmaydigan nuqtaga kelganda, aslo sabringdan voz kechma... ana shu nuqta taqdiringni o‘zgartiradigan nuqtadir» kabi statuslar ma’no va mazmun jihatdan kishini olg‘a chorlaydi.

Biroq ijtimoiy tarmoqlarda yarim yalang‘och rasmli bo‘y qizlarning beandisha so‘zlarni uyalmay-netmay yozib qo‘yishiga, ko‘cha-ko‘yda yoshlarning kattalarga «Assalomu alaykum» deganini kamdan kam uchrashiga, uchraganda ham quruqqina qilib «Salom» yoki «Solom alaykum», deb qo‘yishiga, kattalarning ta’biri bilan aytganda «Assalomu alaykum» – «Sizga sog‘lik tilayman» degan ma’noni anglatadigan so‘zni, «Solom alaykum» ya’ni «Sizga o‘lim tilayman» degan so‘zga aylanishida g‘alati statuslarning xizmati yo‘qmikan, siz nima deb o‘ylaysiz?!

Abdulla Chimirzayev.