Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"Stolbalar qamalgan" davrda 8 yilga kesilgan urgutlik sobiq tergovchi oqlandi

Tuman prokuraturasida tergovchi lavozimida faoliyat yuritgan Otabek Majidov kutilmaganda adolatsizlikka uchrab, nohaqlikning achchiq ta’mini tatib ko‘rdi. Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi kassatsiya instansiyasining yaqinda bo‘lib o‘tgan ochiq sud majlisida unga qo‘yilgan ayblovlar tasdiqlanmadi va u oqlandi.

Sudning hukmida qayd etilishicha, O.Majidov tuman prokuraturasi tergovchisi lavozimida ishlash davrida, 2011 yil dekabr oyining boshlarida ish yurituvida bo‘lgan ta’lim va fan xodimlari Urgut tumani birlashgan kasaba uyushmalari qo‘mitasi mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlarini amalga oshirgan.

Tergov davomida u kasaba uyushmalari qo‘mitasi bilan moliyaviy aloqada bo‘lgan «Obod maskan quruvchi» mas’uliyati cheklangan jamiyatining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik evaziga ushbu korxonalarni boshqargan Samarqand shahridagi «Yosh turistchilar» mehmonxonasi ijrochi direktori F.Sayfullayev (ism-shariflar o‘zgartirildi) dan tamagirlik yo‘li bilan 300 AQSh dollarini pora tariqasida olganlikda ayblangan.

Bundan tashqari? O.Majidov takroran o‘zining jinoiy harakatlarini davom ettirib, 2011 yil dekabr oyining boshlarida ish yurituvidagi Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari tuman birlashgan kasaba uyushmalari qo‘mitasi mansabdor shaxslariga nisbatan qo‘zg‘atilgan jinoyat ishi bo‘yicha tergov harakatlarini amalga oshirish davomida Ta’lim, fan va madaniyat xodimlari kasaba uyushmasi Samarqand viloyati kengashining mansabdor shaxslariga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik evaziga viloyat kengashi raisi J.Isoqjonovdan 300 AQSh dollarini vositachi F.Sayfullayev orqali tamagirlik yo‘li bilan pora tariqasida olganlikda ayblangan.

Shu o‘rinda sudlanuvchiga tayinlangan jazo miqdoridan o‘quvchini xabardor etadigan bo‘lsak, O.Majidov Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi (eski tahrirdagi) «b» bandi bi¬lan Jinoyat kodeksining 45, 57-moddalari qo‘llanib, uch yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash huquqidan mahrum etilgan. Sud unga nisbatan sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum qilishga hukm chiqargan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudi kassatsiya instansiyasining 2015 yil 10 dekabrdagi ajrimi bilan sud hukmining O.Majidovga oid qismi o‘zgartirilgan. Sudlanuvchining jinoiy harakatlari Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «a», «v» bandlariga qayta malakalanib, Jinoyat kodeksining 45-moddasi qo‘llanilib, uch yil mansabdorlik va moddiy javobgarlik lavozimlarida ishlash muayyan huquqidan mahrum qilingan holda sakkiz yil muddatga ozodlikdan mahrum etish jazosi tayinlangan. 2012 yil 5 dekabr, 2013 yil 12 dekabr va 2014 yil 14 noyabrdagi amnistiya aktlariga muvofiq, asosiy jazoning o‘talmagan qismi uchdan bir qismiga qisqartirilgan.

Sobiq tergovchi o‘zining asossiz sudlangani haqida vajlarni keltirib, o‘tgan yili Oliy sudga nazorat tartibida shikoyat bilan murojaat qildi. Oliy sudning Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlov hay’ati uning shikoyatidagi vajlarni o‘rganib chiqib, viloyat sudi kassatsiya instansiyasining 2015 yil 10 dekabrdagi ajrimini bekor qildi va jinoyat ishini yangidan kassatsiya instansiyasida ko‘rish uchun yubordi.

Viloyat sudi kassatsiya sudlov hay’ati shikoyatdagi vajlarni jinoyat ishi hujjatlari bilan tahlil qilib, sud hukmining O.Majidovga oid qismini bekor qilish va uni aybsiz deb topib, oqlashni lozim topdi.

Xo‘sh, sobiq tergovchining oqlanishiga sabab bo‘lgan huquqiy asoslar nimalardan iborat?

Bu o‘rinda birinchi galda Jinoyat kodeksining 9-moddasiga to‘xtalish o‘rinlidir. Chunki kodeksning ushbu moddasida shaxs qonunda belgilangan tartibda aybi isbotlangan ijtimoiy xavfli qilmishi uchungina javobgar bo‘lishi belgilangan.

Shuningdek, amaldagi Jinoyat protsessual kodeksining 22-moddasida surishtiruvchi, tergovchi, prokuror va sud jinoyat yuz berganligini, uning sodir etilishida kim aybdorligini, shuningdek, u bilan bog‘liq barcha holatlarni aniqlashi shartligi, ish bo‘yicha isbotlanishi lozim bo‘lgan barcha holatlar sinchkovlik bilan, har tomonlama, to‘la va xolisona tekshirib chiqilishi, ishda yuzaga keladigan har qanday masalani hal qilishda ayblanuvchini yoki sudlanuvchini ham fosh qiladigan, ham oqlaydigan, shuningdek, uning javobgarligini ham yengillashtiradigan, ham og‘irlashtiradigan holatlar aniqlanishi va hisobga olinishi shartligi belgilab qo‘yilgan.

Shu kabi protsessual qonun mezonlari ushbu kodeksning 112-moddasida ham aniq-tiniq belgilab qo‘yilgan. Mazkur moddaga muvofiq, gumon qilinuvchining u sodir etgan jinoyat haqidagi ko‘rsatmalari va ayblanuvchining o‘z aybiga iqror bo‘lishi, bu iqror bo‘lish mavjud dalillar majmui bilan tasdiqlangan taqdirdagina uni ayblash uchun asos qilib olinishi, gumon qilinuvchi va ayblanuvchining bergan ko‘rsatmasi bilan aniqlangan holatlar, ayblanuvchi o‘z aybiga iqror bo‘lgan taqdirda ham, o‘zining aybdor ekanligini inkor qilgan taqdirda ham ishning hamma holatlari bilan bog‘langan holda boshqa dalillar kabi tekshirib chiqilishi va baholanishi lozim.

Bu haqida fikr yuritganda, Oliy sud plenumining 2004 yil 24 sentyabrdagi «Dalillar maqbulligiga oid jinoyat-protsessual qonuni normalarini qo‘llashning ayrim masalalari to‘g‘risida»gi qarori 1-bandida ham tegishli rahbariy tushuntirishlar berilganini ta’kidlash lozim.

Endi sudlangan O.Majidov masalasiga qaytadigan bo‘lsak, birinchi bosqich sudi yuqorida keltirilgan moddiy va protsessual qonunlar talabi hamda Oliy sud plenumi qarorlari rahbariy tushuntirishlariga rioya etmagan. O.Majidovni ayblash uchun faqatgina guvohlar F.Sayfullayev va J.Isoqjonovning ko‘rsatmalarini asos qilib olgan. Ammo guvohlarning ko‘rsatmalari ish bo‘yicha to‘plangan va sudda aniqlangan qaysi maqbul dalillar bilan tasdiqlanishi asoslab berilmagan.

Sud hukmida O.Majidov F.Sayfullayev va J.Isoqjonovga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atmaslik evaziga F.Sayfullayev orqali 2011 yil dekabr oyining boshlarida 600 AQSh dollarini pora tariqasi olganlikda aybdor deb topilgan.

Biroq bu shaxslardan pora talab qilinganligi haqida audio yoki video yozuvlar, shuningdek, boshqa moslamalar orqali olingan dalillar bilan O.Majidovning aybi isbotlanmagan.

Jinoyat ishi hujjatlarida O.Majidovning aybiga iqrorlik hamda boshqa shaxslarning unga pora berganlik haqidagi ko‘rsatmalaridan tashqari Bosh prokuratura, Oliy sud, MXX va IIV tomonidan 2014 yil 23 iyun kuni tasdiqlangan «Poraxo‘rlik jinoyatlari haqidagi ariza va xabarlarni ko‘rib chiqish, bu toifadagi jinoyat ishlarini tergov qilish va sudda ko‘rishda qonun talablariga rioya qilinishini ta’minlash bo‘yicha» qo‘shma ko‘rsatmada belgilangan shaxsga nisbatan ayb e’lon qilishga asos bo‘lgan ob’yektiv dalillar majmuini tashkil etuvchi biron-bir aniq mezon mavjud emas.

Kassatsiya sudlov hay’ati jinoyat ishidagi faqatgina iqrorlik ko‘rsatmalari hamda shubha va gumonlardan iborat holatlar O.Majidovni jinoyatni sodir etganlikda ayblash uchun asos bo‘lolmaydi, degan aniq to‘xtamga keldi. Bunday holatda sud hukmining O.Majidovga oid qismini qonuniy, asosli va adolatli deb bo‘lmaydi.

Sudlov hay’ati ajrimi bilan O.Majidov Jinoyat kodeksining 210-moddasi 3-qismi (eski tahrirdagi) «b» bandida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etmagan deb topilib, Jinoyat protsessual kodeksining 83-moddasi 2-bandiga asosan oqlandi.

Bahodir Aliqulov,

Samarqand viloyati sudi sudyasi,

Abduhamid Xudoyberdiyev,

jurnalist.