Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sudyalar ko‘rib chiqishi og‘ir bo‘lgan masala – bu ajrashtirish

Kelishmovchiliklarning ba’zilari nafaqat oila buzilishiga, hatto yozishga ham arzimaydi. Ammo da’vogarning xulosasi qat’iy: hayot meniki bo‘lgach, siz nima deysiz, yashab bo‘lmaydi bu inson bilan.

Ehtimol, u haqdir. Ammo nega oila a’zolari bunday vaziyatga kelib qolish sababini tahlil qilmaydi, o‘zlarini taftish qilmaydi? Bu ish bilan mahalladagi mutaxassislar, «Oila» markazi vakillari va boshqa jamoatchilik tashkilotlari shug‘ullanmoqda. Hatto oilaviy ajralishlarning oldini olish maqsadida O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi va Respublika Xotin-qizlar qo‘mitasi o‘rtasida o‘zaro hamkorlik to‘g‘risida memorandum asosida oilalar mustahkamligini ta’minlash va voyaga yetmagan bolalar huquqlarini himoya qilish borasida amalga oshiriladigan chora-tadbirlar dasturi ham tuzildi.

Ushbu dastur ijrosiga ko‘ra, yaqinda Samarqandda keng jamoatchilik vakillari, oilasida muammosi bor fuqarolar ishtirokida uchrashuv bo‘lib o‘tdi. Yig‘ilishda O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyalari, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi, viloyat xotin-qizlar qo‘mitasi vakillari, mutaxassislar qatnashdi. Quyida davra suhbati ishtirokchilarining mazkur masala bo‘yicha fikrlarini havola etamiz.

Gavhar ALIMOVA, viloyat hokimi o‘rinbosari, xotin-qizlar qo‘mitasi raisi:

- Oilalar ajrashishi bilan bog‘liq masalalarda shunchalik ko‘p muammolar mavjudki, ularning har biri alohida o‘rganish, tushunishni talab etadi. Afsuski, keyingi paytlarda uchinchi inson, nafaqat uchinchi, balki to‘rtinchi, beshinchi kishi aralashuvi bilan oilalar ajrashish ostonasiga kelib qolyapti. Yosh oila yashamoqchi, ammo yoshi kattalarning kelishmovchiligi ularning tinchligiga raxna solmoqda. Bunday holatlar uchraganda, hatto kelishmovchilikka sabab qaynona bo‘lsa-da, unga tegishli choralar ko‘rilishi mumkin. Sababi, joylarda kelinga tazyiq o‘tkazayotgan,  uni oilada yashab ketishiga imkon bermayotgan onalar ham uchrayapti. O‘z navbatida, oilaning mas’uliyatini bo‘yniga olmayotgan yoshlar ham bor. Bu muammolarning oldini olishda samarali ishlar olib borilyapti. Ammo muammo gazak olmasdan uning oldini olish lozim.

Gulnora PARPIYeVA, O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi sudyasi:

- Yaqinda O‘zbekiston Respublikasi Oila kodeksining 15-moddasiga o‘zgartirish kiritildi. Unga asosan 2019 yil 1 sentyabrdan boshlab nikoh yoshi erkaklar va ayollar uchun 18 yosh etib belgilandi. Bunday o‘zgartirishni amalga oshirishga sabab bo‘luvchi omillar juda ko‘p. Birinchidan, qonunchiligimizda 18 yoshgacha bo‘lgan shaxslar voyaga yetmagan hisoblanishi bo‘lsa, so‘rovlar, oila instituti tadqiqoti natijalariga ko‘ra, erta turmush tufayli kelib chiqadigan kelishmovchiliklarning ko‘pligidir. O‘zbekiston Respublikasi davlat statistikasi qo‘mitasining hisobotlariga nazar tashlaydigan bo‘lsak, birgina, 2018 yil davomida voyaga yetmagan 18 yoshgacha nikohdan o‘tgan ayollarning soni respublikamiz miqyosida 4786 nafarni tashkil etsa, shundan 1742 tasi (36,3 foizi) Samarqand viloyatiga to‘g‘ri kelgan.

Statistik tahlillar shuni ko‘rsatmoqdaki, oilasi parokandalikka yuz tutgan shaxslarning aksariyati nosog‘lom turmush kechirishga odatlangan. Tabiiyki, bu uning salomatligi, xulq-atvoriga salbiy ta’sir ko‘rsatmasdan qolmaydi. Yana ham aniqrog‘i, yolg‘iz yashash oqibatida ichkilikni, tarallabedod hayot kechirishni odat qilgan shaxslar ko‘pgina hollarda turli huquqbuzarlik sodir etishdan, jamiyatda o‘rnatilgan axloq-odob qoidalariga rioya etmaslikdan o‘zini tiya olmaydi, o‘zining xatti-harakatini nazorat qilishni susaytirib yuboradi. Qolaversa, farzandidan alohida turmush kechira boshlagan ota yoki ona zimmasidagi mas’uliyatni ham sekin-asta unutadi.

Oqibatda voyaga yetmagan bolalarning moddiy ta’minoti uchun aliment undirish bilan bog‘liq muammo yuzaga keladi. Bunday ko‘ngilsiz holatlarning oldini olish va bartaraf etish uchun oilalarning barbod bo‘lishiga yo‘l qo‘ymaslik, ajrashishlarning sabablarini aniqlash va nizolarni tinch yo‘l bilan hal etish yuzasidan muayyan chora-tadbirlarni amalga oshirish lozim.

Bayramali NOROV, fuqarolik ishlari bo‘yicha viloyat sudi raisi vazifasini bajaruvchi:

- Ajrashish arafasida turgan oilalarni yarashtirish, yuzaga kelgan nizolarni tinch yo‘l bilan bartaraf etish borasida fuqarolik ishlari bo‘yicha sudlar hamda har bir mahalla fuqarolar yig‘ini qoshida tashkil etilgan yarashtiruv komissiyalari tomonidan zarur chora-tadbirlar amalga oshirilmoqda.

Xususan, 2019 yilning 9 oyi mobaynida fuqarolik ishlari bo‘yicha Samarqand viloyati sudlari tomonidan nikohdan ajratish bilan bog‘liq 4011 nizo ko‘rilgan bo‘lib, shundan 2183 ta oila yarashtirish imkoni bo‘lmagani tufayli nikohdan ajratilgan. 1354 ta nizo rad etilgan, 206 ta nizo tugatilgan, 268 tasi ko‘rilmasdan qoldirilgan.

Nikohdan ajratish bo‘yicha sudga murojaat qilishning asosiy sabablari tahlil qilinganda oilaviy kelishmovchilik 2172 ta, moddiy jihatdan qiynalganlik 349 ta, farzandsizlik 204 ta, spirtli ichimliklarni suiiste’mol qilish 111 ta, boshqa sabablar 1175 tani tashkil qilishi ma’lum bo‘ldi. Bundan tashqari, mazkur arizalar bilan sudga murojaat qilganlarning ko‘p qismi yosh oilalar, xususan, 18 yoshdan 25 yoshgacha ekanligi kuzatiladi.

26 yoshdan 35 yoshgacha 1858 ta, 35 yoshdan yuqori esa 759 ta arizalar sudga kelib tushgan. Sudlar tomonidan taraflarning yarashishlari uchun ko‘rilgan choralar, xususan, mahallalar, xotin-qizlar qo‘mitasi bilan hamkorlikda olib borilgan tushuntirish ishlari, sayyor sud majlislarida ajrashishning haqiqiy sabablarini aniqlash borasida olib borilgan ishlari natijasida 155 oila yarashishiga erishilgan.

Achinarlisi, sudlarimiz tomonidan 2019 yilning 9 oyi davomida oilalarni yarashtirish imkoni bo‘lmagani tufayli nikohdan ajratilgan 2183 ta oilaning 491 ta voyaga yetgan va 2394 ta voyaga yetmagan farzandlari qaysidir ma’noda otasiz yoki onasiz qolganligini kuzatishimiz mumkin. Shuni alohida ta’kidlashni istardim, sudyalar o‘nta ishni ko‘rib chiqib, qonun doirasida darhol xulosa berishi mumkin. Ammo farzandni ota yoki onada qoldirish bilan bog‘liq ishlarni ko‘rish kishiga juda azob beradi. Go‘yo et bilan tirnoqni ajratayotganday qiyin vaziyatga tushamiz.

Davra suhbati so‘nggida ajrashib ketish arafasida bo‘lgan 20 oila a’zolari bilan suhbat olib borildi, 6 oila yarashtirildi. Yig‘ilish ishtirokchilariga O‘zbekiston Respublikasi Oliy sudi tomonidan oilaviy ajrimlarning oqibatlari yuzasidan ishlangan hayotiy videorolik namoyish etildi.

Gulruh MO‘MINOVA.