Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Sudyalar oliy kengashi kimga bo‘ysunadi?

Aksariyat hollarda shunday o‘rinli savollar tug‘iladi. Bu masala O‘zbekiston Respublikasi Konstitutsiyasi aniq ko‘rsatib qo‘yilgan. Xususan, Asosiy qonunimizning 111-moddasida “O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi sudyalar hamjamiyatining organi bo‘lib, u O‘zbekiston Respublikasida sud hokimiyatining mustaqilligi konstitutsiyaviy prinsipiga rioya etilishini ta’minlashga ko‘maklashadi.

O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashini tashkil etish va uning faoliyati tartibi qonun bilan belgilanadi” deb mustahkamlangan.

 Ayni shu norma asosida joriy yilning 21 sentyabrida «O‘zbekiston Respublikasi Sudyalar oliy kengashi to‘g‘risida»gi O‘zbekiston Respublikasi Qonuniga o‘zgartish va qo‘shimchalar kiritish haqida”gi Qonun qabul qilindi.

Avvalo, qonun bilan Sudyalar oliy kengashi tarkibidan huquqni muhofaza qiluvchi organlar vakillari chiqarildi. Bu tabiiyki, sudyalar tayinlovining xolisligini, mustaqilligini ta’minlaydi. Negaki, Kengashning fuqarolik jamiyati institutlari hamda huquq sohasidagi yuqori malakali mutaxassislaridan iborat yetti nafar a’zosi o‘z faoliyatini jamoatchilik asosida amalga oshirishi qonun bilan mustahkamlandi.

Shuningdek, Kengashning asosiy vazifalari kengaytirilib, unga:

- sudyalar daxlsizligi buzilishi va ularning odil sudlovni amalga oshirish borasidagi faoliyatini biron-bir tarzda aralashuvdan samarali himoya qilish;

- sudyalar orasida korrupsiya holatlarining oldini olish va ularni barvaqt aniqlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;

- sud tizimida aniqlangan har bir korrupsiya holatini ko‘rib chiqish va prinsipial baholash;

- kengashning hamda sud tizimining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash bo‘yicha chora-tadbirlar ko‘rish;

- rahbar sudyalik lavozimlariga ko‘rsatish uchun munosib sudya kadrlarni tanlab olish, shuningdek ularni rag‘batlantirish va mukofotlash masalasi yuzasidan tashabbus ko‘rsatish kabi qator vazifalari yuklandi.

Albatta, mazkur normalar kengash hech kimga bo‘ysunmaydi yoki hisob bermaydi, degani emas. Qonunda Kengash raisining sud hokimiyati mustaqilligini, sudyalar daxlsizligini ta’minlashga va odil sudlovni amalga oshirishga to‘sqinlik qilayotgan omillar, shuningdek, sud tizimida korrupsiyaga qarshi kurashishning holati to‘g‘risida O‘zbekiston Respublikasi Prezidentiga yil yakunlari bo‘yicha axborot taqdim etishi belgilandi.

Umuman, Kengashning hamda sud tizimining faoliyatida ochiqlik va shaffoflikni ta’minlash sudyalar oliy Kengashining asosiy vazifasi sifatida belgilandi.

Qonunga ko‘ra, Sudyalar oliy kengashida korrupsiyaga qarshi kurashish vazifasi yuklatilgan o‘rinbosar lavozimi hamda Sudyalar daxlsizligini ta’minlash va korrupsiyaning oldini olish bo‘yicha sud inspeksiyasi tashkil etiladi.

 Farrux Samatov,

jinoyat ishlari bo‘yicha Samarqand shahar sudi sudyasi.