Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Surunkali yomg‘ir, sel, toshqin oqibatlari qanday bartaraf etilyapti?

Viloyat Matbuot uyida jurnalistlar va blogerlar uchun tashkil etilgan anjumanda viloyat favqulodda vaziyatlar boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari Umid Ahrorov shu savolga javob berdi. Toshqin, sel va ko‘chki hodisalari bilan bog‘liq favqulodda vaziyatlarning oldini olish va oqibatlarini bartaraf etish to‘g‘risida gapirdi.

- 2-3 kundan beri tinimsiz yog‘ayotgan yomg‘ir viloyatimizning ayrim hududlarida sel va toshqinlarni keltirib chiqardi, - deydi Umid Ahrorov. – Bunday holat Urgut, Bulung‘ur, Qo‘shrabot, Oqdaryo, Past Darg‘om tumanlari, shuningdek, Samarqand va Kattaqo‘rg‘on shaharlarida kuzatildi. Mavsumning yog‘ingarchilik davrida kutilmagan hodisalarini oldini olish maqsadida viloyatda tezkor shtablar tashkil etildi.

Viloyatning sel kelish xavfi mavjud bo‘lgan Urgut tumanida 8 ta, Samarqand tumanida 2 ta, Nurobod tumanida 4 ta va Qo‘shrabot tumanida 3 ta, jami 17 ta nazorat-kuzatuv postlari tashkil etilib, barchasi aloqa vositalari bilan ta’minlandi. Favqulodda vaziyatlar va ichki ishlar boshqarmalari bilan ushbu postlar o‘rtasida tezkor vaziyat bo‘yicha muntazam aloqa almashinuvi yo‘lga qo‘yildi.

Viloyat gidrometeriologiya markazi tomonidan 11-16 mart kunlari surunkali yomg‘ir yog‘ishi ayrim hududlarda sel va toshqinlarni keltirib chiqarishi mumkinligi haqida ma’lumotlar tarqalgan edi. Shu sabab mutasaddi tashkilotlar tomonidan zarur choralar ko‘rib qo‘yilgan.

Ayni paytda tezkor shtablarga sel bosgan hududlarda yashovchi aholi tomonidan kuniga yigirmadan ziyod murojaat qabul qilinyapti. Jumladan, 15 mart kuni Samarqand shahridagi "Shodiyona", "Sug‘diyona" kabi mahallalar, Kimyogarlar shaharchasida joylashgan 7 ta ko‘cha, 8 ta xonadonni suv bosdi. Ayrim ko‘p qavatli uylarning yerto‘lalari ham suvga to‘lgan. Shuningdek, Bulung‘ur tumanidagi Amir Temur nomli, Kattaqo‘rg‘on tumanidagi "Moybuloq", Oqdaryo tumanidagi "Bozorjoy" hamda Past Darg‘omdagi qator mahallalardagi ko‘cha va yo‘llar, xonadon va tomorqalarga suv chiqib ketganligi ma’lum bo‘ldi. Suv yo‘lida joylashgan xonadonlarda yashovchilar xavfsiz joyga olib chiqilib, ularga shart-sharoitlar yaratildi.

-  Yuz bergan vaziyatni o‘z vaqtida bartaraf etish hamda aholi xonadonlariga talafot yetkazmaslik maqsadida boshqarmamizda 10 ta maxsus guruh tashkil etilgan, - deydi U.Ahrorov. – Hozirgacha suv bosgan ko‘cha va yo‘llar, 10 dan ziyod xonadon va yerto‘lalarda to‘planib qolgan suvlar chiqarib tashlandi. Hozirgacha birorta fuqaroning hayoti va salomatligiga zarar yetkazilmadi.