Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

“Suyunchi puli”ni olish tartibi qanday?

Xalq tilida “Suyunchi nafaqasi” deb ataladigan bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa amaldagi qonunchilikka muvofiq har bir tug‘ilgan farzand uchun to‘lab beriladi.

Pensiya jamg‘armasi bergan ma’lumotga ko‘ra, bola tug‘ilganda beriladigan bir martalik nafaqa summasi - mehnatga haq to‘lashning eng kam miqdorining 70,3 foizi deb belgilangan. Ya’ni hozirgi kunda 688 940 so‘mni tashkil etadi.

Suyunchi nafaqasini olish uchun qayerga murojaat qilish kerak?

Aholiga ko‘rsatilayotgan xizmatlar sifatini oshirish, bunda fuqarolarning ovoragarchiliklarini bartaraf etish maqsadida “suyunchi nafaqasi”ni tayinlash bo‘yicha xizmatlar 2020 yildan boshlab, fuqaroning murojaatisiz kompozit shaklida amalga oshirilmoqda.

Ya’ni, bugungi kunda bola tug‘ilganda bolaga beriladigan familiya, ism va ota ismi, ota-ona va ularning nikohi, bola ro‘yxatga qo‘yiladigan poliklinika va ichki ishlar bo‘limi, navbatga qo‘yiladigan davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti haqidagi barcha ma’lumotlar tibbiyot muassasasi (tug‘ruqxona, shifoxona tug‘ruq bo‘limi, oilaviy poliklinika) tomonidan «Tug‘ilish va o‘limni, shu jumladan perinatal o‘limni elektron ro‘yxatga olish» avtomatlashtirilgan axborot tizimiga kiritiladi.

Pensiya jamg‘armasi tomonidan barcha zarur ma’lumotlar tibbiyot muassasasi va FHDYo axborot tizimlaridan elektron shaklda olingan holda “Suyunchi” nafaqasi avtomatik ravishda tayinlanadi.

Bunda, bolaning otasi yoki onasi Pensiya jamg‘armasiga murojaat qilmasdan to‘g‘ridan-to‘g‘ri Xalq bankining istalgan filialiga murojaat qilish orqali “suyunchi” nafaqasini olish imkoniyati yaratilgan. Bundan tashqari, fuqaroning xohishiga ko‘ra ushbu nafaqalar Xalq bankiga ham murojaat qilmasdan ularning bank kartasiga yuklab berilishi mumkin.

Ma’lumot uchun: bola tug‘ilgandan boshlab 6 oy muddat ichida bir martalik nafaqa pulini olish uchun Xalq bankining istalgan filialiga murojaat qilish mumkin.

Nafaqa tayinlash va to‘lash jarayonlari osonlashtirilganligi natijasida ushbu nafaqani oluvchilar soni oshdi. Misol uchun, statistik ma’lumotlarga muvofiq, 2022 yilda tug‘ilgan bolalar soni 932,2 mingtani tashkil etgan bo‘lsa “suyunchi” nafaqasi 922,4 ming nafariga (yoki 98,9foiz) to‘lab berilgan. Taqqoslash uchun: 2018 yilda tug‘ilgan bolalar soni 768,5 ming nafarni tashkil etib, “suyunchi” nafaqasini olish uchun 681,7 ming nafar (yoki 88,7 foiz) murojaat qilgan.