Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tabiatni asrash faqat ekologlar vazifasi emas, jamoatchilik ishi

Bu haqda viloyat Matbuot uyida Samarqand viloyati ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i Alisher Raimjonov ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi.

Boshqarma boshlig‘ining aytishicha, joriy yilning birinchi yarmida huquqbuzarliklarning oldini olish bo‘yicha o‘tkazilgan profilaktika tezkor-reyd tadbirlarda 2884 nafar mansabdor shaxs va fuqarolarga 1 milliard 578 million so‘m jarima solinib, 1 milliard so‘mdan ortig‘i undirilgan. 172 holatda tabiatga 407 million 514 ming so‘m zarar yetkazilgani aniqlanib, 127 nafar fuqaro va mansabdor shaxslardan 366 million 706 ming so‘m undirildi. 

Viloyat hududidagi ikkilamchi xomashyoni 20 ta qabul qilish shoxobchasining 8 tasi noqonuniy faoliyat ko‘rsatayotgani sababli yopilgan.

Jinoyat ishlari bo‘yicha sudlar tomonidan 7 nafar mansabdor shaxsga 20 million 605 ming so‘m jarima jazosi tayinlangan. 3 nafaridan 3 million 675 ming so‘m jarima summasi davlat foydasiga undirilgan.

Yuqoridagi raqamlar va summalarni o‘qib, biroz ensangiz qotgandir. Ammo bu biz yashayotgan jamiyatda, tabiatda kuzatilayotgan jarayon. 

Boshqarma boshlig‘ining “Tabiatni asrash faqat ekologlar vazifasi emas, balki jamoatchilik ishi” degan gapida jon bor.

E’tibor bering, mansabdor shaxs jumlasi berilyapti. Nahotki ular qonunni, qoidani, bugungi kun talabini bilsa-da unga amal qilmayapti? Balki jarima qo‘llash bilan kifoyalanmasdan, ularni jamoatchilik oldida hisob berishga chaqirish vaqti kelgandir.

Boshqarma xayrli ishga ham bosh bo‘lgan. 2021 yil bahorgi ko‘chat ekish mavsumida viloyatning shahar va tuman markazlari va aholi punktlari, avtomobil yo‘llari chetiga, fermer ho‘jaliklari yer maydonlari atrofida 12 mingga yaqin ko‘chat ekilibdi. 

Bu albatta quvonarli. Lekin joylarda daraxt kesilishi, tabiatga ziyon yetishining oldini olishda sizu biz birdamlikda harakat qilishimiz lozim.

Husan Eltoyev.