Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tadbirkor muammosi Prezident bilan muloqotgacha hal etildi

Yaqin kunlarda davlatimiz rahbarining tadbirkorlar bilan muloqoti o‘tkazilishi rejalashtirilgan.

Ayni paytda mazkur uchrashuv oldidan virtual qabulxona, ishonch telefonlari, ijtimoiy tarmoqlar hamda respublika va joylarda tashkil etilgan shtablar orqali tadbirkorlarning murojaatlari qabul qilinmoqda.

Toyloq tumanidagi “SHAYMANOV SHEXROZ BOG‘I NUR” fermer xo‘jaligi boshlig‘i Tohir Xolmatov ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti bilan ochiq muloqotda ishtirok etish uchun tadbirkor va investorlarning murojaatlarini qabul qilish va tahlil etish bo‘yicha respublika shtabiga chiqib, fermer xo‘jaligi yer maydonlari hamda chegarasiga aniqlik kiritish yuzasidan masalasi borligini ma’lum qilgan.

Ushbu murojaat Kadastr agentligining tuman bo‘limiga yo‘naltirilgach, bo‘lim mutaxassislari tomonidan o‘rganilib, muammo shu yerning o‘zida hal etildi. Fermer xo‘jaligining tuman hokimi qarorida ko‘rsatilgan dala konturlari ushbu hududning qishloq xo‘jaligi xaritasi asosida belgilanib, chegara nuqtalariga aniqlik kiritib berildi.

Narpay tumani Qorasiyroq qishlog‘ida yashovchi Muxtor Ergashev ham O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining ishonch telefoniga murojaat qilib, tadbirkorlik qilish maqsadida “E-auksion” orqali sotib olgan bo‘sh yer uchastkasini o‘lchab berish bo‘yicha yordam so‘ragan. Mazkur murojaat ham davlat kadastrlari palatasining Narpay tumani filiali mutaxassislari tomonidan joyida o‘rganilib, yer maydoni o‘lchab berildi.

Umuman, Prezident bilan ochiq muloqotda ishtirok etish uchun respublika shtabiga Samarqand viloyatidan tushgan murojaatlarning 101 tasi Kadastr agentligi viloyat boshqarmasi boshqarma vakolatiga taalluqli bo‘lib, shu paytgacha 94 ta murojaat joyida o‘rganildi va 60 tasi ijobiy xal etildi.

Bundan tashqari, joriy yil boshidan buyon agentlik viloyat boshqarmasi va uning tuman bo‘limlariga jismoniy va yuridik shaxslardan 1576 ta murojaat kelib tushgan. Bu murojaatlarning 789 tasi O‘zbekiston Respublikasi Prezidenti virtual qabulxonasi hamda veb sayti orqali tushgan bo‘lsa, Bosh vazir qabulxonasidan 190 ta, Bosh prokuraturaning ishonch telefoni orqali 25 ta, viloyat hokimining telegramm messenjeri orqali 286 ta masala qayd etilgan. Bundan tashqari, agentlik orqali va joylarda o‘tkazilgan sayyor qabullar davomida 260 ga yaqin murojaat kelib tushgan. Ushbu murojaatlarning 556 tasi ijobiy hal etilib, 1020 tasi bo‘yicha yuridik va jismoniy shaxslarga qonuniy tushuntirishlar berilgan.

Davlatimiz rahbari tomonidan joriy yil 23 iyul kuni o‘tkazilgan videoselektor yig‘ilishida berilgan topshiriqlarga muvofiq O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining Xalq qabulxonalari hamda virtual qabulxonasi orqali kelib tushgan, huquqiy va umumiy tushuncha berilgan hamda rad etilgan 509 ta murojaatning barchasi qayta o‘rganib chiqilib, 399 ta murojaat ijobiy hal etildi.