Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tadbirkorga imkoniyat noqonuniy faoliyat yuritish uchun berilmagan yoxud soliqchilar nega vaziyatga beparvo qarayapti?

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev tashabbusi bilan tadbirkorlarga yaratilgan keng imkoniyatlar, qulaylik hamda imtiyozlarni birma-bir sanaydigan bo‘lsak ro‘yxatni uzoq davom ettirish mumkin. Barchasida maqsad bitta: tadbirkor o‘z manfaati bilan birga, el-yurt farovonligi uchun xizmat qilsin.

Ammo bunday imkoniyat va sharoitlarga qaramasdan qonun ko‘zidan pana ishlarni qilishga urinayotgan “ishbilarmonlar” ham borki, ularning ayrimlarining qilmishi jamiyat va xalq manfaatlariga zarar keltirishdan boshqa narsa emas.

Tuman byujetiga tushumlar hajmini oshirish va soliq konsepsiyasini to‘liq va sifatli amalga oshirish maqsadida Kattaqo‘rg‘on tumanida faoliyat yuritib kelayotgan savdo korxonalarida olib borilgan nazoratlarda ana shunday tartibbuzarlik holatlariga guvoh bo‘lindi.

Tuman iste’molchilar huquqlarini himoya qilish jamiyati hamda boshqa jamoatchilik tashkilotlari bilan hamkorlikda olib borilgan o‘rganishlarda ayrim tadbirkorlarning davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan faoliyat ko‘rsatayotgani ma’lum bo‘ldi. Ishchi-xodimlarni kam ko‘rsatib, soliqdan qochish, belgilangan faoliyat turi bilan shug‘ullanmasdan o‘zboshimchalik bilan ish yuritayotgan tadbirkorlik sub’yektlari ham aniqlandi.

Jumladan, shunday nazorat tadbirlari davomida Kattaqo‘rg‘on tumanidagi Qo‘shtepa mahallasida istiqomat qiluvchi Akram Shomamatovning ikki yildan buyon davlat ro‘yxatidan o‘tmasdan turib, xonadon darvozalari hamda turli temir panjara, chorpoyalar yasash bilan shug‘ullanib kelayotganiga guvoh bo‘ldik. Shu hududda yashovchi, alyumindan eshik va deraza romlari yasab kelayotgan Shunqor Ahmedovning tadbirkorlik faoliyati bilan shug‘ullanish huquqini beruvchi guvohnomasining muddati eskirib ketgan.

Tuman markazidagi Alisher Navoiy nomidagi istirohat bog‘ida ovqatlanish shoxobchasi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan Dilnoza Ro‘ziyeva ham davlat ro‘yxatidan o‘tishni “unutish” bilan birga 4 nafar xodimni g‘ayriqonuniy tartibda ish bilan mashg‘ul qilib kelmoqda.

Ba’zi tadbirkorlarning davlat ro‘yxatidan o‘tganda ko‘rsatilgan faoliyat turi bilan shug‘ullanmasdan o‘zboshimchalik bilan faoliyat turini o‘zgartirgan holda faoliyat olib borayotganini qanday tushinish mumkin?! Masalan, Narzulla Ahmedov oziq-ovqat mahsulotlari sotishi joiz bo‘lsa-da noqonuniy tartibda ovqatlanish shoxobchasi faoliyatini yo‘lga qo‘ygan. Buning ustiga bu yerda aslida uch nafar xodim ishlasa-da ish beruvchi faqatgina bir nafar xodim uchun soliq to‘lab kelgan, xolos. Tadbirkorlar - Durdona Teshaqulova, Ikrom Razzoqov, Shahboz Shukurovlarni ham shu qatorda misol qilib ko‘rsatish mumkin.

“IKROM TRADE GROUP” va “Ulug‘bek” dorixonalari, “ASLAM BEAUTFUL”, “Farhod tabobati”, “Shoh Xomdamir”, “Tian Farm”  mas’uliyati cheklangan jamiyatlarida bir nafardan xodimni yashirgan holda davlatga soliq to‘lab kelgan. “Haqiqat” dorixonasida esa aslida 6 nafar xodim ishlasa-da hujjatda 4 ta xodim ko‘rsatilgan. “Razzoqov Husniddin servis” xususiy korxonasi, “Piramida jo‘ja markazi”  mas’uliyati cheklangan jamiyatida ham xuddi shunday holatlar kuzatilgan. Yakka tartibdagi tadbirkor Jasur Suyarov avtomobillarni yuvish shoxobchasida noqonuniy ravishda ikki nafar xodimni ish bilan ta’minlagan.

Qonunlarga nopisandlik bilan qarab kelayotgan ushbu “tadbirkor” kim nima degan taqdirda ham qo‘l ostida ishlatib kelayotgan ishchilarni davlat ro‘yxatiga kiritmoqchi emas. Ular kecha yoki bugundan ish boshlab qolgani yo‘q, faoliyatini yo‘lga qo‘yganiga kamida bir necha yil bo‘lgan. Savol tug‘iladi: shu paytga qadar ularning noqonuniy faoliyat yuritishi yoxud ishchi-xodimlarni yashirib kelishi davlat soliq idoralari xodimlarining e’tiborini tortmadimikan?!

Nahotki, ayni paytga qadar hududga mas’ul bo‘lgan inspektor bir bor bo‘lsa-da tadbirkorning faoliyatiga nazar solmadi?

Xullas, tadbirkorga imkoniyat keng, barcha imtiyozlar muhayyo. Ammo bu bemalol noqonuniy ishlash mumkin degani emas! Soliq bu nafaqat byudjet tushumi, yurtimiz farovonligining manbai, shu bilan birga, sizu bizning, farzandlarimiz, ota-onalarimizning rizqidir. Shunday ekan, ushbu masalaga loqaydlik qilib bo‘lmaydi.

Samarqand viloyati hokimligi axborot xizmati.