Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tadbirkorlik sub’yektlarining kredit savodxonligi yetarli emas

Bu ularga ko‘pincha “qimmat”ga tushyapti. Holatni Samarqand misolida ko‘rib chiqamiz.

O‘tgan yili banklar tomonidan viloyatdagi iqtisodiy sudlarga kredit shartnomasidan kelib chiqqan nizolar yuzasidan 474 ta da’vo arizasi berilgan. Arizalardan 12 tasini qabul qilish rad etilgan, 47 tasi qaytarilgan. Shuningdek, 415 ta da’vo arizasi sudlarda ko‘rib chiqilib, qarzdorlardan 90 milliard 450,1 mln. so‘m qarz va foizlar da’vogar (bank)lar foydasiga undirilgan.

Joriy yilning birinchi 6 oyida esa banklar tomonidan 590 ta da’vo arizasi berilgan. Ulardan 9 tasini qabul qilish rad etilgan va 53 tasi qaytarilgan. Sudlarda ko‘rilgan 526 ta ish bo‘yicha da’vogar (bank)lar foydasiga 101 milliard 17,3 mln. so‘m undirilgan.

Masalan, “O‘zsanoatqurilishbank” Samarqand viloyat filiali 2016 yil 15 sentyabrdagi kredit shartnomasiga asosan “DON Invest Mahsulotlari” MChJga olti oylik Libor + 10,7 foiz ustama to‘lash sharti bilan 5 yil muddatga, 12 oylik imtiyozli davr bilan kredit ajratgan.

Kredit ta’minoti sifatida javobgarga tegishli bino va texnologik uskuna garovga qo‘yilgan. Shuningdek, kreditning to‘liq qismiga “Jahon Keramika Invest” MChJning kafilligi rasmiylashtirilgan.

Qarzdor shartnoma majburiyatlarini lozim darajada bajarmagan, jadvalga asosan kreditni o‘z vaqtida qaytarmagan, yuborilgan ogohlantirish xatlarini oqibatsiz qoldirgan. Shu sabab bank manfaatida Savdo-sanoat palatasi viloyat hududiy boshqarmasi javobgar va kafilga nisbatan sudga da’vo arizasi bilan murojaat qilgan.

Unda javobgardan 133 781 dollar muddatli kredit qarzi, 4 188,24 dollar hisoblangan foiz, 80 074,5 dollar muddati o‘tgan kredit qarzi, jami 218 043,74 dollari undirishni, undiruvni garov va solidar tartibda kafilning mol-mulkiga qaratishni so‘ragan.

Ushbu holatda javobgar kredit to‘lovlari va foizlarini jadvalda belgilangan muddatlarda qaytarish majburiyatini bajarmaganligi uchun muddati o‘tgan qarzdorlik vujudga kelgan. Oqibatda Samarqand shahar iqtisodiy sudining 2021 yil 12 martdagi hal qiluv qarori bilan da’vo qanoatlantirilib, javobgar va kafildan kredit qarzi muddatidan oldin undirildi. Undiruv garov mulkiga qaratilib, sud xarajatlari ham qoplandi.

Xulosa shuki, sudlarda kredit munosabatlaridan kelib chiqadigan nizolar soni ortgani tadbirkorlik sub’yektlarining bu boradagi huquqiy savodxonligini yanada oshirish lozimligidan dalolat beradi.

J.Yusupov,

viloyat sudi sudyasi.