Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

"Talabalikni ikkinchi bosqichdan boshladim"

Bugun samarqandlik talabalar uchun yangi o‘quv yili boshlandi. Men universitetga ikkinchi bosqichdan talabalikka qabul qilindim. Birinchi kungi darslariga qatnashdim, to‘g‘risi, haligacha bu xabarga o‘zim ishonolmayapman. Ammo haqiqat.

Bundan ikki yil avval Samarqand davlat universitetining kimyo fakultetiga o‘qishga topshirib, kirolmagandim. Keyin SamDU qoshidagi Gulobod agrobiotexnologiyalar texnikumi ochilgani, agar shu ta’lim muassasasini a’lo baholarga bitirsa suhbat asosida oliy o‘quv yurtiga ikkinchi bosqichdan qabul qilinishi mumkinligini eshitdim. Avval ikkilandim, keyin tavakkal qilib shu texnikumga hujjat topshirdim va qabul qilindim. Bu yerda agrokimyo yo‘nalishida nazariy va amaliy darslarda faol ishtirok etishga harakat qildim.

Shu orada texnikum bitiruvchilarini oliy ta’lim muassasasiga suhbat asosida o‘qishga qabul qilish tartibi bekor qilinayotganligini eshitib, hafsalam pir bo‘ldi, ammo umidimni uzmadim.

Ustozlar tavsiyasi bilan oliy o‘quv yurtiga kirish uchun suhbatdan o‘tadigan bo‘ldim. Imtihonda berilgan savollar murakkab edi, ammo o‘qigan abituriyent uchun bu qiyinchilik tug‘dirmasdi. Xullas, suhbatdan muvaffaqiyatli o‘tdim. Bugun, nihoyat, SamDU tarkibidagi agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi institutida ikkinchi bosqich talabalari orasida darslarda qatnashdim.  

Bugun yangi o‘quv yilining birinchi kuni hamda shu paytgacha fakultet bo‘lgan va yaqinda SamDU tarkibidagi agrobiotexnologiyalar va oziq-ovqat xavfsizligi instituti sifatida universitetdan ajralib chiqqan oliy o‘quv yurtimizning faoliyat boshlashi munosabati bilan tashkil etilgan tadbirda bildimki, ikkinchi bosqichdan o‘qishni boshlagan men kabilar yana bor ekan. Barchaga yaxshi mutaxassis bo‘lib yetishishni tiladim.

Nurxon Xoldorova.