Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ta’lim sifati va ta’lim ishtirokchilariga yaratilgan shart-sharoitlar onlayn tarzda muhokama etildi

Bugun tor doirada onlayn tarzda viloyat ta’lim muassasalarining bugungi ko‘rsatkichlari, ta’lim ishtirokchilariga yaratilgan shart-sharoitlar va joriy yilda amalga oshirilishi belgilangan vazifalarning ijrosi muhokama etildi.

Onlayn tarzda o‘tkazilgan muhokamada viloyat ishchi guruhi tomonidan o‘tkazilgan tezkor monitoring jarayonida aniqlangan kamchiliklar va ularni bartaraf etish bo‘yicha viloyat xalq ta’limi boshqarmasi boshlig‘i hamda Payariq va Ishtixon tumani xalq ta’limi bo‘limi mudirlarining hisobotlari tinglandi.

Reyting ko‘rsatkichlari bo‘yicha viloyatimizda Urgut, Payariq, Nurobod, Bulung‘ur va Past Darg‘om tumani ta’lim muassasalari past natija ko‘rsatayotganligi mutasaddilarga ko‘rsatib o‘tildi. Pedagoglarning kasbiy kompetentligini oshirish borasida olib borilayotgan ishlar bugungi kun talabiga javob bermasligi, ayniqsa, oliy va birinchi toifali o‘qituvchilarning salmog‘i Samarqand salohiyatiga mutlaqo mos kelmasligi ta’kidlandi.

Muhokama davomida joriy yilda viloyatda 2 ta yangi maktab qurilishi, 21 ta maktablarda rekonstruksiya hamda 9 tasida mukammal ta’mirlash ishlari olib borilishi belgilanganligi ma’lum qilindi.

Yo‘l qo‘yilgan xato va kamchiliklarni bartaraf etish, viloyatda ta’lim sifatini oshirish, ustoz-murabbiylarga o‘z ustida mustaqil ishlashlari uchun hamda o‘quvchi-yoshlarga esa sifatli ta’lim-tarbiya olishlari uchun zaruriy shart-sharoitlar yaratish yuzasidan zaruriy vazifalar belgilandi. Vazifalar ijrosi viloyat hokimligi tomonidan nazoratga olindi.