Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ta’lim va muallimga yangicha yondashuv kerak

Ta’lim sohasidagi islohotlarni tezlik bilan amalga oshirish va bu borada yuqori natijalarga erishish oson ish emas. Negaki, mamlakatimiz ta’lim tizimi taraqqiyotiga to‘siq bo‘layotgan muammolar ildiz otganiga yarim asrdan ko‘proq vaqt o‘tdi.

Prezidentimiz Shavkat Mirziyoyev joriy yilning 23 avgust kuni ta’limni rivojlantirish, pedagoglarning malakasi va jamiyatdagi nufuzini oshirish, yosh avlod ma’naviyatini yuksaltirish masalalariga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida soha uchun qimmatli fikr-mulohazalarni bayon etdi.

Darhaqiqat, ta’lim-tarbiyani muallimlarsiz tasavvur qilib bo‘lmaydi. Bog‘cha, maktab, litsey, kollej, texnikumlardan tortib, oliy ta’lim muassasalarigacha ilmli, madaniyatli, ma’naviyatli, fidoyi, kerak bo‘lsa qattiqqo‘l, zamonaviy pedagogik va axborot texnologiyalaridan yaxshi xabardor muallimlar, murabbiylar juda zarur.

Keyingi o‘ttiz-qirq yil ichida muallimni ta’limdan, ilmdan, ilm dargohidan uzoqlashtirdik. Uning el orasidagi obro‘-e’tiborini to‘kdik. Ularni o‘quvchi, talaba-yoshlar oldida mutega aylantirib qo‘ydik. Pedagoglarning shu kasbni tanlaganliklaridan boshi egildi, pushaymon bo‘ldi. Ayniqsa, erkak muallimlar ilojsizlikdan - ro‘zg‘ori, bola-chaqasining kam-ko‘stini to‘ldirish ilinjida mamlakat ichida, tashqarisida boshqa ishlar bilan mashg‘ul bo‘ldi.

O‘qituvchi borki, har yilning mart-aprel oyidan boshlab chigit ekish, g‘o‘za yaganasi, qatqalog‘i, o‘tog‘iga jalb etildi. Yoz bo‘yi dam olish, sog‘lig‘ini tiklash, o‘z ustida ishlash o‘rniga chorvaga xashak yig‘di, ko‘cha tozaladi, katta yo‘l yoqalaridagi binolar devorlari va daraxtlarni oqladi, ko‘chat ekdi, mahalla va guzarlarni obod qildi. Sentyabr-oktyabr oylarida paxta yig‘im-terimiga bordi. Xullas, pedagog xo‘rlandi, kamsitildi, oyoq osti qilindi, ma’nan, jismonan azob-uqubatlarga duchor qilindi.

Xayriyatki, bugun ushbu soha vakillari peshonasiga oftob, yelkasiga shamol tegdi, mehnati moddiy va ma’naviy qadrlanadigan zamon keldi. Muallimning ta’lim-tarbiyaviy faoliyatiga salbiy ta’sir etadigan sun’iy to‘siqlar olib tashlandi. Oylik maoshlar paydar-pay oshirilyapti, ortiqcha qog‘ozbozlik, majlisbozlik, ezma-cho‘riklik, hasharbozligu xo‘jako‘rsin uchun qilinadigan ko‘plab tadbirlarga barham berilyapti.

Buning samarasida mamlakatimiz bo‘yicha 13 ming nafarga yaqin erkak o‘qituvchi maktabga qaytdi. Chunki endi ularga maktablarda munosib o‘rni bor.

Afsuski, ta’limdagi muammolar bu bilan kamaymayapti. Xo‘sh, ta’lim tizimidagi kamchilik va nuqsonlarni qanday bartaraf etish mumkin?

Birinchidan, bog‘cha, maktab, litsey, kollej, tuman  va viloyat xalq ta’limi bo‘limlariga rahbarlar hali ham avvalgi, eskicha uslubda tanlanayotganligi, ta’lim tizimini boshqarishdagi muammolar soha rivojiga katta to‘siq bo‘lyapti. Prezidentimiz talab qilayotganlaridek, xalqqa xizmat qilish tamoyili asosida kadrlar, rahbarlar tanlansa va tayinlansa yoki saylansa edi, qo‘li egri, poraxo‘r, mansabparast, dunyoqarashi, ma’naviyati va madaniyati past, so‘kong‘ich, o‘zidan boshqani mensimaydigan “boshliqlar” bu muassasalar rahbarligiga tasodif ravishda kelib qolmas edi.

Ikkinchidan, bog‘cha, maktab, litsey, kollejlarga tarbiyalanuvchi-ta’lim oluvchilarni qabul qilishdagi qing‘irliklar. Bunda shu muassasalarning nafsi hakalak otgan rahbarlari bilan bir qatorda, farzandlarini ta’lim muassasasiga olib kelayotgan ota-onalar, bobo-buvilarning ham aybi yo‘q emas. Ularning ham ko‘pchiligi yangi davr ruhini, talabini hali to‘lasincha anglab, tushunib yetganlari yo‘q. Agar ular bu sohadagi korrupsiyaga barham berishda faol va Prezidentimiz tarafida bo‘lganlarida edi, bu boradagi ishlar ancha samarali bo‘lar edi.

Uchinchidan, ta’kidlab o‘tilgan ta’lim muassasalariga tarbiyachi-pedagoglarni ishga olishdagi muammolar. Ta’limda son, miqdor, albatta, tom ma’nodagi sifatga aylanishi shart, yo‘qsa barcha qilinayotgan ishlar, sa’y-harakatlar besamar ketadi. Ta’lim, undagi sifat va samaradorlik har tomonlama va to‘liq ravishda tarbiyachiga, muallimga, uning pedagogik salohiyati va mahorati, tajribasiga bog‘liq. Olib boriladigan mashg‘ulotning, darsning texnik vositalari, turli pedagogik usullar tarbiyachi, muallimning jonli va ta’sirli muloqoti, mahorati, malakasi va tajribasi oldida ikkinchi darajali vositalardir. Tarbiyachilar, muallimlar esa turlicha bilim, dunyoqarash, fazilatlar va har xil fe’l-atvorga ega turfa xil insonlardir. Ular oliy ta’lim muassasalarida guruh-guruh, kurs-kurs holida ta’lim-tarbiya olayotgan bo‘lsalar-da, hech qachon konveyrdan chiqadigan bir xil andozadagi tovarlardek yoki katta-kichik paykallarga ekiladigan qishloq xo‘jalik ekinlari mahsulotlari kabi tayyorlanmaydi yoki yetishtirilmaydi. Shuning uchun tarbiyachi, muallimlarni ishga tanlashda, ishga qabul qilishda ularning individual, fazilatlari va o‘quv-pedagogik jihatlariga alohida e’tibor qaratilishi kerak.

To‘rtinchidan, oylik maoshlari oshirib borilayotgan, turli qog‘ozbozliklar, majlisbozliklar, hasharlaru ta’limdan boshqa har qanday ishlarga jalb qilinishdan butunlay ozod etilgan tarbiyachi, muallimlar oldida sifatli mashg‘ulot, dars o‘tish, ko‘zlari charaqlab turgan shogirdlariga mehru muhabbat bilan mukammal bilim berish vazifasi turibdi.

Xo‘p, hurmatli tarbiyachi, muallimlar bunga tayyormi? Oyda-yilda bitta badiiy asar o‘qimaydigan, o‘z mutaxassisligi bo‘yicha biror gazeta yoki jurnalga obuna bo‘lmaydigan, ularni muntazam kuzatib bormaydigan, binobarin, o‘z sohasiga doir so‘nggi ma’lumotlar, yangiliklardan bexabar, faqat darslik materiallari bilan chegaralanib qolayotgan “ustoz” o‘z shogirdlaridan ortda qolib ketmayaptimi? Yaratilayotgan sharoit va imkoniyatlardan foydalanib, talabga labbay deb javob beryaptimi? Eldan ortda qolmaslik uchun nima qilyapti?

Beshinchidan, mehnatni munosib taqdirlash muammosi. Har bir jamiyatda o‘z vazifasini sidqidildan bajarayotgan shaxs ishining sifatiga qarab rag‘batlantirib boriladi. Bizda esa bunga har doim ham jiddiy e’tibor berilmaydi. Rag‘batlantirishlar ko‘p hollarda oshkoralikdan yiroq ravishda ayrim rahbarlarning xohish-istaklariga ko‘ra amalga oshiriladi. Bunda ba’zi birovlar ust-ustiga moddiy va ma’naviy rag‘batlantirib yuborilsa, ayrimlar bir umr halol, pokiza, boshqalarga namuna bo‘larli darajada ishlab biror marta “Maqtov yorlig‘i”ga ham loyiq ko‘rilmaydi. Bu hol o‘z navbatida ta’lim-tarbiya sifatiga salbiy ta’sir etmay qolmaydi.

Oltinchidan, fanlardan mavjud dasturlar, darsliklar, o‘quv qo‘llanmalarini jiddiy qayta ko‘rib chiqish kerak. Ulardagi yillar davomida qaytarilayotgan xatoliklar tuzatilishi, berilayotgan nazariy va amaliy materiallarning o‘quvchilar yoshiga mosligini ta’minlash, darsliklarning juda qisqa muddatlarda hadeb yangilanaverilishiga barham berish kerak.

Yettinchidan, shogirdlar bilimini ob’yektiv – haqqoniy, adolatli, xolisona, hech qanday ta’ma va sha’malarsiz to‘g‘ri baholash. Bu tarbiyachi va muallimlar oldida turgan eng muhim va, aytish mumkinki, eng dolzarb muammolar sirasiga kiradi. Chunki tarbiyalanuvchi, ta’lim oluvchining har bir harakati, intilishi, bergan javobi ochiq, to‘g‘ri va xolisona baholanmas ekan, unda ustozdan norozilik kayfiyati tug‘ilishi tabiiy. Bunday kayfiyat esa uni ilm olishga, o‘rganishga rag‘batlantirmaydi, aksincha, intilishdan, izlanishdan, faollikdan qaytaradi. Alal oqibat, ularda olg‘a intilish, tashabbuskorlik, ko‘p narsani bilib olishga bo‘lgan katta ishtiyoq pasaya boradi va jamiyatda loqayd, atrofdagilarga e’tiborsiz, o‘zidan boshqani o‘ylamaydigan, xudbin insonlarning paydo bo‘lishiga zamin yaratadi. Biz bugungi kunda ana shu muammoning – talabalar bilimini ustozlar tomonidan uzoq vaqt haqqoniy baholanmaganligining naqadar og‘ir oqibatlarga olib kelganligi va uni tuzatish esa juda qiyin bo‘layotganligining guvohi bo‘lib turibmiz.

Jamiyatimiz taraqqiyotiga munosib xizmat qila olmayotgan savodi haminqadar, nutqi nursiz muallimlar, shifo istab kelgan bemorlarini davolashdan ko‘ra mayib-majruh etayotgan shifokorlar, qonun ustuvorligini ta’minlay olmayotgan manfaatparast huquq posbonlari, qurgan binolari bir yilga ham yetmay tutday to‘kilayotgan quruvchi-muhandislar, biznes-rejalari el manfaati yo‘lida foyda keltirish o‘rniga milliard-milliard so‘m zarar keltirayotgan hisobchi-iqtisodchilar va boshqa turli sohalarda muqim o‘tirib olgan yaroqsiz mutaxassislar, qo‘rs, qo‘pol, no‘noq rahbarlar osmondan tushgani yo‘q. Ularning bilimiga, iqtidoriga bog‘chada, maktabda, kollejda, institutda, universitetda o‘zimiz oshirib, ta’magirlik bilan noxolis, noto‘g‘ri baho qo‘yib kelganmiz va endi bu qilmishlarimizning achchiq mevasini totmoqdamiz, jabrini birgalashib tortmoqdamiz. 

Prezidentimiz tashabbusi bilan mamlakatimiz ta’lim tizimida  izchil davom ettirilayotgan islohotlarning yuqori natijadorligini ta’minlash har birimizning bugungi faol sa’y-harakatimizga bog‘liqligini unutmaylik. Barchamiz bugungi ijtimoiy, iqtisodiy va texnik taraqqiyot tufayli hayot ehtiyojiga aylanayotgan yangicha fikrlash, yangicha harakat, erkin ijod qilish va farovon yashash sari to‘xtovsiz intilishimiz, ta’lim sohasining eng quyidan oliy bosqichigacha boshlangan islohotlarda faol ishtirok etishimiz lozim.

Mardon BOLTAYeV,

Samarqand davlat universiteti dotsenti.