Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tanlov g‘olibiga eski noutbuk berilgani yuzasidan o‘rganish ishlari boshlandi 

Kecha Nurobod tumanidagi 41-maktab o‘quvchisi Sardor Sattorov tomonidan internet tarmog‘iga joylangan murojaat ijtimoiy tarmoqlarda muhokamalarga sabab bo‘ldi.

Sardor Sattorov «Bir million dasturchi» loyihasi doirasidagi IT tanlovida g‘olib bo‘lgani, ammo unga topshirilgan sovrin — noutbuk juda ham eski va ishlatilgan bo‘lib chiqqanini ma’lum qilgan.

Viloyat halq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati S.Sattorovning tuman bosqichida g‘olib bo‘lib, taqdirlash marosimi nizomga ko‘ra, tuman hokimligi tomonidan tashkil etilganini bildirdi. 

Nurobod tumani hokimligi holat yuzasidan dastabki bayonotini e’lon qildi. Unga ko‘ra, hozirda mazkur masala hokimlik tomonidan o‘rganilmoqda. 

Ijtimoiy tarmoqlarda Nurobod tumani 41-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi Sardor Sattorov  “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasining viloyat bosqichida birinchi o‘rinni olishiga qaramay unga 3-darajali diplom hamda ishlatilgan (eski) noutbuk sovg‘a qilinganligi to‘g‘risida qilgan videomurojaati e’lon qilindi.

Joriy yilning 6 yanvar kuni Nurobod tumanidagi umumta’lim maktablarining 7-11-sinf o‘quvchilari o‘rtasida “Bir million o‘zbek dasturchilari” loyihasi asosida “IT-TANLOV”ning tuman bosqichi bo‘lib o‘tdi.

Mazkur musobaqada 41-umumta’lim maktabining 8-sinf o‘quvchisi S.Sattorov faxrli birinchi o‘rinni olib, tuman hokimligining faxriy yorlig‘i hamda “realme C11” rusumli telefon apparati bilan taqdirlangan. 

Mazkur holat yuzasidan Nurobod tumani hokimligi tomonidan ishchi guruh tuzilib, dastlabki o‘rganish ishlari olib borilmoqda.

O‘rganish natijalari bo‘yicha qo‘shimcha ma’lumotlar beriladi”, deyiladi hokimlik munosabatida.

Voqeani mutasaddilar ishtirokida o‘rganish maqsadida zarnews.uz muxbirlari Nurobod tumaniga yo‘l oldi.