Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tanlovlar ko‘paydi, faollik ham oshishi kerak

Bu talab xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi Jamoat fondining 2023 yilda amalga oshirilgan ishlari hamda 2024 yilga belgilangan vazifalarni belgilashga qaratilgan tadbirda aytildi.

Tadbirda jamoat komissiyasi a’zolari, viloyat kengashi deputatlari, davlat va nodavlat tashkilot vakillari ishtirok etdi. Dastlab xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi ijtimoiy sheriklik komissiyasi raisi F.Toshev o‘tgan yil sohadagi yutuq va kamchiliklarga to‘xtalib, bu yil ahamiyat berilishi lozim bo‘lgan jihatlarni, NNTlar faolligini oshirishda amalga oshirilishi lozim bo‘lgan ishlarni ta’kidlab o‘tdi.

- O‘tgan yil davomida Fondimiz tomonidan nodavlat notijorat tashkilotlarini qo‘llab-quvvatlash, ularning faoliyatini rivojlantirish kabi masalalarda qator amaliy ishlar olib borildi, - deydi Jamoat fondi rahbari Doston Malikov. – Xususan, 2023 yil davomida 20 ta yo‘nalish bo‘yicha davlat grantining to‘rtta tanlovi o‘tkazildi. Unda 58 ta NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari 59 ta loyiha bilan ishtirok etdi. Shundan 20 ta ijtimoiy ahamiyatli dastur va loyihalar umumiy qiymati 1 milliard 120 million so‘mni tashkil etgan bo‘lib, ushbu loyihalar jamoat komissiyasining tegishli qarorlari bilan qo‘llab-quvvatlandi.

Loyihalarni amalga oshirish doirasida NNT, OAV va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari joylardagi mahalliy davlat organlari bilan hamkorlikda “Odam savdosiga va korrupsiyaga qarshi kurashish faoliyatini tashkil etishda NNTlar faolligini oshirish bo‘yicha turli ko‘rgazmali axborot va o‘quv materiallari tayyorlandi. Fuqarolar yig‘inlarida jismoniy tarbiya va sportni rivojlantirishga doir dasturlarni amalga oshirish, turli yuqumli kasalliklar profilaktikasi masalalarida keng tushuntirish ishlari olib borildi.

Yig‘ilishda joriy yilda tanlovlarga ajratiladigan mablag‘lar miqdori oshishi, shu jihatdan NNT va fuqarolik jamiyatining boshqa institutlari faol ishtirok etishi lozimligi ta’kidlandi.