Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tanqid ostiga olingan Samarqand tumanidagi maktablar muammosi hal bo‘ldi(mi?)

Joriy yilning 16 avgust kuni “Zarnews” saytida “Samarqand tumanidagi maktab yerlari egallab olinyapti: Toyloq maktablari bundan mustasnomi?” sarlavhali maqola chop etilgandi. Ushbu tanqidiy maqolaga Samarqand tumani xalq ta’limi bo‘limi quyidagicha izoh berdi:

“Mazkur maqolada “Yangi maktabga yarashmagan eski partalar” sarlavhasi ostida tumandagi 26-umumiy o‘rta ta’lim maktabida kapital ta’mirlash ishlari olib borilayotgan bo‘lsa-da, yangi partalar berilmayotganligi bois eskilarini ta’mirlab, foydalanish maqsadida ranglanayotganligi ta’kidlab o‘tilgan.

Bugungi kunda 26-maktabda qurilish ta’mirlash ishlari nihoyasiga yetkazildi. Maktabga mahalliy byudjet mablag‘lari hisobidan 5 to‘plam (75 dona) yangi partalar keltirildi. Qolgan 7 to‘plam partalar investitsiya dasturi asosida 1 oktyabrga qadar olib kelinadi.

“Sport zali qurish mumkin bo‘lgan maktab yeri tadbirkorga berilgan”i yuzasidan shuni ma’lum qilamizki, haqiqatdan ham 2009 yilda tuman hokimining qarori bilan 0,02 ga. yer maydoni tikuv sexi qurish hamda maktab o‘quvchilarining texnologiya fani darslari amaliyotini o‘tkazish maqsadida ajratilgan bo‘lib, o‘quvchilarning ushbu sexga amaliyot o‘tishlariga sharoitlar yaratish uchun to‘siq devor bilan o‘ralmagan. Ushbu ta’lim muassasasida O‘zbekiston Respublikasi Vazirlar Mahkamasining 2019 yil 29 yanvardagi 14/1-220 sonli topshirig‘iga asosan "2020-2024 yillarda Samarqand tumanidagi umumta’lim maktablariga sport zallari qurilishi bo‘yicha manzilli ro‘yxati" asosida 2020 yilda 18x30 o‘lchamdagi sport zali qurish uchun taklif berilgan.

Maktab hovlisida obodonlashtirish ishlari oxiriga yetkazildi, sinfxonalar va yo‘laklarda zamonaviy yoritkichlar o‘rnatildi.

Maqolada ta’kidlangan “Hokim maktab yeridan uy qurishda nimani o‘yladi?” masalasiga kelsak, tumandagi 53-maktab hududidan bir fuqaro uchun yer ajratib berilgan va devorlar ko‘tarilgan. Hozirda tumandagi 53-maktab hududidan fuqaroga uy qurish uchun ajratilgan yer maydonida qurilish ishlari to‘xtatilgan.

Samarqand tumani xalq ta’limi bo‘limi.