Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tanzila NORBOYeVA: Faqat ayol kishi bo‘lgani yoki ko‘rgazma uchun ayollardan rahbar tayinlash shart emas

Mamlakatimizda Oliy Majlis Qonunchilik palatasiga nomzodlarning 30 foizi xotin-qizlardan iborat bo‘lishi kerak, degan huquqiy me’yor mavjud. 

Lekin deputatlikka nomzod tanlashda ularning salohiyati ko‘p e’tiborga olinmasdi. O‘tgan yilgi saylovlarda birinchi navbatda bo‘lg‘usi deputat ayollarning salohiyati e’tiborga olindi. Bugun quyi palata deputatlarining 48 nafarini, senatorlarning esa 25 nafarini ayollar tashkil qilmoqda. Butun dunyoda parlament rahbarlarining 57 nafari xotin-qizlar. Ular orasida O‘zbekiston ham bor. Mamlakatimizda olti nafar hokim ham ayol kishi.

Ushbu va boshqa dolzarb fikr­lar «O‘zbekiston taraqqiyotida parlamentdagi ayollarning roli» mavzusida video­konferensaloqa shaklida o‘tkazilgan ilk forumda yang­radi. Unda senatorlar, deputatlar, vazirlik va idoralar vakillari, hududlarning faol xotin-qizlari ishtirok etdi.

- Xotin-qizlarning jamiyatdagi nufuzini oshirish, ularning rahbar lavozimlarida bo‘lishi, o‘z o‘rnini topishi uchun imkoniyat yaratish oson kechadigan jarayon emas, - dedi Oliy Majlis Senati raisi Tanzila Norboyeva. – Yillar davomida ayollarning salohiyati emas, shunchaki ayolligi uchun, ba’zi hujjatlardagi normalarni bajarish uchun ular deputatlikka saylandi yoki rahbarlikka tavsiya etildi. Men bunga umuman qarshiman. Faqat ayol kishi bo‘lgani uchun emas, uning iqtidori, salohiyatiga qarab imkon berish kerak. Bugun gender tenglikni ta’minlash masalasi deymizmi, xalqaro hujjatlardagi normalarga amal qilish uchunmi, avvalo, shu masalaga e’tibor qaratish kerak. Va bugun yurtimizda shunday jarayon bosh­landi. Hokim sifatida ish boshlagan, turli idoralarda katta lavozimlarda mehnat qilayotgan ayollarning mehnatini samarasi allaqachon sezila boshladi. Deylik, ayollar hokimlik qilayotgan olti tuman, shahar turli ko‘rsatkichlari bo‘yicha  «yashil» toifada.

Xabaringiz bor, Birlashgan Millatlar Tashkiloti tomonidan har to‘rt yilda inson huquqlari bo‘yicha yirik anjuman o‘tkazilib, unda a’zo davlatlar erishgan yutuq va kamchiliklari haqida aytilar edi. Afsuski, o‘tgan yillar davomida O‘zbekiston ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka barham berish, qizlarning ta’lim olishi uchun imkoniyatlar yetarli emasligi, xotin-qizlarga nisbatan turli stereotiplarning mavjudligi yuzasidan haqli e’tirozlarni eshitib kelayotgandi. 2017 yildan ushbu holatlarning oldini olish borasida mamlakatimizda dadil qadamlar tashlandi. Xotin-qizlarni zo‘ravonlikdan himoya qilish, gender tenglikni ta’minlash kabi masalalar yuzasidan qonun kuchga kirdi.

Ammo bu borada hali olib boriladigan ishlar talaygina. Ushbu forum doirasida mazkur masala bo‘yicha taklif va tavsiyalar albatta inobatga olinadi.

Forum doirasida YeXHTning O‘zbekistondagi loyihalari muvofiqlashtiruvchisi Jon Makgregor va boshqa xalqaro tashkilotlar, vazirlik va idoralar vakillari mavzu yuzasidan o‘z fikrlarini bildirdi. Uch yo‘nalishda olib borilgan forumda mavzuga doir amaliy ishlar bo‘yicha ma’ruzalar tinglandi, jiddiy tavsiya va takliflar o‘rtaga tashlandi. Xususan, xotin-qizlar orasidan rahbarlik lavozimiga tayinlashda kadrlar zaxirasini shakllantirish, tadbirkor xotin-qizlarga ijtimoiy soliq stavkasini qo‘llash, «Onalar kuni»ni nishonlash va boshqa qator amaliy takliflar ishlab chiqildi.

Gulruh MO‘MINOVA.