Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tarif narxlari mutlaqo o‘zgarmaydi

Ijtimoiy tarmoqlarda 1 noyabrdan boshlab bir oyda elektr energiyasini o‘rtacha oylik iste’moli uchun to‘lov miqdoriga o‘suvchan koeffitsiyent qo‘llanilishi turlicha baholanmoqda.

Avvalo, shuni aytish kerakki, mazkur o‘suvchan koeffitsiyent aholi iste’molchilarining 98 foiziga mutlaqo ta’sir qilmaydi. Chunki mamlakatimizdagi 7 million 589 mingdan ziyod abonentning atigi 146 mingdan ortig‘i 1000 kilovatt/soatdan ko‘p elektr energiyasi yoqadi, xolos. Ularning atigi 10 ming nafarigina oyiga 5 ming kilovatt/soatdan ortiq, bor-yo‘g‘i, 4 mingdan ziyod iste’molchi esa oyiga 10 ming kilovatt/soatdan ziyod elektr energiyasi iste’mol qiladi.

Bu yangilikni ko‘pchilik sog‘lom aql bilan to‘g‘ri qabul qilyapti va qo‘llab-quvvatlamoqda. Shunga qaramay, iste’molchilarda qo‘shimcha savollar paydo bo‘lmasligi uchun qisqacha tushuntirish berib o‘tmoqchimiz.

Avvalo, tarif narxi oshayotgani yo‘q. O‘sha 295 so‘m joy-joyida turibdi.

Ammo odamlarda tejamkorlik kayfiyatini kuchaytirish hamda "yashirin iqtisodiyot" unsurlariga barham berish uchun qo‘shimcha o‘suvchan koeffitsiyent qo‘llanilishi nazarda tutilmoqda.

Bunda siz bir oyda 1000 kilovatt/soatgacha elektr energiyasi sarflasangiz, 295 so‘mdan 295 ming so‘m to‘laysiz.

1001 kilovatt/soatdan 5000 kilovatt/soatgacha sarflasangiz, 1000 kilovatt/soat uchun 295 so‘mdan 295 ming, aytaylik, 4850 kilovatt/soat yoqqan bo‘lsangiz, 1001 dan 4850 gacha 590 so‘mdan 2 million 271 ming 500 so‘m+295 ming so‘m=jami 2 million 566 ming 500 so‘m to‘laysiz.

Oldin siz buning uchun jami 1 million 430 ming 750 so‘m to‘lardingiz, xolos.

Agar bir oyda 9420 kilovatt/soat ishlatsangiz-chi?

Xuddi boyagidek 1000 kilovatt/soat uchun 295 ming so‘m, 1001 kilovatt/soatdan 5000 kilovatt/soatgacha 590 so‘mdan 2 million 360 ming so‘m, 5001 kilovatt/soatdan 9420 kilovatt/soatgacha 3 million 911 ming 700 so‘m, jami 6 million 566 ming 700 so‘m to‘lov qilasiz.

O‘suvchan koeffitsiyentgacha esa bir oyda 9420 kilovatt/soat sarflagan iste’molchi bunga 2 million 778 ming 900 so‘m to‘lardi. Ya’ni, u bir oyda 6 million 358 ming 500 so‘m shartli subsidiya olgani holda, aholining qolgan 98 foiz qismidan ko‘ra bir necha o‘n karra ko‘proq elektr energiyasini iste’mol qilardi.

1 noyabrdan keyin bunga chek qo‘yiladi.

Xuddi shu o‘suvchan tarif 10 ming kilovatt/soatdan ziyod tok ishlatadiganlarga ham qo‘llanilmoqda. Endi kimda-kim bundan ko‘p svet yoqsa, u uchun belgilangan tarifga nisbatan 4 barobar o‘suvchi koeffitsiyent qo‘llaniladi. Ya’ni, siz bir oyda 12 ming 400 kilovatt/soat sarflasangiz (aql bovar qilmaydi, ammo hozir ham xuddi shu miqdorda elektr energiyasi yoqadiganlar bor), unga quyidagicha to‘lov qilasiz:

- 1000 kilovatt/soatgacha – 295 so‘mdan – 295 ming so‘m;

- 1001 kilovatt/soatdan 5000 kilovatt/soatgacha – 590 so‘mdan – 2 million 360 ming so‘m;

- 5001 kilovatt/soatdan 10 ming kilovatt/soatgacha – 885 so‘mdan – 4 million 425 ming so‘m.

10 ming kilovatt/soatdan 12 ming 400 kilovatt/soatgacha – 1180 so‘mdan 2 million 832 ming so‘m.

Jami: 9 million 912 ming so‘m.

1 noyabrgacha esa xuddi shuncha miqdorda elektr energiyasi iste’mol qilgan abonent 3 million 658 ming so‘m to‘lardi, xolos. Shu bilan birga, u davlatdan 8 million 370 ming so‘m shartli subsidiya ham olardi.

Xullas, bu o‘suvchan koeffitsiyentlar adolatli hamda energiya tejamkor va energiya samarador yechim bo‘lmoqda.