Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tashabbusli byudjet loyihasida samarqandliklarning 209 ta taklifi g‘olib bo‘ldi, ulardan 70 tasi yo‘l, 53 tasi maktab va 11 tasi shifoxona ta’miri bo‘yicha

2022 yilda tashabbusli byudjet jarayonining 1-bosqichida fuqarolar tomonidan 3661 ta taklif ilgari surilgan bo‘lib, hududiy ishchi komissiyalar tomonidan 1692 ta taklif ovoz berish jarayoniga o‘tkazilgan. Mazkur jarayonda viloyat aholisi 369 015 ta ovoz bergan.

Viloyat moliya bosh boshqarmasiga ko‘ra, tashabbusli byudjet jarayoni 1-bosqich yakunlariga ko‘ra, 209 ta taklif g‘olib deb topilgan va ushbu tadbirlar uchun jami 114 milliard so‘m mablag‘ yo‘naltirilishi ko‘zda tutilgan. G‘olib deb topilgan takliflardan 3 tasi Oliy Majlis Senatining 2022 yil 22 apreldagi 213-sonli qarori bilan tasdiqlangan Nizom talablariga zid bo‘lganligi sababli rad qilingan. Shuningdek, tashabbusli byudjet jarayonida fuqarolar tomonidan 2 mingdan ortiq takliflarni qo‘llab-quvvatlash maqsadida Prezidentning tegishli qarori bilan qo‘shimcha ravishda respublika byudjetidan Kattaqo‘rg‘on va Ishtixon tumanlaridagi bir necha ob’yektlar uchun 2,9 milliard so‘m mablag‘ ajratilgan.

G‘olib takliflarning sohalar kesimida tahlili:
- umumta’lim maktablarini ta’mirlash - 53 ta;
- ichki yo‘llarni ta’mirlash - 70 ta;
- sog‘liqni saqlash muassasalarini ta’mirlash - 11 ta;
- maktabgacha ta’lim muassasalarini ta’mirlash - 33 ta;
- ichimlik suvi va oqova tizimini yaxshilash - 5 ta;
- ko‘cha chiroqlarini o‘rnatish yoki ta’mirlash - 2 ta;
- mahalla fuqarolar yig‘inlari binolarini ta’mirlash - 14 ta;
- elektr tarmog‘ini yaxshilash - 9 ta;
- bolalar o‘yingohlarini barpo etish - 4 ta;
- boshqa yo‘nalishlarda - 8 ta takliflar hissasiga to‘g‘ri keladi.

Ushbu g‘olib takliflarni moliyalashtirish bo‘yicha hududiy ishchi kommissiyalar tomonidan manzilli dasturlar ishlab chiqildi va xalq deputatlari tuman (shahar) Kengashlarida tasdiqlangan.

Eslatib o‘tamiz, mavjud huquqiy hujjatlarga asosan, 2022 yil 1 yanvardan e’tiboran barcha tuman, shaharlarda mahalliy byudjet tasdiqlangan xarajatlarining 5 foizi jamoatchilik fikri asosida tanlangan tadbirlarni moliyalashtirishga yo‘naltirilishi belgilab qo‘yilgan.

2021 yil 1 iyuldan boshlab esa jamoatchilik fikri asosida shakllantirilgan tadbirlarni moliyalashtirishga ajratiladigan mahalliy byudjet qo‘shimcha mablag‘larining miqdori 30 foizga oshirildi.