TATU Samarqand filiali Samarqand davlat universitetiga qo‘shildi(mi?)
Prezidentimizning 2026 yil 26 maydagi Qarori asosida Samarqand davlat universitetiga Toshkent axborot texnologiyalari universitetining Samarqand filiali qo‘shildi. Xo‘sh, endi ta’lim tizimi qanday davom etadi, nimalar o‘zgaradi?
- Filialning talabalari va o‘qituvchilari to‘liq tarkibda universitet tarkibiga o‘tdi, - deydi Samarqand davlat universiteti sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar fakulteti dekani, texnika fanlari doktori, dotsent Fayzulla Nazarov. - Filialdagi mavjud yo‘nalishlar SamDUning ikkita fakulteti negizida bo‘ladi. Bizdagi sun’iy intellekt va raqamli texnologiyalar fakultetiga ulardagi mos yo‘nalishlar birlashdi. Bizda mavjud bo‘lmagan va filialda avvaldan bor bo‘lgan ta’lim yo‘nalishlari uchun alohida telekommunikatsiya va kompyuter injiniring fakulteti tashkil qilindi.
Filialning ikkita o‘quv binosi va talaba turar joylari ham universitetga operativ boshqaruv asosida bepul berildi. Filialning o‘quv binolaridan biriga universitetning yuridik fakulteti ko‘chadi. Sababi, fakultetimiz binosida yuridik fakultet ham joylashgandi. Ularni alohida binoga ko‘chirib, mos yo‘nalishlarni fakultetimizga joylashtiramiz.
Darhaqiqat, bugun IT sohasida talab ortib bormoqda, har jabhada boshqaruv tizimi raqamlashmoqda. Bu esa jahon standartlariga mos yetuk mutaxassislarni tayyorlashni oldimizga qo‘ymoqda. Shu ma’noda oliy ta’lim muassasalari birlashtirildi, ya’ni umumiy salohiyatlar bir markazga yig‘ildi. Asosiy masala Samarqanddagi IT muhitini zamonaviy talablarga mos qilishdir.
Xurshida ERNAZAROVA.