Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Taxmina Ikromova: "Olimpiada chempioni bo‘laman!"

Taxmina Ikromova 2004 yil Samarqand shahrida tug‘ilgan. 14 yildan buyon badiiy gimnastika bilan shug‘ullanib keladi. Faoliyati davomida O‘zbekiston, Osiyo chempioni, jahon kubogi, xalqaro turnirlar g‘olib va sovrindori bo‘lgan.

- Shifokorlar oilasidan bo‘lganimiz uchunmi, yoshligimdan badiiy gimnastikaga qiziqqanim qizimiz sportchi bo‘lishini istaganmiz, - deydi Taxminaning onasi Madina Ikromova. – Otasi doim qizim chempion bo‘lib, oltin medalni qo‘lga kiritadi, derdilar. Afsuski, bevaqt o‘lim sabab buni ko‘rish oilamiz boshlig‘iga nasib etmadi. Ammo Taxmina otasiga bergan va’dasini bajaryapti – jahon arenalarida yurtimiz bayrog‘ini baland ko‘tarib, ishonchimizni oqlayapti. 

- Sportga kirib kelishimda ota-onamning hissasi katta, - deydi Taxmina. – 4 yoshimda ular badiiy gimnastikaga bergandan keyin ustozim Yelena Aslanova qo‘l ostida mashg‘ulotlarga kirishdim. Besh yoshimda ilk marta maktabda o‘tkazilgan musobaqada birinchi o‘rinni qo‘lga kiritdim. Keyin birin-ketin  katta musobaqalarda ham ishtirok etib, yaxshi ko‘rsatkichlarga erishdim. 2015 yilda terma jamoaga qabul qilinishim men uchun imkoniyat eshiklarini ochdi.  

O‘zbekiston, Osiyo va xalqaro turnirlarda sovrindor bo‘ldim. 2022 yil aprel oyida poytaxtimizda o‘tkazilgan jahon kubogida 3 ta oltin va 1 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldim. Islom birdamligi o‘yinlari badiiy gimnastika bahslarining yakkalik (obruch) yo‘nalishida oltin medalni, lenta, koptok, bulova hamda jamoaviy yakkalik bahslarida kumush medalni qo‘lga kiritdim. Albatta, bu yutuqlarga erishishimda terma jamoadagi ustozim Liliya Vlasovaning mehnatlari katta. U kishi bilan birgalikda Toshkentda  5 yildan buyon tayyorgarlik olib boryapmiz. Musobaqalarda oson bo‘lmayapti, lekin maqsad bitta - g‘alaba qozonish va yurtimiz sharafini munosib himoya qilish. Hozir ham Parijda o‘tkaziladigan musobaqalarga tayyorgarlik ko‘ryapmiz. Nasib etsa, ushbu nufuzli musobaqada ham oltin medalni qo‘lga kiritaman. 

Taxmina o‘tgan yil Ozarbayjonning Boku shahrida badiiy gimnastika bo‘yicha o‘tkazilgan jahon kubogida 2 ta bronza medaliga sazovor bo‘ldi. O‘zbekistonda 2023 yilning eng yaxshi ayol sportchisi deb topildi. Shuningdek, yakkalik va juftlik yo‘nalishlarida Osiyo o‘yinlari g‘olibi, o‘zbekistonlik sportchilar orasida birinchi bo‘lib “Parij-2024” Olimpiadasi yo‘llanmasini qo‘lga kiritdi va bir qancha jahon kubogi bosqichlarida sovrindor bo‘ldi. Yaqinda Fransiyada o‘tkazilgan badiiy gimnastika bo‘yicha gran-pri musobaqasida oltin medalga ega chiqdi.

Fazliddin Ro‘ziboyev.