Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tojikiston teatri jamoasi so‘nggi 10 yildagi ilk gastrol safarini Samarqandda o‘tkazmoqda

O‘zbekiston va Tojikiston Madaniyat vazirliklari hamkorligida ikki davlat o‘rtasida madaniyat va san’at ko‘prigi qurildi. O‘tgan yilning oktyabr oyida Tojikiston teatr jamoasi viloyat musiqali drama teatrida Mixail Zoshenkoning «Jinoyat va jazo» spektaklini namoyish etgan bo‘lsa, dekabrda viloyatimiz teatr jamoasi Sug‘dda o‘z repertuari bilan ishtirok etdi.

Ayni kunlarda Sadriddin Ayniy nomidagi Tojikiston opera va balet akademik teatri Samarqandda ijodiy safarda bo‘lib turibdi. Teatr jamoasi tomonidan samarqandlik muxlislarga “Jingalak tuyoqli echkicha” bolalar uchun musiqali ertak hamda “Maysaraning ishi” operettasi namoyish etiladi.

- Madaniyat va san’at millat tanlamaydi, - deydi teatr rahbari o‘rinbosari, Tojikistonda xizmat ko‘rsatgan artist Sodiq Nurulloyev. – Avvalo, ikki xalqning o‘zaro do‘stligi, qarindoshligi, tili boshqa-yu bir millat ekanligini aytib o‘tishim kerak. Buni bugungi teatr zalini to‘ldirib o‘tirgan tomoshabinlar olqishlaridan ham bilish mumkin. Teatrimiz jamoasi 40 yil oldin 1978 yilda Samarqand teatrida spektakl namoyish etgandi. Bu yerdagi ustoz san’atkorlarning tajribasi, bilimlari bilan o‘rtoqlashib, ularning ijro mahoratini o‘rgangandi. Ularning ayrimlari bugungi kunda teatrimizda faoliyat yuritmoqda. Bugungi tashrifimizdan maqsad ham o‘zaro madaniy aloqalarni mustahkamlash, tajriba almashishdan iborat.

Bizni samarqandliklar juda iliq kutib olishdi. Spektakllarimizni sahnalashtiruvchi rejissyor Shavkat Xalilov 4 yil mazkur teatrda faoliyat yuritgan. Bu ijodiy muhit, tomoshabinlar bilan tanish. Viloyat musiqali drama teatri jamoasi ham dekoratsiyalar, orkestrlar bo‘yicha o‘z yordamini ayamadi. Xuddi o‘z uyimizda, o‘z sahnamizdagidek spektakllarni ijro etdik.

«Jingalak tuyoqli echkicha» bolalar uchun musiqali ertagi hamda  «Maysaraning ishi» spektakllari ko‘p bor turli davlatlar teatr sahnalarida qo‘yilgan bo‘lsa-da, bu yerda tomoshabin tojikistonlik aktyorlarning o‘ziga xos ijrosini, yondashuvini, mahoratini ko‘rishi mumkin. Maysaraning ayyorligi, Mullado‘stning soddaligi, pok qalbi, o‘sha davr muhiti, odamlarning ruhiyati teatr jamoasi tomonidan mahorat bilan ijro etilgan.

- Yana qaysi davlatlarda gastrol safarida bo‘lgansizlar, - deb so‘raymiz S.Nurulloyevdan.

- Ba’zi sabablarga ko‘ra, so‘nggi o‘n yilda teatr jamoasi gastrol safarida bo‘lmagandi. Ilk safarimizni Samarqanddan boshladik. Shahringiz azaldan nafaqat tarixi, balki madaniyati bilan ham dunyoga mashhur. Turli xalqaro festivallarda teatr aktyorlarimiz ishtirok etib, munosib o‘rin olib kelishdi. Sayfullo Yusupov Bishkekda, Sharofat Usmonova Karagandada bo‘lib qaytdi. Teatrimizda 400 kishi faoliyat olib boradi. Bugun 35 kishidan iborat delegatsiya a’zolari bilan  keldik.

Teatr jamoasi ijodiy safari doirasida ikki davlat san’atkorlari va ijodkorlari ishtirokida "Do‘stlik oqshomi" gala-konsertini ham taqdim etdi.

Viloyat musiqali drama teatrining Tojikistonga ijodiy safari keyingi yilning aprel oyiga rejalashtirildi.

Nasiba JONTO‘RAYeVA.