Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Terrorchilikda bolalardan xudkush sifatida foydalanish ommalashmoqda

Birlashgan Millatlar Tashkilotiga ko‘ra, so‘nggi yillarda bolalarni jangari guruhlarga yollash ko‘rsatkichlari 50 foizga oshgan, deb yozmoqda Human.uz. O‘rta Sharq, Afg‘oniston, Pokiston, Eron va Saudiya Arabistoni oralig‘idagi urush maydonlarida, Yaman, Iroq va Suriyada minglab bolalardan jangari sifatida foydalanilmoqda. Xususan, Al-Jazira telekanaliga ko‘ra, Yamandagi Hutiylar safida jang qilayotgan harbiylarning uchdan bir qismi 18 yoshga to‘lmagan bolalardir.

Kechagina - 12 iyul kuni Afg‘onistonning shimoliy hududida nishonlanayotgan to‘y marosimidagi mudhish ommaviy qotillik ham bola qo‘li yordamida amalga oshirildi. Ma’lum bo‘lishicha, yosh bola shodiyonalar o‘tayotgan xonadonga portlovchi modda bilan kirib, o‘zini portlatib yuborgan. Natijada, 12 kishi hayotdan ko‘z yumgan, bir qancha insonlar jarohatlangan.

Nangarhar viloyatida sodir bo‘lgan qo‘poruvchilik uchun mas’uliyatni "Xuroson Islom davlati" nomi bilan tanilgan jangarilar to‘dasi zimmasiga olgan. Jangarilar hukumatda muhim ta’sirga ega politsiya komandiri - Malik Nurni nishonga olishgani aytilmoqda. Qo‘poruvchilik natijasida o‘lganlar orasida uning ikki nafar o‘g‘illari ham bor.

Hujumning Tolibon jangarilari hamda Afg‘on hukumati vakillari o‘rtasida aholini harbiy nizolardan himoya qilishga oid tinchlik muzokaralaridan ikki kun o‘tib amalga oshirilishi ikki tomonlama kelishuvlarga jiddiy ta’sir o‘tkazishi mumkin.

So‘nggi yillarda jahonda bolalar ishtirokida terrorchilik hujumlarini amalga oshirish ommalashmoqda. Xususan, joriy yilning boshida Nigeriyaning Borno viloyatida sodir etilgan uchta qo‘poruvchilik harakati bolalar yordamida amalga oshirilgan. 2018 yilda esa Indoneziyaning Surabaya viloyatida 9 va 12 yoshli qizlar orqali mahalliy cherkovlarga hujumlar uyushtirilgan.