Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tezlikni cheklash, lotin yozuviga o‘tish, ayollarga "himoya orderi” - deputatlar galdagi sessiyada shu kabi masalalarni muhokama qildi

Xalq deputatlari viloyat Kengashining yetmish yettinchi sessiyasi bo‘lib o‘tdi.

Sessiyani Kengash deputati F.Toshev boshqardi.

Dastlab viloyat IIB yo‘l harakat xavfsizligi boshqarmasi boshlig‘i Sh.Boyxo‘rozovning O‘zbekiston Respublikasi Prezidentining 2022 yil 4 apreldagi “Avtomobil yo‘llarida inson xavfsizligini ishonchli ta’minlash va o‘lim holatlarini keskin kamaytirish chora-tadbirlari to‘g‘risida”gi qarori ijrosini ta’minlash yuzasidan hisoboti eshitildi.

Qayd etilishicha, viloyat hududida yo‘l-transport hodisalari, shu jumladan og‘ir oqibatli, o‘lim bilan bog‘liq hamda bolalar ishtirokidagi yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida profilaktik targ‘ibot va reyd-tadbirlari o‘tkazib kelinmoqda. Natijada yilning 10 oyi davomida 314 ming 993 ta qoidabuzarlik, shundan 140 ming 382 ta qo‘pol qoidabuzarlik, 4 ming 808 nafar mast haydovchi hamda 17 ming 418 nafar qoidabuzar piyoda aniqlangan. Tezlik bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida viloyat hududidan o‘tuvchi xalqaro va davlat ahamiyatidagi avtomobil yo‘llariga tezlikni o‘lchovchi moslamalar o‘rnatilgan 10 ta avtomashina imkoniyatlaridan foydalanilmoqda.

- Ko‘rilgan chora-tadbirlar natijasida 2022 yilning o‘tgan 10 oyida viloyat hududida sodir etilgan yo‘l-transport hodisalari soni 85 taga kamaydi, - dedi Sh.Boyxo‘rozov. – Ammo bitta bo‘lsa ham YTH sodir etilishi, buning oqibatida odamlarning halok bo‘lishi yoki jarohat olishi kimningdir oilasiga g‘am-anduh kirganidan dalolat. Tahlillarimizda ayon bo‘lishicha, yo‘l-transport hodisalarining aksariyati tezlikni oshirish oqibatida kelib chiqyapti. Masalan, 285 ta yo‘l-transport hodisasi aynan shu qoidabuzarlik bilan bog‘liq. Oqibatda 88 kishi halok bo‘lgan, 219 kishi jarohatlangan. 

Shuning uchun viloyat hududidan o‘tuvchi asosiy avtomobil yo‘llari va ko‘chalarida cheklangan yuqori tezlikni 60 km/soat etib belgilash zarurati yuzaga keldi. Aniqrog‘i, turli xavf va o‘lim bilan bog‘liq yo‘l-transport hodisalarining oldini olish maqsadida Yo‘l harakati xavfsizligini ta’minlash sohasidagi respublika komissiyasining qarori asosida harakat qatnovi yuqori bo‘lgan va aholi gavjum hududlarida transport vositalarining yuqori harakat tezligi 60 km/soat etib belgilanishi kutilmoqda.

Deputatlar ushbu dolzarb masalada so‘z yuritib, tizimdagi ayrim kamchiliklarni tanqid qildi. IIB YHXB faoliyatida sifat va samaradorlikni oshirish yuzasidan taklif va tavsiyalari bildirildi.

Sessiya ishida, shuningdek, viloyat hokimining ma’naviy-ma’rifiy ishlar samaradorligini oshirish, davlat tili to‘g‘risidagi qonun hujjatlariga rioya etilishini ta’minlash masalalari bo‘yicha maslahatchisi Sh.Temirov viloyatda lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosiga bosqichma-bosqich to‘liq o‘tish bo‘yicha “Yo‘l xaritasi”da belgilangan vazifalarning bajarilishi yuzasidan hisobot berdi.

Sh.Temirovning ma’lum qilishicha, 2023 yil 1 yanvardan boshlab tashkiliy-huquqiy shaklidan qat’iy nazar barcha tashkilotlarda ish yuritish hujjatlari va boshqa hujjatlarni lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosida ishlab chiqish, qabul qilish va e’lon qilish amaliyotini to‘liq joriy etish belgilangan. Shuning uchun hozirgi vaqtda hokimliklar xodimlari uchun haftada bir kun Davlat tilida ish yuritish asoslarini o‘qitish va malaka oshirish markazi Samarqand hududiy bo‘linmasi yetakchi professor-o‘qituvchilari tomonidan lotin yozuviga asoslangan o‘zbek alifbosi bo‘yicha o‘quv mashg‘ulotlari olib borilmoqda. Shuningdek, viloyatdagi barcha boshqarma, tashkilot, muassasa va idoralarda lotin yozuvini o‘rganish bo‘yicha zarur tavsiyalar berilgan.

Shundan so‘ng deputatlar viloyat ekologiya va atrof-muhitni muhofaza qilish boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari J.Rabbimovning “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ishlar va belgilangan vazifalar to‘g‘risidagi hisobotini tingladi.

Ta’kidlanishicha, “Yashil makon” umummilliy loyihasi doirasida  viloyatda 2022 yil bahor mavsumida 10 million 293 ming tup manzarali va mevali daraxt, buta ko‘chatlari ekilgan. O‘rganishlar natijasiga ko‘ra, ekilgan ko‘chatlarning 1,2 foizi qurigan. Bu holatga yo‘l qo‘ygan 63 nafar mansabdor shaxs va fuqarolarga nisbatan 190 million 500 ming so‘m ma’muriy jarima qo‘llanilgan.

Deputatlar loyiha o‘ta dolzarbligi, hududlarni yashillikka burkash uchun ekilgan ko‘chatlarning sifatli parvarish qilinishi, sug‘orish yo‘llarini tizimli tashkil etilishi bo‘yicha o‘z takliflarini bildirdilar. 

Sessiyada, shuningdek, viloyat IIB huquqbuzarliklar profilaktikasi boshqarmasi boshlig‘i o‘rinbosari - xotin-qizlar bo‘limi boshlig‘i N.Yodgorovaning xotin-qizlar o‘rtasidagi jinoyatchilikning oldini olish borasida viloyatda olib borilayotgan ishlar yuzasidan hisoboti eshitildi. 

Qayd etilishicha, joriy yilning 10 oyi davomida viloyat bo‘yicha tazyiq va zo‘ravonlikdan jabrlangan 1309 nafar ayolga “himoya orderi” berilib, zo‘ravonlik sodir etgan shaxslar ustidan nazorat o‘rnatilgan. “Himoya orderi” rasmiylashtirilgan shaxslarning muammolarini hal etish natijasida 724 oila yarashtirilgan va 582 ta nizoning sabablari bartaraf etilgan. 76 ta “himoya order”lari takroran berilgan, o‘rnatilgan cheklovlarga amal qilmasdan, o‘zi uchun to‘g‘ri xulosa chiqarmagan 192 nafar shaxs ma’muriy javobgarlikka tortilgan.

Deputatlar ko‘tarilgan masala yuzasidan o‘z takliflarini bildirdi.

Sessiyada xalq deputatlari viloyat Kengashi huzuridagi kompensatsiya komissiyasining reglamentini tasdiqlash, xalq deputatlari viloyat Kengashiga saylov o‘tkazuvchi viloyat saylov komissiyasi tarkibiga o‘zgartish kiritish, xalq deputatlari viloyat Kengashining 2022 yil 2 martdagi “Viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan foydalanish to‘g‘risida”gi qaroriga o‘zgartirish kiritish, viloyat mahalliy byudjetining qo‘shimcha manbalaridan samarali foydalanish kabi masalalar ham ko‘rib chiqildi.

Sessiyada muhokama etilgan masalalar yuzasidan tegishli qarorlar qabul qilindi.