Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tibbiyot xodimlarining oyligi oshiriladimi?

Dunyo xalqlarining hayotida koronavirus sabab katta o‘zgarishlar ro‘y berdi. Bu sinov davrini insoniyat uchun haqiqiy qadriyatlar mohiyatiga yetish davri deb atasak ham bo‘ladi.

Jon shirinligidan har kuni quchoqlashib ko‘rishib yurganlar ham bir-birovi bilan qo‘l berib so‘rashmay qo‘ydi. Noinsof toifadagilar bu kunlarda narxlarni sun’iy oshirish evaziga foydani ko‘zlab harakat qilmoqda. Vahimachi toifadagilar ovqat g‘amlash tadorigiga tushib qolishgan.

Bugun butun tanamiz quloqqa aylanib, virusdan qanday saqlanamiz, oila a’zolarimizni qanday asraymiz, bu borada shifokor nima deydi ekan, deb turibmiz.

Adashmadingiz, kechagi kungacha o‘sha biz mensimagan, odamlar qo‘lida kaltak yeb bo‘lsa-da, o‘z kasbini bajargan, shtat birliklari moliya organlari tomonidan ayovsiz qisqartirilgan, “forma” kiyganlar oylik maoshi bir necha barobar oshirilganda ham o‘zining kamtargina oyligiga qanoat qilib kelgan o‘sha shifokorga kunimiz qoldi.

Qadimdan nega shifokor obro‘si baland bo‘lgan, degan savolni o‘ylab ko‘rganmisiz?

Rasululloh sollallohu alayhi vasallam odamlarni davolanishga targ‘ib qilib, shunday marhamat qilgandilar: “Davolaninglar, Alloh bir dardni yaratgan bo‘lsa, uning davosini ham yaratgan. Faqat bir dardning davosi yo‘q, u – qarilikdir” (Abu Dovud, Termiziy rivoyati).

O‘zbekiston Prezidenti Shavkat Mirziyoyevning Oliy Majlisga qilgan Murojaatnomasida sog‘liqni saqlash tizimini rivojlantirish, tibbiy xizmat sifatini oshirishga alohida e’tibor qaratildi. “Shifokorning jamiyatdagi o‘rni va maqomini kuchaytirish, xalqimiz o‘rtasida ularga nisbatan hurmatni oshirish, ushbu kasb egalari uchun munosib mehnat sharoitini yaratish va daromadini ko‘paytirish bo‘yicha amaliy chora-tadbirlar ko‘rishimiz darkor”, deya ta’kidlanadi. Ayniqsa, gematologiya, virusologiya, immunologiya sohalari, dori-darmon va tibbiyot texnikasi uchun mablag‘larni ko‘paytirish zarurligi aytilgan.

Bugun moliya organlari, joylardagi hokimlar va barcha mutasaddilarning tibbiyot xodimlari oldida uyaladigan kun bo‘lmoqda. Tibbiyot sohasida shtatlarning qisqarib ketishi kimga kerak bo‘lgan edi? Saylov okruglarining qaysinisiga borsangiz, bizga tibbiy xizmatni yaxshilab bering, bizga tibbiyot punkti ochib bering, bizga shifokor yetishmayapti degan murojaatlar qilishadi. Afsuski, ularning bu kabi gaplarini shu paytgacha hech kim eshitishni xohlamadi.

Koronavirus tarqalishining oldini olish bo‘yicha hukumat tomonidan olib borilayotgan ishlarni to‘liq qo‘llab-quvvatlaymiz. Xalqimiz ham bu choralarni to‘g‘ri tushunib qabul qilmoqda. Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputatlarining aksariyat qismi o‘z saylov okruglariga birlamchi tibbiyot muassasalariga amaliy yordam berish uchun chiqib ketishdi. Tibbiyot xodimlarini nimalar qiynayapti, epidemiya tarqalmasligi uchun 24 soat ishlashi kerak bo‘layotgan tibbiyot xodimlari uchun sharoitlar tayyormi? Binolarning ahvoli qanday, dori-darmon vositalari, tibbiyot anjomlari shaymi, byudjetdan ajratilgan pullar o‘z o‘rniga sarf bo‘lganmi? Bularni o‘rganish va joyiga qo‘yish uchun bugun parlament va deputatlik nazorati juda muhim.

Bugun mamlakatimizdagi vaziyatni hisobga olib, o‘z hayotini xavf ostiga qo‘yib, el xizmatida bo‘layotgan shifokor mehnatini qadrlash bo‘yicha zudlik bilan aniq tadbirlar amalga oshirilishi kerak.

Jumladan, tibbiyot xodimlari mehnatiga haq to‘lash va ularni moddiy rag‘batlantirishning amaldagi tizimi tanqidiy tartibda qayta ko‘rib chiqilishi lozim. Bunda asosiy e’tibor tibbiyot xodimining mehnatiga haq to‘lash miqdori bajarilayotgan ishlarning murakkabligi va yuklanmasi darajasiga hamda ko‘rsatilayotgan tibbiy yordam sifatiga bog‘liq holda bo‘lishiga qaratilib, oylik to‘lovlar miqdori sezilarli darajada oshirilishi lozim.

Yuqumli kasalliklar bilan bog‘liq bo‘limlarda faoliyat olib boradigan vrachlar, o‘rta va kichik tibbiyot xodimlari, bemorlarga xizmat ko‘rsatuvchi barcha kasblardagi xodimlar uchun yanayam alohida shartlarda oylik maoshlari oshirilishi bugungi kun talabidir.

Axir bugun UASh xodimi, patronajlar, laboratoriya xodimlariga ehtiyojimiz juda katta bo‘lib turibdi-ku?! Xalqimiz salomatligi yo‘lida fidoyilik qilayotgan insonlar ham katta maosh olsa, aholi salomatligini saqlash uchun byudjetdan pul sarf bo‘lsa, nima bo‘pti?

“Adolat” SDP fraksiyasi o‘z saylovoldi dasturida sog‘liqni saqlash tizimida islohotlar qilish va shifokor maqomini oshirishga katta o‘rin ajratgan edi. Bugun ana shu maqsadlar hamda mamlakatimiz Prezidentining Oliy Majlisga Murojaatnomasida belgilangan vazifalardan kelib chiqib, shuningdek, hayot taqozo etayotgan vaziyatni hisobga olib, mamlakatimizda shifokor baland maqomga ega bo‘lishi, sog‘liqni saqlash tizimi aholiga munosib xizmat ko‘rsatishi uchun, bu soha xodimlariga respublika, viloyat, shahar-tuman darajasida barcha sharoitlar teng yaratilishi, sohadagi barcha xodimlarning oylik maoshlari oshirilishi zarur deb hisoblaymiz.

O‘ylaymizki, hukumat bu takliflarni albatta ijobiy ko‘rib chiqadi.

Albatta, faqatgina oylik maoshlarni oshirish bilan muammo o‘z yechimini topib qolmaydi. Bugun shifokorlarimizni siz va biz, jamiyatimiz ma’naviy qo‘llab-quvvatlashi ham muhim bo‘lib, tibbiyot xodimlarining ijtimoiy himoyasini kuchaytirish, kasb darajasi va malakasini uzluksiz oshirib borishlari uchun rag‘batlantiruvchi tizimni yanada takomillashtirish ham oldimizda turgan asosiy vazifalardir.

G.SAIDG‘ANIYeVA,

Sh.POLVANOV,

Oliy Majlis Qonunchilik palatasidagi “Adolat” SDP fraksiyasi a’zolari.