Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

TIV Rossiyada 50 kishi hayotini qutqarib qolgan o‘zbekistonlik haqida bayonot berdi

O‘zbekistonning Sankt-Peterburg shahridagi Bosh konsulxonasi 1 dekabr kuni shaharning Primorskoye shossesida ichida taxminan 50 nafar yo‘lovchi bo‘lgan 211-yo‘nalishdagi avtobus yonib ketgani to‘g‘risida OAVda tarqalgan xabarni tasdiqladi, deb xabar bermoqda TIV matbuot xizmati.

Avtobus haydovchisi - O‘zbekiston fuqarosi Abdumannon Qarshiyevning tezkor va to‘g‘ri harakatlari tufayli hech kim jabrlanmagan.

Qarshiyev avtobus haydovchisi sifatida "Tretiy park" OAJda 2016 yildan buyon mehnat faoliyati bilan shug‘ullanib kelgan.

Xabarlarga ko‘ra, avtobus standart yo‘nalish bo‘ylab harakatlanayotgan bo‘lgan. Haydovchi orqani ko‘rsatuvchi ko‘zgudan qora tutunni ko‘rib to‘xtagan. Barcha eshiklarni ochib, evakuatsiya e’lon qilgan. Yo‘lovchilar sarosimaga tushmay, avtobusdan chiqishga muvaffaq bo‘lishgan, ulardan hech kim jarohatlanmagan.

Haydovchi esa o‘t o‘chirish vositasi orqali alangani mustaqil bostirishga harakat qilgan.

Kompaniyada ushbu jasoratli haydovchining mardonavor xatti-harakati va yuqori professionalligi e’tirof etildi. U vaziyatning murakkabligiga qaramay, sarosimaga tushmagan va yonayotgan avtobusdan yo‘lovchilarni olib chiqqan.