Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tizimda 30, 40 yillab faoliyat yuritib, attestatsiyadan o‘tmagan o‘qituvchilar bor

Bu haqda Samarqand viloyat Matbuot uyida viloyat xalq ta’lim boshqarmasi boshlig‘i Zebuniso Shodiyeva ishtirokida o‘tkazilgan matbuot anjumanida aytildi.

Dastlab ta’lim sohasida kadrlar salohiyatini oshirish, pedagog-xodimlarni moddiy va ma’naviy rag‘batlantirish, “qizil”, “sariq”, “yashil” toifadagi maktablarda amalga oshirilayotgan ishlar, oliy toifali o‘qituvchilarga bo‘lgan  ehtiyoj, maktablar moddiy-texnika bazasini mustahkamlash, tizimdagi mavjud to‘siqlarni bartaraf etish borasida ma’lumot berildi.

Ta’kidlanishicha, bugun viloyatda 1255 ta umumta’lim muassasalari mavjud. Ularda 56 ming 370 nafar o‘qituvchi 734 ming 398 nafar o‘quvchiga ta’lim-tarbiya berib kelmoqda.

- 2019-2020 o‘quv yili yakuni bilan o‘tkazilgan tahlillarga ko‘ra, viloyatimizdagi 142 ta maktabning birorta bitiruvchisi oliy ta’lim muassasalariga o‘qishga kirmagan, - deydi Z.Shodiyeva. - Tumanlar kesimida qaraydigan bo‘lsak, eng past ko‘rsatkich Qo‘shrabot, Past Darg‘om, Urgut, Payariq, Nurobod, Bulung‘ur va Kattaqo‘rg‘on tumanlari maktablari hissasiga to‘g‘ri keladi. Ushbu maktablar direktorlarining 41 nafari ogohlantirilgan, 48 nafariga hayfsan, 7 nafariga 30 foizlik intizomiy jazo chorasi berilgan. 45 nafari bilan mehnat shartnomalari bekor qilingan.

Bugun umumta’lim maktablarida 56 mingdan ortiq pedagog-xodim faoliyat yuritayoigan bo‘lsa, ularning atigi 2,3 foizi oliy toifali o‘qituvchilardir. Malaka oshirish institutida tahsil olayotgan o‘qituvchilar bilan suhbatlashganimizda 30, 40 yillab maktabda faoliyat yuritayotgan o‘qituvchilar attestatsiyadan o‘tmaganiga guvoh bo‘ldik. Demak, ular yillab o‘z ustida ishlamagan. 2021 yildan oliy toifali o‘qituvchilarning oylik maoshi 1 million 500 ming so‘mga oshirildi. Bu ham ularning sonini oshirishga xizmat qiladi.

Ijtimoiy tarmoqlarda o‘quvchilarning maktabdagi beo‘xshov qiliqlari, o‘qituvchining quyushqondan chiqib, haddidan oshishga majbur bo‘layotgan holatlarni ko‘ryapmiz. Albatta, bu holat o‘z-o‘zidan yuzaga kelmaydi. Viloyatimizdagi maktablarda 2000 nafardan ortiq psixologlar faoliyat yuritsa, afsuski ularning aksariyati psixologiya bo‘yicha mutaxassis emas. Biz maktablardagi sog‘lom muhitni shakllantirish, pedagog va o‘quvchilar o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish maqsadida 24 nafar trenerni psixologiya fakultetida o‘qitdik. Ular maktablarga borib o‘z tajribalari bilan o‘rtoqlashmoqda.

Shu bilan birga o‘rganishlarimiz natijasi shuni ko‘rsatdiki, bugungi kunda 7296 o‘quvchining ota-onasi ajrashgan, 9450 nafarining ota-onasi yoki ikkalasidan biri vafot etgan, 19 ming 277 o‘quvchining ota-onasi yoki ikkalasidan biri chet elga ketganligi ma’lum bo‘ldi. 978 o‘quvchi notinch oila farzandi, 449 o‘quvchi ota-onasi yoki vasiylari tomonidan turli tazyiqqa uchragan, 1146 o‘quvchi ichkilikka ruju qo‘ygan oila vakillari bilan bir xonadonda istiqomat qiladi. Bu raqamlar ortida farzandlarimiz kelajagi, ta’lim-tarbiyasi bilan bog‘liq og‘riqli muammolar yotibdi.

Shuningdek, matbuot anjumanida viloyat bo‘yicha 476 nafar fan o‘qituvchilariga, jumladan, matematika, informatika, fizika, kimyo, biologiya, rus va ingliz tillari bilan bog‘liq mutaxassislarga ehtiyoj bor. Urgut tumanida 180 nafar va Past Darg‘om tumanida 131 nafar qayd etilgan fanlardan malakali o‘qituvchilar yetishmaydi.

Boshqarma boshlig‘i ommaviy axborot vositalari  xodimlari bilan bo‘lgan muloqotda maktablarda ta’lim sifatida, darsliklarning yetishmovchiligi, o‘quvchilarning sog‘lom ovqatlanishida talabga javob bermaydigan oshxonalar faoliyati, o‘qituvchilarning bugungi nufuzi haqida berilgan savollarga javob berdi.

Nasiba Jonto‘rayeva.