Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tojikiston vaziri Shirin Amanzoda boshchiligidagi delegatsiya Samarqandda bo‘ldi

Kecha Tojikiston Respublikasi Mehnat, migratsiya va aholi bandligi vaziri Shirin Amonzoda boshchiligidagi delegatsiya vakillari Samarqand shahriga keldi.

Dastlab mehmonlar Samarqand shahridagi KOICA kasb-hunarga o‘qitish markazi faoliyati bilan tanishdi. Markaz direktori Ismoil Ergashev o‘quv xonalari, laboratoriya va mashg‘ulotlar o‘tiladigan ustaxonalarni tanishtirdi. Bu yerda mashinasozlik texnologiyasi, kompyuter dizayni, shuningdek, boshlang‘ich biznes inkubator kabi ta’lim yo‘nalishlari tashkil etilgani, o‘qituvchilar Janubiy Koreya ta’lim va texnologiya universitetida malaka oshirish kurslari o‘tayotgani aytildi.

Delegatsiya tashrifining navbatdagi manzili Samarqanddagi “Ishga marhamat” monomarkazi bo‘ldi.

- Tojikistonda yoshlarga IT-texnologiyalarni o‘rgatadigan litsey bor, lekin u yiliga 100-120 mutaxassisni tayyorlaydi, - deydi Shirin Omonzoda. - Bu yerda qisqa muddatli kurslarni yiliga 600 ga yaqin kishi tugatadi. Tojikistonda 62 ta kasb-hunar maktabi kadrlar tayyorlash bilan shug‘ullanadi, ularda yiliga 11 ming mutaxassis bitiradi.

Tashrif so‘ngida delegatsiya vakillari viloyat hokimi E.Turdimov bilan uchrashdi, hokim kadrlar tayyorlash sohasida kelgusida hamkorlik zarurligini ta’kidladi.

O‘z navbatida Shirin Amonzoda ikki davlat o‘qituvchilari uchun malaka oshirish va tajriba almashish uchun o‘n kunlik kurslar ochishni taklif qildi.

E’tiborlisi shundaki, Shirin Amonzoda Samarqandga tashrifidan bir kun oldin O‘zbekiston Respublikasi Bandlik va mehnat munosabatlari vaziri Nozim Husanov bilan muzokara o‘tkazdi. Uchrashuv yakunida ikki mamlakat bandlik va mehnat vazirliklari o‘rtasida 2021-2023 yillarga mo‘ljallangan o‘zaro anglashuv memorandumi bandlarini amalga oshirish bo‘yicha qo‘shma harakatlar rejasi imzolandi.

Zamira Baltayeva.