Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Toshkent, Nukus, Urganch, Jizzax shaharlarida VII Yevropa kinosi festivali bo‘lib o‘tadi

Joriy yilning 11 oktyabridan 10 noyabrigacha Toshkent, Nukus, Urganch va Jizzax shaharlarida “O‘zbekkino” milliy agentligi, Yevropa Ittifoqining O‘zbekistondagi delegatsiyasi, O‘zbekiston Elektron ommaviy axborot vositalari milliy assotsiasiyasining (EOAVMA) hamkorligida VII  Yevropa kinosi festivali o‘tkaziladi.

Festival dasturida katta ekranlarda Yevropaning yetakchi rejissyorlari tomonidan yaratilgan filmlar namoyish etilishi ko‘zda tutilgan.

Filmlar 11-18 oktyabr kunlari Toshkentdagi EOAVMA “Media-xoll” binosida, 24-26 oktyabr kunlari Nukus shahrida, 1-3 noyabr kunlari Urganch shahrida, 8-10 noyabr kunlari Jizzax shahri kinoteatrlarida namoyish etilishi belgilangan.

Festival doirasida Yevropaning 12 mamlakati: Avstriya, Belgiya, Bolgariya, Vengriya, Germaniya, Daniya, Italiya, Latviya, Gollandiya, Finlyandiya, Fransiya va Shvetsiyaning taniqli rejissyorlari tomonidan yaratilgan 10 ta film tomoshabinlarga taqdim etiladi.

Bular: “Belgiyaliklar qiroli” komediya janrida suratga olingan drama, “Qishdagi Luiza” animatsion filmi, “Stefan Sveyg: Yevropa bilan xayrlashuv” hujjatli filmi, “Imtihon” va “Kichik fermer” dramalari, “Homo sapiyens” filmi, “Uzoqdagi kuchuklar hayqirig‘i” hujjatli filmi, “Chyambra” dramasi, “Hayotdagi eng baxtli kun” nomli quvnoq hujjatli filmlar va “Jannat 89” badiiy filmlaridir.

Barcha filmlar rus va o‘zbek tillaridagi subtitrlar yordamida namoyish etiladi.

Kinoseanslarga kirish – bepul.

“O‘zbekkino” milliy agentligi axborot xizmati.