Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

To‘y – qadriyat

Dabdaba va hashamni ko‘rsatib qo‘yish vositasi emas!

“Bizni kemirguvchi illatlar” degan odatlarimiz, shu to‘y va ta’ziya ismindagi devonaligimizdan iboratdur. Bir do‘konchi, bir gulkor, bir faqirhol, bir kosib uchun bu to‘y va ta’ziyalar o‘lumdan qattig‘durki, muning uchun bechora har kun o‘lur. Har kun o‘lg‘on ila-da qutulmas. O‘zidan so‘ngra ahlu ayolig‘a bu yo‘qsullik va bu musibatni meros qo‘yar...».

Ushbu satrlar ma’rifatparvar bobomiz Mahmudxo‘ja Behbudiy tomonidan “Oyna” jurnalida (1915 yil, 13-son, 338—342-betlar) e’lon qilingan.

Oradan bir asrdan ortiq vaqt o‘tib ana shu mulohazalarni o‘qir ekanmiz, to‘y-marosimlardagi dabdababozlik, isrofgarchilik, manmanlik kabi illatlardan xalos bo‘lish xalqimiz uchun ham, jamiyatimiz uchun ham hali hanuz dolzarb bo‘lib turganini yanada teranroq anglab yetamiz.

To‘y – xalqimiz uchun qadriyat darajasiga ko‘tarilgan marosim. Unda odamlar o‘rtasidagi mehr-oqibat, saxovat, bag‘rikenglik, mehmondo‘stlik mujassam.

Afsuski, keyingi paytda ushbu marosim azaliy qadriyatlarimizdan ancha uzoqlashib, faqat dabdaba va hashamni ko‘z-ko‘z qilish vositasiga aylanib bormoqda.

To‘ylarimizda bir paytlardagi ajoyib odatlar – to‘y egasining yaxshi fazilatlarini, ezgu amallarini, mahallaga, odamlarga ibratini aytish yoshlarga o‘ziga xos saboq bo‘lgan, to‘yga kelganlar nimadir yangi gap eshitgan, ezgu ishlarni o‘rgangan. Mehmonlar so‘zga chiquvchilarning gapiga qarab, shu oilaga havas bilan qaragan. El-yurt ishiga aralashmaydigan, namuna ko‘rsata olmagan oilalar haqida esa oqsoqollar yaxshi fikr bildirsa-da, kinoyali jumlalar bilan ularni qaysidir ma’noda izza ham qilgan. Bu ham o‘ziga xos tarbiya usuli bo‘lgan.

Bugun to‘ylarda bunday o‘ziga xos ma’rifiy suhbatlar, ibratlar unut bo‘lmoqda. Aksincha, turli xil yangidan-yangi, bachkana odatlar paydo bo‘lmoqdaki, bunga keng jamoatchilik e’tiborsiz qaramoqda.

Deylik, keyingi paytda to‘y bolaning, kelin-kuyovning, san’atkorlarning ustidan pul sochish, ba’zilarida hatto poyandozday to‘shash holatlari uchramoqda. Kelin-kuyov to‘ylarida esa turnaqator turli tuman markadagi avtomobillar kortejini gapirmasa ham bo‘ladi. Bu ba’zi fuqarolarimizning saviyasi ming mashaqqat bilan ishlab topgan pulni shu tariqa sochishga yetayaptimi, deb afsuslanasan kishi.

Pul bu shunchaki moddiy muomala vositasigina emas, balki davlatimizning iqtisodiy ramzi hamdir. Pul sochish yoki poyandoz qilish iqtisodiy savodsizlik, o‘zimizga nisbatan hurmatsizlikning bir ko‘rinishi, deb o‘ylayman. Har birimizda milliy g‘urur, o‘zligimizga, ostonamizga, Vatanga, tilimizga, davlatimiz ramzlariga hurmat bo‘lmas ekan, jamiyat taraqqiyotida yuksaklikka erishish qiyin kechadi.

Yoki to‘ylarda ayrim yoshlarning o‘ziga yarashmagan tarzda qiliqlar qilib (buni raqs deb aytish noo‘rin), mehmonlar e’tiborini tortishga urinishi, turli xil shou va tomoshalarning uyushtirilishi ham to‘ylarimizning ma’naviy qadr-qimmatiga putur yetkazmoqda.

Bularning barchasiga keyingi paytda to‘ylarda turli xil odatlarning paydo bo‘lishiga befarq qarashimiz, yangi urf chiqibdi, deb unga ko‘r-ko‘rona ergashishimiz sabab bo‘lmayaptimi? Nega, ko‘pni ko‘rgan oqsoqollarimiz, el ichida hurmat-e’tiborga ega nuroniylarimiz, ota-onalar bunga befarq qarayapti? Axir yoshlarni to‘g‘ri yo‘lga boshlash, ularga xalqimizga xos an’ana va qadriyatlarni o‘rgatish, avvalo biz kattalarning vazifamiz emasmi?

Bunday holatga barham berish uchun davlat idoralarining munosabati, huquqiy hujjatini kutish shart emas, nazarimda. Bunga avvalo, jamoatchilik o‘z munosabatini bildirishi, xalqimizni, ayniqsa, yoshlarni o‘zligimizga xos bo‘lmagan odatlardan tiyilishga chaqirishi lozim. Bu masalada aholining ijtimoiy faolligi, yurtdoshlarimizning o‘z fuqarolik pozitsiyasini teran his qilishi muhim ahamiyatga ega, deb o‘ylayman.

Bugun xonadonlarda ham to‘y-ma’rakalar o‘tkazilayotgan bo‘lsa-da, baribir asosiy marosimlarimiz to‘yxonalarda o‘tmoqda. Bunday paytda har bir to‘ychi restorandan foydalanish avvalida o‘zaro kelishuvga erishadi. Shu kelishuv jarayonida ular bir-biriga o‘z shartlarini qo‘yadi. Ana shunday paytda to‘yxona egalari turli odatlar, misol uchun, kelin-kuyovning ustidan pul sochish, restoranda sarpolar tarqatish, shuningdek, karnayning ovozini haddan ortiq baland qilmaslik kabi shartlarni, isrofgarchilik, shuhratparastlik va dabdababozlik kabi illatlarga yo‘l qo‘ymaslik masalalalarini ham qo‘yishi kerak.

Ochig‘ini aytganda, so‘nggi paytlarda to‘y-ma’rakalar bilan bog‘liq ortiqcha sarf-xarajatlar minglab oilalarning moddiy ahvoli yomonlashuviga olib kelmoqda. Aholining aksariyat qismi ko‘p sonli mehmonlar taklif etishini go‘yoki saxiylik, mehmondo‘stlik belgisi, deb hisoblamoqda. Vaholanki, to‘y avvalo oilaviy tadbir, qarindosh-urug‘, do‘st-yorlar bilan nishonlanadigan marosim. Buni har bir oila o‘z imkoniyati, iqtisodiy sharoitidan kelib chiqib tashkil etishi mumkin.

Afsuski, bugun to‘ylar oilalar daromadiga qarab emas, “boshqalardan qolib ketmaylik”, “men undan kammi” degan aqidalar bilan tashkil etilmoqda. Bu esa ko‘plab to‘y egalarini, o‘rtahol oilalarni to‘ydan keyin bir necha yil davomida qarzga to‘lashiga sabab bo‘lmoqda. Eng yomoni, bu ayrim oilalarning buzilib ketishiga olib kelmoqda.

Endi tasavvur qiling, 2-3 soatlik tadbirga yillar davomida to‘plangan mablag‘larni sarflash qanchalik to‘g‘ri? Dunyoda yana qaysi xalq bunday yo‘l tutadi? Hech bir millat, xalqda bunday odat yo‘q. Nega buni anglashimiz, odamlarga yetkazishimiz qiyin kechmoqda? Nega ixcham, kamxarj to‘y o‘tkazishni hech kim o‘zi boshlab bergisi kelmaydi? El qatori-da, deb qachongacha o‘zimizni aldaymiz, ovutamiz. Oqilona tarzda to‘y o‘tkazib, tejalgan mablag‘larni oila salomatligi va farovonligi, bolalar ta’lim-tarbiyasiga sarflash mumkin-ku!

Isrofgarchilik, shuhratparastlik va dabdababozlik kabi illatlar so‘nggi paytlarda to‘y, oilaviy tantana va boshqa marosimlarni o‘tkazishda shunchalar avj oldiki, unga qat’iy barham berish bugun hayotiy zaruratga aylanmoqda.

To‘g‘ri, to‘ylar va ma’rakalardagi sarf-xarajatlarni qisqartirish maqsadida mahalliy hokimiyat organlari tomonidan qarorlar qabul qilingan. Ammo bu hozircha kutilgan natijani bermayapti. Barchamiz o‘z hududimizda to‘y va ma’rakalar, oilaviy marosim va boshqa tadbirlarning o‘tkazilishi yuzasidan jamoatchilik nazoratini o‘rnatishda faol ishtirok etishimiz zarur. Bu borada odamlar bilan suhbatlashsak, ayniqsa, yoshlarda ushbu masalaga mas’uliyat va daxldorlik hissini kuchaytira olsak ayni muddao bo‘lar edi.

(Samarqand viloyati hokimining ijtimoiy tarmoqdagi sahifasidan olindi)