Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

To‘ylar yoxud turmushimizni tark etmayotgan o‘ylar

Yurtimizdagi to‘y marosimlari o‘ziga xos urf-odatlar bilan ajralib turadi. Birgina nikoh to‘yi bilan bog‘liq “non sindirish”dan tortib “quda chaqiriq”qacha o‘nlab odatlar bor. Orzu-havas deb xaspo‘shlanayotgan va oqibatda yo‘l qo‘yilayotgan ortiqcha chiqimlarga hatto XX asr boshlarida ham turlicha munosabatlar mavjud bo‘lgan. Bu borada qizg‘in bahs-munozaralar yuzaga kelgan.

Afsuski, mazkur masalada hamon jamiyatimiz o‘zini boshqara olmayotgani hamda sarf-xarajatlar kundan-kun ko‘payib borayotganining guvohi bo‘lmoqdamiz. Hatto ko‘plab vatandoshlarimiz faqat to‘y va u bilan bog‘liq xarajatlarni ko‘tarish uchun xorijiy mamlakatlarda og‘ir sharoitda mehnat qilayotgani hech kimga sir emas.

Qonuniy cheklov mumkinmi?

To‘ylar masalasi muhokamasida jamiyat deyarli ikkiga bo‘lingan. Ularning bir qismi sarf-xarajatlarni cheklash tarafdori bo‘lsa, boshqalar esa bunday yo‘l tutib bo‘lmasligini isbotlashga urinib keladi.

2018 yil 29 iyunda Oliy Majlis Senatining o‘n beshinchi yalpi majlisida senatorlar xalqimizning milliy urf-odatlari, hududlarning o‘ziga xosligidan kelib chiqib, to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishi borasida yagona, qat’iy normalar belgilanishi maqsadga muvofiq emas, degan xulosaga kelishgan.

Xalqimiz orasida to‘y-hasham va boshqa oilaviy tadbirlarni ixcham o‘tkazishni yo‘lga qo‘yishga muayyan me’yoriy hujjat bilan emas, odamlar o‘rtasida keng ko‘lamli targ‘ibot-tashviqot, shaxsiy ibrat, namunali tadbirlar misolida erishish har jihatdan foydali ekani qayd etiladi.

Darhaqiqat, bu amaliyot ham aslida begona emas. Zotan, manbalarga ko‘ra, jadidlarning yetakchilaridan biri, katta boylik va mansab egasi Mahmudxo‘ja Behbudiy 1909 yil 15 aprelda Maqsud Xo‘ja ismli o‘g‘liga xatna to‘yi qilib, 1000 rubldan ham kam pul sarflagan ekan. Manbalarda kelishicha, u to‘yga ketadigan ortiqcha sarf-xarajat o‘rniga Samarqanddagi kutubxonaga Rossiya va Turkiyadan kitoblar xarid qilib keltirgan.

Jadidlar tomonidan chop etilgan gazetalarda yirik yer va mulk egalarining kamxarj to‘y qilib, ezgu ishlarga katta mablag‘ sarflagani haqida targ‘ibot materiallari berib borilgan. Bugun afsuski, bunday “jasorat” ko‘rsatayotgan ziyoli yoki amaldorni uchratish qiyin masalaga aylandi...

Boshqalarga zulm qilmayapmizmi?

To‘g‘ri, nikoh to‘yi, ya’ni valiyma, ayrim ulamolarga ko‘ra, mustahab yoki vojib (qilinishi kerak, qilinsa maqbul) amal sanaladi. Biroq muayyan talab­lar borki, bugun uni yoddan chiqarib qo‘ymayapmizmi?

Xususan, aytilishicha, Abu Hurayra roziyallohu anhu “Taomning eng yomoni boylar da’vat qilinib, kambag‘allar chaqirilmagan valiyma taomidir”, der ekan.

Demak, valiymalar, umuman, islomda birovga taom berish marosimlaridan asosiy maqsad hojatmand kishilarni taomlantirish, ularning ko‘nglini ko‘tarish ekan. O‘ylab ko‘ring, nikoh to‘yida “eng yomon taom” tortmadingizmi? Valiyma ziyofatiga kambag‘al, beva-bechoralar ko‘proq da’vat qilinsa, ehson o‘rniga tushgan bo‘larmidi?

Ajdodlarimiz nikoh to‘yi qilib, ko‘pchilikni chorlashidan ko‘zlangan asosiy maqsadlardan biri musulmonlar jamoasining yangi oila va kelin-kuyov haqiga duolaridan umidvorlikdir, deyishgan. Biz-chi, boyligimizni, nimalarga qodirligimizni ko‘z-ko‘z qilish uchun to‘y qilmayapmizmi?

Aytilishicha, tavoze bandaning Yaratganni va o‘z nafsini yaxshi bilishidan paydo bo‘ladi. Tavozeli odam Alloh uchun qalbini siniq tutadi, o‘zini past olib, odamlarga rahmli bo‘ladi, boshqalarni o‘zidan afzal bilib, ularning haq-huquqlariga rioya qiladi.

Shariatni tan olmasak, qonunni-chi?

Oliy Majlis Senati va Qonunchilik palatasi Kengashlari 2020 yil 14 sentyabr kuni to‘y-hashamlar, oilaviy tantanalar, ma’raka va marosimlar, marhumlarning xotirasiga bag‘ishlangan tadbirlar o‘tkazilishini tartibga solish tizimini takomillashtirish to‘g‘risidagi qarorni qabul qilgan edi.

Qonun bilan teng yuridik kuchga ega bo‘lgan mazkur hujjat 2021 yil 1 yanvardan kuchga kirdi. Unda oilaviy tadbirlar belgilangan qat’iy talablar asosida o‘tishi belgilangandi.

Xususan, tartibga ko‘ra, milliy an’analarga yot, odob-axloq qoidalariga zid bo‘lgan turli shoularni, ortiqcha vaqt va xarajat talab qiladigan to‘ylar, oilaviy tantanalardan oldingi, tadbir davomidagi va undan keyingi qo‘shimcha rasm-rusumlarni (“kelin navkari”, “chorlar”, “ota ko‘rdi”, “sep yoydi”, “quda chaqirdi”, “kuyov chaqirdi”, “kelin chaqirdi”, “tog‘ora yuborish”, “pul sochish” va hokazolarni) o‘tkazishga yo‘l qo‘yilmaydi.

Unda shu kabi yana bir qator talablar belgilangandi. Afsuski, oradan ko‘p o‘tmay, pandemiya sababli karantin e’lon qilindi. Joni ko‘ziga ko‘ringan odamlarimiz shundoq ham bajonidil turli marosimlarni qisqartirishga tushishdi. Lekin vaziyat iziga tushishi bilan yana o‘zligimizni yo‘qotishni boshladik.

Ammo Parlament palatalarining qayd qilingan qarori hamon o‘z kuchida. Hamma gap unga amal qilish yoki qilmasligimizda, tegishli idoralar tomonidan ijrosi nazorat qilinishida qolmoqda.

Yoqubjon MARQAYeV.