Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Toyloqdagi maktabda o‘quvchilar o‘rtasida yuz bergan holat ortidan maktab direktori, o‘rinbosari va psixolog ishdan ketdi

Samarqanddagi maktabda o‘quvchi ikkinchi o‘quvchining ko‘ziga jarohat yetkazgani uchun direktor o‘rinbosari kaltaklangani haqida xabar qilingan edi.

Samarqand viloyati xalq ta’limi boshqarmasi axborot xizmati holat yuzasidan qo‘shimcha ma’lumot taqdim etdi.

Ma’lum qilinishicha, ushbu holat Toyloq tuman xalq ta’limi bo‘limi tomonidan o‘rganilgan.

Tumandagi 6-umumta’lim maktabida joriy yilning 17 noyabr kuni dars jadvaliga asosan,1-soat 9-”A” sinfida ona tili darsi bo‘lgan. Ona tili fani o‘qituvchisi D.G‘. 1-soat darsda bo‘lsa-da, geografiya o‘qituvchisi M.X. oilasida maraka borligi uchun iltimos qilib, o‘zaro kelishuvga ko‘ra, 2 ta sinfda (9-"A" va 9-"B" sinfida) parallel ravishda dars o‘tgan. Soat 8:25 da 9-"B" sinfida geografiya darsini o‘tayotgan o‘qituvchi M.X. voqea sodir bo‘lgan payt 9-"A" sinfiga topshiriq berayotgan bo‘lgan. Nazoratsiz qolgan 9-"B" sinf o‘quvchilari M.D. sinfdoshi Sh.Sh.ga ruchkasini uzatayotgan paytda (otib yuborgan) tasodifan sinfdoshi X.N.ning ko‘ziga tegib ketib jarohatlagan. Shu paytda maktab hamshirasi va maktabning ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosari jabrlanuvchi o‘quvchini tez yordam kelishini kutmasdan yo‘l mashinasida Toyloq tuman tibbiyot bo‘limiga olib boradi va o‘quvchining ota-onasiga xabar beradi.

Toyloq tuman tibbiyot bo‘limi tez yordam bo‘linmasida bemorga zudlik bilan birinchi yordam ko‘rsatilib, viloyat shifoxonasiga yuborilgan va jarrohlik amaliyoti o‘tkazilgan.

Jabrlanuvchining onasi joriy yilning 24 noyabr kuni ertalab soat taxminan 9:10 lar atrofida maktabga kelib ma’naviy-ma’rifiy ishlar bo‘yicha direktor o‘rinbosarining sochidan tortib, do‘pposlab urgan. Ta’kidlanishicha, jabr ko‘rgan qizning onasi sodir bo‘lgan hodisa haqida direktor o‘rinbosari unga o‘z vaqtida xabar qilmaganligini iddao qilgan.

Ushbu holat yuzasidan olib borilgan o‘rganishlar natijasiga ko‘ra, maktabda dars paytida o‘quvchilarning nazoratsiz qoldirilganligi va o‘qituvchilarning o‘zaro dars almashishiga imkon yaratilganligi uchun 6–umumta’lim maktabning o‘quv ishlari bo‘yicha direktor o‘rinbosari hamda maktab amaliyotchi psixologi bilan tuzilgan mehnat shartnomasi bekor qilingan.

Shuningdek, mazkur maktab direktori R.D. o‘z arizasiga ko‘ra, lavozimidan ozod etilgan.