Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tungi mutolaa. Xoldosh. Hikoya

O‘ktam Mirzayor 1956 yilda Narpay tumanida tug‘ilgan.

Jurnalist va yozuvchi. Ko‘p yildan buyon respublikamizning turli matbuot nashrlarida barakali mehnat qilib keladi. Jumladan, keyingi yillarda “Hurriyat”, “O‘zbekiston adabiyoti va san’ati” gazetasi bosh muharriri bo‘lib ishladi. 

O‘zbekiston Yozuvchilar uyushmasi a’zosi. Uning «Ogoh ko‘ngil», «Yaxshi kunlar quvonchi», «Sog‘inch daftari» kabi to‘plamlari kitobxonlarning kitob javonidan joy olgan.

Quyida 65 yoshni qarshilayotgan yozuvchining ijod namunasidan o‘qiysiz. 

***

Keyingi paytda Xolov o‘z familiyasi haqida ko‘p o‘ylaydi. Shu paytgacha e’tibor bermagan ekan. Bunga hamxonasi - Shohidaning sha’masi sabab bo‘ldi. Shu desangiz, yuzidagi chaqaloq tirnog‘iday xolga qo‘li beixtiyor borib kelaveradigan bo‘lib qoldi.

Bir gal suhbatlashib turishganida Shohida qo‘lini deyarli uning yuziga tekkuday yaqin olib borib:

- Voy-voy, tegmang! Tegmang, kattarib ketadi, - dedi mehribonlik bilan.

Xolov gap nimadaligini darhol fahmlamadi. Buni o‘z holicha tushundi. Shohidaning iliq nafasini yuzida tuyib orziqib ketdi. Bo‘ynimga osilib olmasin yana degandek, ortiga tisarildi. Umrida yolchitib er ko‘rmagan bu ayol shunday qilishdan ham toymasdi. Har holda Xolovning ko‘nglidan bir zum shunday shum shubha o‘tdi.

- Xolingizga tegmang, demoqchiydim, - dedi Shohida uning ko‘nglidan o‘tganini sezganday shashti so‘nib.

Xolov gapni ortiqcha cho‘zmaslik uchun shartta burilib, joyiga borib o‘tirdi. Shundan beri o‘ylaydi.

“Xolingizga tegmang, demoqchiydim…”

“Xo‘sh, nega xol, nega Xolov?!” “Yo bobolarim ham xoldor bo‘lganmikan?” “Ajoyib odatlarimiz bor-da! Go‘yo shunday ism qo‘yilsa, xollari to‘kilib ketadiganday.”

U shunday xayollarga berilib o‘tirganida “Assalomu alaykum, domlajon,” deya eshikdan gavdasini u yondan-bu yonga tashlab, sal enkayinqirab bir odam kirib keldi. Uning qisilgan quv ko‘ziga nigohi tushib, xayoli bo‘lindi. Ne ajabki, qarshisida turgan odamning ham yuzida, yana deng, aynan burnining o‘ng tomonida o‘shanaqa xoli bor edi.

“Yo tavba, tushimmi yo o‘ngimmi?”. Xolov o‘rnidan turishga turdi-yu, qarshisidagi odamni tanimadi - begona, avval ko‘rmagan. Ammo egilib turishi tanish, quv ko‘zlariyam. Kelibdimi, kim bo‘lsayam hurmatini joyiga qo‘yishi kerak.

Xolov iltifot bilan uni qarshilab, ro‘parasiga o‘tqizib, bir piyola muzdaygina ko‘k choy quyib, uzatdi.

- Xush kelibsiz.

- Kunning issig‘ini qarang, yondiraman deydi-ya! - mehmon qo‘lidagi dastro‘moli bilan ensasi aralash yuzini artdi. Xonada achqimtir ter hidi anqidi.

Xolov undan tezroq qutulish uchun bahona qidira boshladi.

- Domlajon, sizni ko‘p yaxshi odam, deb eshitaman, haddim sig‘ib kelaverdim, - dedi u.

- Yaxshi qilibsiz-da. Xo‘sh, xizmat?

- Shu desangiz, bitta risolacha tayyorlagandim. Bilasiz, domlachilik, el ko‘ziga ko‘rinib turishimiz kerak, shapaloqday bo‘lsa ham “kitobi chiqdi”, degan gap bo‘ladi. Ammo, puli naqd, - Xolovning avzoyi o‘zgarmaganini ko‘rib, chimrildi. - Meni tanimadingiz chog‘i!

- Ko‘zimga issiq ko‘rinyapsiz, uchrashgandaymiz…

- Taniysiz, taniysiz, hozir transportniydaman. Ko‘p maqolalarim, kitoblarim chiqqan. Yoshlarga ma’naviyatdan dars beraman, - u atayin o‘zini Xolovga yaqin tutish uchunmi, shamaga o‘tdi. - Xoldorovman, ismim Xoljigit. Yana deng, xotinimning ismi - Xoltosh… buni qarang-a, hammamizni bitta xol birlashtirib turibdi-ya, Xudoning bergani shu-da, vo ajab, qudratingdan!

Mehmon o‘z lutfidan yayrab, yoyilib kulib, Xolovni ham “o‘ziniki”lar qatoriga qo‘shib olmoqchiydi, uning tumsayib olganini ko‘rib, iljayganicha qoldi.

- Qo‘lyozmani qoldirib keting, - u engagi bilan Shohida o‘tirgan tomonga ishora qildi, - tanishib chiqaylik, ma’qul kelsa, rejalashtirish uchun boshliqlarimizga tavsiya etamiz.

Xolov shunday deya boshqa ishlariga urindi. Xoljigit Xoldorov endi Shohidaning yonidagi bo‘sh stulga o‘tib o‘tirdi. Har zamonda Xolov tomonga ko‘z qirini tashlay-tashlay, eshittiribroq, risolasining zamonabopligini ma’nilata boshladi:

- Singiljon, risolam hali aytganimday, yoshlar tarbiyasi haqida, bu hozir juda dolzarb mavzu. Tezlashtirish kerak. Bilasiz, yoshlarni tarbiyalash hammamizning burchimiz, katta va asosiy vazifamiz!

Xolov endi “E, hali dag‘dag‘a ham qilmasaydi” degandek, ko‘zoynagi ustidan Xoljigit tomonga ajabsinib qarab qo‘ydi.

- Albatta, albatta, bilamiz, bilamiz, - Shohida ham biror gap chiqishidan cho‘chib, vaziyatni yumshatgan bo‘ldi.

Xoldorov halidan beri tizzasida qo‘shqo‘llab ushlab o‘tirgan katta, sariq, tutilaverganidan uniqib ketgan charm sumkasi bog‘ichini siypalay boshladi. Nigohlari toshday qattiq Xolovning vajohatidan cho‘chib, uni ocholmadi, faqat xonadan chiqib ketayotib, paytini topib, Shohidaga tashqariga chiqaylik, degandek imo qildi. So‘ng stolga muk tushib, qog‘oz titayotgan Xolov tomonga qarab-qarab, xayrlashishni ham, xayrlashmaslikni ham bilmay xonadan chiqdi.

Birozdan so‘ng Shohida qo‘lida katta shokolad qutisi, quti ustida esa yoniga “kofe” deb yozilgan idish bilan qaytib kirdi.

- Anavi kishi berib ketdi, - dedi Xolovning bigizday nigohidan ko‘zini olib qochib.

- Bu nima?

- Bilmasam…

- Nega oldingiz axir, pora-ku bu!

- Yo‘g‘-e, - Shohida shu dam qurbaqa ushlab turgandek, uni oyoqlari ostiga tashlab yuborgandek yerga qaradi.

- Bu - pora! Poraxo‘rlik shunaqa shirinliklardan boshlanadi. Anavi galvars risolasini chiqarish uchun shirinkama beryapti, bildingizmi, - u muallifning familiyasini atay aytmadi. - Bu ishni ikkinchi marta takrorlamang, haydalasiz. Ayamayman. Qo‘ng‘iroq qilsa, ayting - risolangiz chop etilmas ekan, deng, tamom.

Bu birinchi voqea emasdi. Xolov odamlarning o‘z ishlarini bitirish maqsadida shunaqa narsalarni ko‘tarib yurishlaridan tutaqib ketardi. U qo‘lidagi bir tutam qog‘ozni stoli ustiga toplab urib, g‘ijindi. Chinqirishdan beriroq ovozda:

- O‘lsayam odam bo‘lmaydi bular. Kolorado qo‘ng‘iziga o‘xshaydi. Tutib olib kuydirsang ham o‘lmaydi. Yana domla emish. Hah, sho‘rlik talabalar-a! Bundaylar o‘likdan ham biror narsa tilanadi, - dedi tutaqib. Shu paytda yonida o‘sha odam bo‘lgandamidi…

Xolov bu voqeani bir-ikki kun deganda zo‘rg‘a unutgan edi. Ammo…

Yakshanba kuni traktor zavodi bozori yonida - arining uyasiday maydonchada mashinasini tislayotganida yoniga bir lo‘li xotin kelib, kosovday qo‘lini oynadan tiqib, naq burnining ostida shalpillata boshladi: “Okajon, xayr qiling, hojibobolar bo‘ling, boy bo‘ling, boyvachcha bo‘ling!”

- Tort-a, qo‘lingni!

Shu payt orqadan bir emas, bir necha kishining hoy-hoylagani eshitildi. Xolov gap nimadaligini anglab-anglamay, tormozni bosdi. Lo‘li xotin “lip” etib g‘oyib bo‘ldi. Xolovning peshonasidan “pov” etib sovuq ter chiqib ketdi.

Nima bo‘ldi ekan, degan o‘y bilan mashinadan tushishga chog‘langanida haligina lo‘lining biltanglab turgan qo‘li o‘rnida so‘loqmonday jundor bilak ko‘rindi. Qo‘rqib ketgan Xolov boshini egib, qo‘l egasining pishqirib turgan yuziga qaradi. Ne ajabki, uning oq-sariqdan kelgan lo‘ppigina yuzida, bilmayman, o‘ng tomonidami yo chap tomonidami, no‘xotday xoli bor edi.

- Ko‘zingga qarasang o‘lasanmi, manavi oyna nima uchun berilgan? Chochingning oqi bo‘lmaganida peshonangdan yana bitta ko‘z ochib qo‘yardim.

Shu daqiqada bo‘layotgan voqeadan ham ko‘ra uning yuzidagi xoli Xolovning diqqatini ko‘proq tortdi. “Nahotki…, buniyam xoli bor ekanmi…?” degan fikr xayolida aylanardi. U esankirabgina mashinadan tushdi. Bilakdor yigit endi orqadagi oppoq “Lasetti”ning old qanotini qo‘li bilan siypalar, o‘zicha g‘udranib turardi.

Xayriyat, tegmagan ekan, oraliqda bir qarichcha joy qolipti. Endi Xolovning chapaqay jahli chiqdi:

- Hoy, uka, namuncha kekirdagingni cho‘zasan, tegmapti-ku!

- Nima-nima, tegib ham ko‘rsin edi, naq abjag‘ingni chiqarardim.

Xolovning mashinasidagi yonoyna, orqa chiroqlarini bir-bir ko‘rsatib bilakdor yer tepardi:

- Sanga mashina haydashni kim qo‘yipti, bilsang hayda-da, yonoyna nimaga qo‘yilgan, mana bunisi-chi?

Mana bunisi-chi?

Xolov bolasi tengi bu yigitning naqadar tajangligini ko‘rib, o‘zini bosishga urindi. Shu dam unga gap kor qilmasdi. Ko‘zlari go‘laygan, og‘zidan tupuklari sachrab ketyapti. Yana ikki og‘iz gapirsa, gurziday musht peshonasiga kelib tushishi hech gapmas. Xolov beysbolkasini yechib, boshini qashlay turib, uni kuzatishda davom etdi.

- Hoy chol, ko‘rayapsanmi, bundan keyin mana shularga qarab yur, bildingmi!

“Lasetti” ichida halidan beri g‘o‘ddayib o‘tirgan odam oynani sal tushirib, bus-butun mashinasi atrofida jazavaga tushib, yer tepayotgan yigitni tinchlantirgan bo‘ldi:

- Bas, bas, yetar o‘g‘lim, o‘zingni bos, o‘zingni bos, tegmapti-ku!

- Tegsin ham edi! Naq peshonasidan darcha ochardim.

Mashina ichidagi odamning ovozi tanishday tuyuldi. Xolov endi enkayinqirab ovoz egasiga tikildi. Bursillagan lab, tovoqday yuz. No‘xotday xol. Ovoz egasi engagini ko‘tarib, mashina oynasining nurdan saqlaydigan lappagini tushirib oldi. Xolov endi uning ko‘zini ko‘rolmadi. Shu dam pishqiroq o‘g‘il Xolov tomonga bir buqaqarash qildi-da, mashina o‘rindig‘iga o‘zini tashladi.

Xolov hamon uning kimligini eslashga harakat qilardi. Qaytib, o‘rniga kelib o‘tirganida ham bu o‘y uni tark etmadi. Ovoz tanish, xol tanish… Ey, bo‘ldi-bo‘ldi… “Yoshlar tarbiyasi…” Topdi - Xoldorov! Xoljigit!

Darhol mashinasidan tushib, ortga qaradi. Oq “Lasetti” “oppoq yo‘rg‘adek” shitob bilan olislab borardi.

O‘ktam Mirzayor.