Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Turmush o‘rtog‘iga pichoq urgan kelinchakka oqlov hukmi chiqarildi

Dastlabki tergov organi tomonidan e’lon qilingan ayblovga ko‘ra, Z.R. 2018 yil 10 fevral kuni soat 2200 larda, ota-onasining xonadonida, ya’ni Sergeli tumani ... uyda, turmush o‘rtog‘i R.A. va otasi T.B. o‘rtasida kelib chiqqan janjal vaqtida R.A.ga qasddan tan jarohati yetkazish maqsadida oshxona pichog‘i bilan turmush o‘rtog‘ining qorin qismiga urib og‘ir tan jarohati yetkazganlikda ayblangan.

Er-xotin urushi, doka ro‘mol qurishi, deydi xalqimiz. Oila bo‘lgandan keyin katta-kichik janjallar bo‘lib turishi tabiiy. Zamira turmush o‘rtog‘i Arslon (ism-shariflar o‘zgartirilgan) bilan bor yo‘g‘i 7 oy birga yashadi.

Bu oilada ham ba’zan tushunmovchiliklar bo‘lib turardi.

O‘sha kuni Arslon kechqurun uyiga mast holda kirib keldi.

– Qatlarda yuribsiz, nega kech keldingiz? – so‘radi kelinchak.

Bu so‘roq kuyovto‘raga yoqmadi.Oqibatda janjal chiqdi.

Arslon xotinini urdi, bo‘yniga qaychi tirab uni o‘ldirish bilan qo‘rqitdi.

Kelinchak eriga qarshilik ko‘rsatdi, qaychini olaman deganida barmog‘i va kafti kesilib ketdi. Qon oqa boshladi.

Arslon jahl bilan qo‘lini musht qilgan holda devorga urdi.

– Vaa-a-ah, – deb baqirdi.

Zamira uyiga ketamanga tushdi, “yashamayman, sendaqa zo‘ravon bilan!” Bu tortishuvni eshitgan Arslonning otasi Alisher aka murosa qilib ko‘rdi, bo‘lmagach kelinini tunda uyiga olib borib qo‘ydi...

Ertasi kuni ertalab Arslon Zamiraning onasiga qo‘ng‘iroq qildi.

– Uzr, kechagi ishim uchun oyi, Zamiraga ayting, uni bugun uyga olib ketaman, – deb tayinladi.

Kelishilganidek, Arslon kechqurun Zamirani uyiga bordi.

U shirakayf edi.

Kuyov qaynotasi Mo‘min akaning uyida ovqatlandi. Ko‘chaga chiqib salqin ichimliklar olib keldi.

Zamira to‘ylarida uylarini bezatib bergan tanishi Nodir bilan telefonda gaplashib, uni kutib olish kerakligini otasiga aytdi.

Shu payt Arslon uni rashk qilib,

– Nega Nodir bilan gaplashyapsan? – deb to‘ng‘illadi.

O‘zicha ko‘chaga chiqib keta boshladi.

– Nima bo‘layapti o‘zi?– so‘radi qaynotasi.

Shunda kuyovi:

– Erkakmisiz, nima uchun xotinim begona yigit bilan gaplashadi?,– deb baqirdi.

Arslon jahl bilan Zamiraning yuziga urdi.

Mo‘min aka kuyovni qo‘lidan tortdi.

– Nega qizimni urayapsan?

Mast kuyov qaynotasini ham ayab o‘tirmadi.Unga ham qo‘l ko‘tardi.

Kuyov janjalning oldini olish uchun qarshilik ko‘rsatgan qaynsinglisi Lolani itarib yubordi, u yerga yiqilib boshi sandiqqa tegdi.

– Singlimga nega qo‘l ko‘tarasiz? – jon holatda baqirdi Zamira.

Arslon jahl otiga mindi. Tilidan yomon so‘zlar uchdi:

– Uch taloq qo‘ydim, – deb yubordi. Va xotinini yuziga yana tarsaki urdi.

Bu janjalga oshxonada kuymalanayotgan qaynonasi Robiya opa ham qo‘shildi.

– Kuyov o‘zingizni bosing! – deya uni tinchlantirish uchun bolalar xonasiga olib kirdi.

To‘polonchi kuyov shunda ham tinchlanmadi.

Arslon xonada turgan shkafning oynasini qo‘li bilan urib sindirdi, natijada qo‘li kesilib qonab ketdi.

Ona baribir onada. Robiya opa kuyovini oshxonaga olib bordi.Uni tinchlantirishga, qonni to‘xtatishga harakat qildi.

Bu vaqtda kelinchak qaynotasi Alisher akaga qo‘ng‘iroq qilib, o‘g‘li ularni uyiga kelib janjal qilayotganini aytdi.

Qaynota ham kelishgan ekan, “men aralashmayman”, deb qutildi. (Arslonning onasi bu payt Turkiyada edi)

Shu on Zamira oshxonada onasining qattiq chinqirig‘ini eshitib, yugurib kirdi.

Ering qorniga pichoq tiqib oldi...

Kelinchak turgan joyida bir on karaxt turdi. Nima qilishni bilmadi. Tez yordamga qo‘ng‘iroq qildi, ammo tusha olmadi. Otasini yordamga chaqirdi.

Bu payt uyga bezakchi Nodir kelib qoldi.

Mo‘min aka va Robiya opa, Zamira, Nodir birgalikda qo‘shnining mashinasida kuyov bolani kasalxonaga olib borishdi.

Yo‘lda kuyovto‘ra kelinchakka “buni hech kim bilmasin, agar onam bilsa bizlarni ajrashtirib yuboradi. Zilola, men seni sevaman va sensiz yashay olmayman”, deb qayta-qayta takrorladi.

Shifoxonada vrachlar Arslonni tibbiy ko‘rikdan o‘tkazmoqchi bo‘lganlarida, qarshilik qildi, yaxshi muomalada bo‘lmadi. “Men yaxshiman”, deya ko‘chaga chiqib keta boshladi.

Vrachlar bemorni zudlik bilan operatsiya qilishmasa, natijasi yomon bo‘lishini aytishdi. Ammo Arslon unamayotgan edi.

Zamira erining yo‘lini to‘sdi.

– Agar meni sevsangiz ortga qaytib shifokorlar gapiga kirasiz, agar yo‘q desangiz, men hoziroq ko‘chaga chiqib o‘zimni avtomashina tagiga tashlayman...

Arslon ko‘nmasdan iloji yo‘q edi.

– Xo‘p, yur, ichkariga kiramiz, shifokor aytganini qilaman, faqat sen mening yonimdan jilmaysan, – dedi.

Arslon Zamirani qo‘lidan mahkam ushlab oldi.

Navbatchi shifokor bunga qarshilik qilmadi.

Vrachlar bemorni operatsiyaga tayyorlashdi.

Zamira onasi bilan kasalxonada eri operatsiyadan chiqqunga qadar o‘tirdi.

Tungi soat ikkilardan so‘nggina uyga qaytdi.

Ertasiga ertalab yana kasalxonaga borib, Arslonning xolidan xabar olishdi.

Bu orada kuyovto‘rani yaqin qarindoshlari ham kelib, xabar olib turishdi.

Arslonning onasi Komila opa oradan uch kun o‘tib, Turkiyadan uchib keldi. U voqeani bilgach, “senlar o‘g‘limni shu kuyga solgansanlar”, deb janjal ko‘tardi.

Oradan yana bir necha kun o‘tib, Arslon Botirov onasini gapiga kirib, “turmush o‘rtog‘im Z.Botirova qornimga pichoq bilan urib, tan jarohati yetkazdi” deb ichki ishlar bo‘limiga ariza yozdi.

Ish tergovga chiqdi, undan so‘ng sudga oshirildi.

Oliy sud Matbuot xizmati bergan ma’lumotga ko‘ra, jinoyat ishlari bo‘yicha Bektemir tumani sudi ushbu ishni har tomonlama muhokama qilib, qonuniy baho berdi.

Jinoyat ishi bo‘yicha aniqlangan holatlardan kelib chiqib jabrlanuvchi A.Botirov sud tergovi davrida har xil ko‘rsatmalar berib, dastlab unga Z.Botirova pichoq bilan tan jarohatini yetkazgani, so‘ngra u o‘ziga o‘zi pichoq bilan tan jarohati yetkazgani haqida bergan ko‘rsatmalarini jinoyat ishi bo‘yicha to‘plangan barcha dalillar majmui bilan solishtirib, natijasini qat’iy o‘rganib, batafsil muhokama qilib, Z.Botirova A.Botirovga nisbatan qasddan badanga og‘ir tan jarohati yetkazish jinoyatini sodir qilmagan va jinoiy hodisa yuz bermagan, deb topdi.

“Z.Botirova O‘zbekiston Respublikasi JKning 104-moddasi 1-qismida nazarda tutilgan jinoyatni sodir etganlikda aybsiz deb topilsin hamda ish qo‘zg‘atilgan, tergov va sud muhokamasi o‘tkazilgan ish bo‘yicha jinoiy hodisa yuz bermaganligi sababli oqlansin...”

Z.Botirovaga reabilitatsiya qilinishi munosabati bilan unga yetkazilgan mulkiy ziyonni qoplash hamda ma’naviy va boshqa ziyon oqibatlarini JPKning 304-312-moddalarida nazarda tutilgan tartibda da’vo talabi bilan sudga murojaat qilish huquqi tushuntirildi.