Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Tutda maktabgacha ta’lim qamrovi 85,1 foizga yetdi

Jomboy tumani, Tut mahallasida yangi bunyod etilgan 17-davlat maktabgacha ta’lim tashkiloti foydalanishga topshirildi. Shu munosabat bilan o‘tkazilgan tadbirda jamoatchilik vakillari, mehnat faxriylari hamda faollar qatnashdi.

– Yangi muassasamizda 1 milliard 400 million so‘mlik qurilish-ta’mirlash ishlari amalga oshirildi, – deydi maktabgacha ta’lim bo‘limi mudiri D.Obloqulova. – 4 ta mashg‘ulot, 1 ta qisqa muddatli guruh xonasi, 4 ta yotoqxona va 1 ta ovqatlanish bo‘limi bolajonlar ixtiyorida bo‘ladi. Shuningdek, mudira, hamshira va tarbiyachilar uchun ham alohida xonalar ajratilgan. Qisqa muddatli guruh bilan qo‘shib hisoblaganda hudduddagi 3-7 yoshli 150 nafar bolalarni maktabgacha ta’limga qamrash imkoni yaratildi.

Darhaqiqat, muassasada barcha zamonaviy imkoniyatlar mavjud. Hovlida bolalar o‘yin maydonchasi, atraksionlar hamda yozgi ayvon ham o‘rnatilgan. Ma’lumot o‘rnida aytish joizki, Tut mahallasida 411 nafar bog‘cha yoshidagi bola istiqomat qiladi. Ularning ta’lim bilan qamrab olish darajasi 85,1 foizni tashkil etmoqda.

Tadbirda tuman hokimi H.To‘ychiyev qatnashdi va ishtirokchilarni yangi muassasa tashkil etilishi bilan tabrikladi.

Jomboy tumani hokimligi axborot xizmati.