Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ulbuvi momo - O‘zbekistonda xizmat ko‘rsatgan pillachi

Payariqlik Ulbuvi To‘g‘onova 60 yildan beri pillachilik bilan shug‘ullanib keladi. Shu mehnati orqasidan olti o‘g‘il, uch qizni tarbiyalab, uyli-joyli qildi. O‘zbekiston mustaqillikka erishgan yili onaxon uchun qiyinchilik damlar boshlandi. Sababi, uning turmush o‘rtog‘i og‘ir xastalik bilan olamdan o‘tdi. Oila tashvishi onaning zimmasida qoldi.

- Yolg‘iz qolib, katta ro‘zg‘orni tebratish, farzandlar tarbiyasi bilan shug‘ulanish og‘ir edi, - deydi u. – Har qancha qiyin bo‘lmasin, mehnat qilib hammasini uddalashga harakat qildim. Pillachilikdan tashqari, dalada chopiq qilish, paxta terish, bug‘doy o‘rish ishlari bilan ham shug‘ullandim. Birovdan moddiy yordam so‘ramadim. Farzandlarimni mehnatdan qochmaslikka, yurtga sidqidildan xizmat qilishga o‘rgatdim. Ular birin-ketin voyaga yetdi. O‘g‘illarimning barchasi harbiy xizmatni o‘tab qaytdi. Katta o‘g‘lim, otasidek dehqonchilik qilib, kam bo‘lmadi. Fermer xo‘jaligini tashkil qildi, ukalarini yoniga oldi. Bugungi kunda ko‘rgan-kechirgan azoblarim unutilib, rohat-farog‘atda yashayapman.

Onaxon 40 nafar nevara, 30 dan ziyod chevaralarning sevimli buvisi. 81 yoshga to‘lgan bo‘lsa-da, haligacha pilla yetishtirish bilan shug‘ullanadi. Bu ishda kelinlariga ustoz. Tetiklikda ulardan qolishmaydi. Shu yilda ham kenja kelin bilan 5 quti ipak qurti parvarishlab, 300 kilogramm pilla yetishtirdi.

- Mehnat qilgan odam sog‘lom bo‘ladi, - deydi onaxon. – Farzandlarim qarigan chog‘imda ishlashimni istamasa ham salomatligim uchun qimirlab turaman. Hovlimizning to‘rida alohida pillaxona qurib qo‘yganmiz. Bu yilgi mavsumda tumanimiz hokimi kelib pilla yetishtirish jarayonini kuzatdi. Men bilan suhbatlashdi. Ipak qurtini parvarishlashda nimalarga e’tibor qaratish kerakligini so‘radi. Bilganimcha sir-asrorlarini gapirib berdim. 60 yildan beri shu ish bilan shug‘ullanayotgan bo‘lsam, men parvarishlagan ipak qurtlarining bittasi ham nobud bo‘lmagani, shuning evaziga har yili yaxshi hosil olishimni aytdim.

Ha, keyingi paytlarda rahbarlar ko‘p vaqtini ish stolida o‘tirmasdan, mahallalarda, odamlar orasida o‘tkazayotgani yaxshi natija bera boshladi. Xirmonlar yaratilishida o‘zining munosib hissasini qo‘shayotgan qo‘li qadoq dehqonlarning mehnati ko‘zga tashlanyapti.

- Sobiq ittifoq davrida ham, Vatanimiz mustaqillikka erishgandan keyin ham ancha yillar bizni birov so‘rab kelmadi, - deydi Ulbuvi aya. – Noshukurlik qilmayman, mehnat qildik va shunga yarasha haq to‘landi, ammo bugungidek e’tibor bo‘lmagan. O‘tgan yili “O‘zbekiston Respublikasi qishloq xo‘jaligi fidoyisi” ko‘krak nishoni bilan taqdirlandim. Bu yil esa Prezident imzosi bilan “O‘zbekiston Respublikasida xizmat ko‘rsatgan pillachi” faxriy unvoni berildi. Mukofotni olib, uyga kelganimdan keyin meni tabriklovchilarning qadami uzilmadi. Hovlimiz to‘yxonaga aylandi, desam xato bo‘lmaydi. Mahalladoshlarim, qarindoshlarim hammalari havas qildi. Yoshlar mendan duo olishdi. Bu sabr-matonat va mehnatning mevasi ekanligini ularga uqtirdim. Shunday baxtli kunlarga yetib kelganimdan minnatdorman. Yurtimiz tinch bo‘lsin, gullab-yashnasin!

To‘lqin SIDDIQOV,

Baxtiyor MUSTANOV (surat).