Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ulug‘ Umra ziyorati: “Muqaddas maskanga yana kelaman!”

Yakshanba kuni avvaldan ko‘nglimga tugib qo‘ygan niyatim, ya’ni, otam uchun ham nafl umra marosimini amalga oshirishga kirishdim. Oldin onamning xizmatlarini ado etishim boisi shunda ediki, kishi uchun onaning haqi otanikidan ko‘proq bo‘lishi haqida payg‘ambarimiz Muhammad sallallohi alayhi vassallam o‘z muborak hadislarida ta’kidlab aytganlar.

Otamni eslab

Yana bir andisham shunda ediki, otamning xizmatlarini ukam va singlim haj yoki umraga kelganida bajarib ketishi ham mumkin edi. Allohga beadad shukurlar bo‘lsinki, shu amalni bajarishga o‘zimda imkoniyat paydo bo‘ldi va uni katta g‘ayrat bilan amalga oshirishga kirishdim. Dastlab shahar chekkasidagi “Oysha ona” masjidiga borib, qaytadan ehromga kirdim.

Keyin Haramga kelib, Ka’ba atrofini yetti marta aylanib, maqomi Ibrohimda ikki rakat namoz o‘qib, otamga bag‘ishladim. Keyin Safo va Marva orasidagi yo‘lni yetti marta yurib, yugurib o‘tdim. Yo‘l oxirida ikki rakat namoz ado etib buniyam dadamning nomlariga bag‘ishladim. Oxirgi marosim - sochimni taqir qilib oldirdim va shu bilan barcha amallarni ado etgan bo‘lib ehromdan chiqdim. Ko‘nglim ana shundan keyin chiroqdek ravshanlashdi.

Albatta, ota bilan onaning haqini to‘la ado etish farzand uchun sira mumkin emas. Bir odam onasini yelkasiga ko‘tarib olib borib, haj qildiribdi va endi onamning haqini ado eta bildimmi, deya so‘rabdi. Shunda unga: “Ha, onangni seni emizish uchun bir marta uyqusini harom qilib uyg‘ongani haqini ado etding, xolos”, degan ekanlar. Farzand bir holatdagina ota-onasining haqini to‘liq ado etishi mumkin ekan. U ham bo‘lsa, qachonki ularni qul holida topsa-yu, sotib olib ozod qilsa, ularning qilgan yaxshiliklarini to‘liq qaytara olishi mumkinligi haqida muhaddislar xabar berganlar, vallohi a’lam. Bunda ota-onaning farzandga haqi beqiyos ekanligi bilan birga erk-ozodlikning qadri ham undan-da kam emasligi aytilmoqda.

Shunday ekan, mening bajargan bugungi xizmatlarim ularning men uchun qilgan mehribonchiliklari oldida qum zarrachasi yanglig‘ kichik bir uchqun bo‘lsa, ne ajab.

Vatanga qaytish

10 oktyabr dushanba kuni uzoq yo‘lga chiqish oldidan tuzukroq dam olishga qaror qildik. Xonadoshlarim bilan birga avval suhbatlashib, keyin uxlab qolibmiz. Dam olib bo‘lgach, tushlik qildik, do‘konlarni aylanib, sovg‘a-salomlar xarid qildik va jomadonlarimizni ketishga hozirlashga kirishdik.

11 oktyabr sahar soat 4:00 da avtobus bilan Makkai Munavvaradan yana Jidda shahri tomon jo‘nadik. Bir soat ziyodroq yo‘l bosib, aeroportga yetib keldik. Davlat chegarasidan chiqish tartibi bo‘yicha rasmiyatchiliklardan o‘tib bo‘lgach, soat 11:45 da uchoqqa chiqdik.

Soat 12:00 da samolyotimiz Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahri sari parvoz qildi. Manzilimizga yetib borib, aeroport binosida Toshkentga jo‘naydigan uchog‘imizni kutdik. Negadir, bu safar kutish unchalik davomli bo‘lmadi. Soat 22:00 da Toshkent sari parvoz qildik. Qattiq charchagan ekanman, shekilli, uyquga ketib, samolyotimiz Turkmaniston sarhadi ustidan o‘tayotganida uyg‘onibman.

Uchoq qanotlari ostidan avval Ashxobod, Mari, keyinroq Chorjo‘y hozirgi Turkmanobod shahri chiroqlari, Amudaryo ustidagi ko‘prik ko‘rindi. Uzoqdan Buxoro, Navoiy, yanayam uzoqroqda esa Zarafshon hamda Uchquduq shaharlarining chiroqlari porlab turardi. Yana birozdan so‘ng Sirdaryo, undan keyin esa Toshkent chiroqlari ko‘rindi. Tungi soat 2 dan 10 daqiqa o‘tganida Islom Karimov nomidagi Toshkent xalqaro aeroportiga kelib qo‘ndik. Yuklarimizni olib bo‘lgach, hamma bir-biri bilan xayrlashib, uy-uyiga ravona bo‘ldi.

Aeroport oldida tumonat odam yig‘ilgan, ayrimlar qo‘lida tabrik yozilgan transporantlar ko‘tarib olgan, kimdir videoga olish bilan ovora. Xuddi chempion bo‘lgan sportchilarni kutib olayotgandek tasavvur uyg‘onadi kishida. Bizni Toshkentda yashaydigan Qobiljon o‘g‘limiz kutib oldi. Mashinada Samarqand tomonga qarab yo‘l oldik. Bomdod namozini Baxt shahridagi masjidda ado etdik. Yo‘l bo‘yida joylashgan ushbu masjid bizda juda iliq taassurot qoldirdi. Kun qorong‘u bo‘lishiga qaramasdan, issiq suv, yumshoq sochiqlar, xullas, ibodat qilish uchun barcha qulayliklar yaratib qo‘yilgan ekan. Biz va boshqa barcha yo‘lovchilar bundan juda mamnun bo‘ldik. Shu o‘rinda telegram va sayt sahifalari orqali masjid imomi va xizmatchilariga, ularning saxiy homiylariga yo‘lovchilar nomidan o‘z minnatdorchiligimizni bildirib o‘taman.

Yo‘lda davom etib, Jizzax dovonidagi choyxonada nonushta qilib oldik va ertalab soat 10 lar atrofida Urgut shahriga kirib bordik. Uyda bizni poyandozlar solib, kutib olishdi. Yetib borishimiz bilan darhol ikki rakat shukrona namozini o‘qib oldik, shu bilan Ka’batulloh sari qilgan katta safarimiz o‘z adog‘iga yetdi.

So‘nggi so‘z

Muqaddas diyorda bo‘lib qaytgan har bir ziyoratchida, albatta, yana bitta ajib istak paydo bo‘ladi. U ham bo‘lsa Makkatulloh va Madina shaharlariga yana takror borish. Men, hatto, o‘sha yerlarda doimiy qolib ketish xohishida bo‘lgan odamlarni ko‘rdim. Kishida savol paydo bo‘ladi: nega bunday bo‘larkin?

Odamni o‘ziga jalb qiladigan, uni , hatto, vatan tuyg‘usidan ham oz bo‘lsa-da sovutib qo‘yadigan kuch nimada? Arabistonning qaynoq quyoshimi yoki u yerlardagi to‘kin-sochinlikmi, yo balki shifobaxsh zam-zam suvidir. Menimcha, bunga sabab: bu muqaddas o‘lkadagi odamlarning bir-biriga toza munosabatida, niyatlarining pokligida bo‘lsa kerak. Tasavvur qiling, hech kim birovning asabiga tegmaydi, yolg‘onchilik, aldamchilik yo‘q. Yuqorida yozganimdek, o‘g‘rilik, haromxo‘rlik va jinoyatchilikning payi qirqilgan. Bir so‘z bilan aytganda, bu diyorda shaytonning davru davron surishiga chek qo‘yilgan. Ana shunday muhitda kishining shu yerlarda yashagisi, qolgusi kelsa, ne ajab.

Shu ma’noda, men Umraga velosipedda borgan Akmalxon otani vizaning oxirgi kunigacha o‘sha yerda qolish qarorlariga ajablanmadim. Ko‘pchilik bu ziyoratdan kishi boshqa odam bo‘lib qaytadi, deyishadi. Haqiqatan ham, ushbu diyorda bo‘lgan odam yolg‘on gapirmay, aldamay, birovning haqiga xiyonat qilmasdan, bir so‘z bilan aytganda, shaytoni laindan uzoqroq yashash mumkin ekanligiga ishonch hosil qiladi.

Nima bo‘lganda ham, bu ikki muqaddas shaharning mehri, muhiti o‘zgacha. Men ushbu qutlug‘ diyorni tark etar ekanman, ko‘nglimda yangi orzu, yangi niyatlar otilib chiqdi: “Ilohim, shu yerlarga yana kelish nasib etsin. Nafaqat menga, barcha ezgu niyat qilgan kishilarga, hamma-hammaga ana shu muqaddas tuproqlarda yurib, muqaddas joylarni ziyorat qilishni Alloh nasibi ro‘z aylasin, omin!”.

Xudoyberdi Komilov.