Android qurilmalar uchun Zarnews.uz mobil ilovasi. Yuklab olish x

Ulug‘ Umra ziyorati: Sharja, Jidda, Madina

Hammasi niyatdan boshlandi. 2022 yilning may oylari edi. Ko‘nglimda muborak Haj ziyoratiga borish fikri paydo bo‘ldi. Rafiqam bu niyatimni istehzo aralash olqish bilan qabul qildi. Uni ko‘proq mablag‘ni qayerdan topish muammosi o‘ylantirayotganini bilardim.

Haqiqatan ham, muallimlik maoshi bilan oltmish besh million so‘mni ikki dunyodayam jamg‘ara olmasligimni mendan ko‘ra, u ko‘proq yaxshi bilardi. Men bo‘sh kelmadim. Hajga velosiped bilan borajagimni aytganimda, negadir u fikrimni yuz ellik foizga quvvatladi.

Oradan bir oycha vaqt o‘tar-o‘tmas, Toshkentdan xushxabar keldi. O‘zbekiston Respublikasi Yoshlar ishlari agentligi tanloviga taqdim etilgan bolalarga atab yozgan she’riy to‘plamimga mukofot berilar emish. Men albatta, bu yangilikni ortiqcha hayajonsiz qabul qildim. Nega desangiz, 2014 yilda ham oldingi bir kitobim "Eng ulug‘, eng aziz" ko‘rik-tanlovining respublika bosqichida mukofotga sazovor bo‘lib, o‘nta kitob bilan taqdirlangandi.

27 iyun kuni rafiqam, katta kelinim Zarinaoy, nevaram Zafarjon - to‘rtalamiz mukofotni olish uchun Toshkent shahridagi "Adiblar xiyoboni"ga yo‘l oldik. Ammo bu gal sovrin biz kutganimizdan ko‘ra ancha yirik bo‘ldi. 2020 yilda "O‘zbekiston" nashriyotida chop etilgan "Topqir bolalar" she’riy to‘plamim uchun oz emas 20 million so‘m mukofot berishdi. Bu pulni xarajat qilishning ming bitta joyi va zarurati mavjud bo‘lsa-da, mutlaqo o‘zgacha yo‘lni tanladim. Xullas, Haj qilishga yetmasa ham, umra ziyoratiga borishga bemalol kifoya qiladigan pul “osmondan” tushgandi. Rafiqamning ziyorat xarajatlari kamini (u ham o‘zicha Haj ilinjida anchadan beri pensiyasidan pul jamg‘arib yurgandi) bolalarim ko‘taradigan bo‘lishdi. Biz darhol ariza yozib, mutasaddilarga topshirib qo‘ydik. Ammo ziyorat talabgorlari ko‘pligi bois kutishni taklif qilishdi. Kunlar sovib borayotganligini e’tiborga olib, ziyoratni xususiy sayyohlik firmasi orqali amalga oshirishga qaror qildik.

Shunday qilib, 2022 yil 30 sentyabr tunda "Air Arabia" aviakompaniyasining “A-321” aerobusida turmush o‘rtog‘im bilan Toshkentdan Birlashgan Arab Amirliklarining Sharja shahriga parvoz qildik.

 

Sharjada bir kun

Tonggi soat yettilarda Sharja shahrining havo darvozasi - xalqaro aeroportga qo‘ndik. Birinchi sezilgani - ertalab bo‘lishiga qaramasdan, havoning juda issiqligi va dimligi edi. Uchoqning eshigidan chiqishim bilan xuddi qizigan tandirga bosh suqqandek bo‘ldim. Endi Jidda shahriga oborib qo‘yishi lozim bo‘lgan uchoqni aeroport binosida sakkiz soat kutishimiz kerak ekan. Bu men uchun o‘ta zerikarli mashg‘ulot edi. Ammo “Jafokashga jafo kammi” deganlaridek, shu yerda ham menga ermak topildi. Uchoqlarning qo‘nib uchishi meni g‘oyat qiziqtirib qo‘ydi. Uchoq kelib to‘xtashi bilan bir xodim g‘ildiraklarga qo‘yiladigan uchburchak toshni olib chopadi. Salonni yo‘lovchilar to‘liq tark etmay turib, turli xizmat xodimlari ishga chumolidek yopishadi. Birlari yonilg‘i quysa, ikkinchilari akkumulyatorlarni quvvatlantirishga kirishadi, uchinchilari esa salonga toza havo haydaydi. Meni hayron qoldirgani alohida maxsus mashina kelib, zaif, nogiron yo‘lovchilarni aravachalari bilan tushirib olgani bo‘ldi. Bizning transport xodimlarimiz jismonan cheklangan odamlarga hali bu darajada g‘amxo‘rlik ko‘rsatolganicha yo‘q. Xullas, Sharja aeroportidagi qizg‘in hayot bir daqiqa bo‘lsa ham to‘xtamaydi. Xodimlarning bosh qashishga vaqti yo‘q.

Bir so‘z bilan aytganda, nonlarini halollab yeyishmoqda. Samolyotlar esa tinimsiz uchib-qo‘nib turibdi. Hamma xizmatchilarning ishi aniq belgilab qo‘yilgan. Birovi ikkinchisining ishiga aralashmaydi. Bu joyda insonga, uning mehnatiga e’tibor maqtagulik darajada ekanligini ko‘rib, ham suyundim, ham havas qildim. Yana mening diqqatimni tortgan narsa shu bo‘ldiki, bu yerlarda yangilik bilan eskilik bir-birini to‘ldirib, yonma-yon yashayapti ekan. Jo‘mrakka qo‘lingizni yaqinlashtirishingiz bilan suv o‘z-o‘zidan tusha boshlaydi.

Eshiklarni esa o‘sha otam zamonasidan qolgan eski usul - lo‘kidon bilan bekitasiz. Shahar ichiga kirmagan bo‘lsak-da, uzoqdan kuzatganimiz Sharja juda obod shahar ekanligi bilinib turardi. Osmono‘par binolar, hisobsiz chiroqlar yoqib qo‘yilgan charog‘on ko‘chalar uchoq oynasidan xuddi ertaklardagi afsonaviy manzaralar singari ko‘rinar edi.

Assalom, Jidda!

Uchog‘imiz Arabiston yarim orolini ko‘ndalangiga kesib o‘tib, kech soat oltilar atrofida Jidda shahriga qo‘ndi. Bu joyda mamlakatga kirish chog‘ida amalga oshiriladigan barcha rasmiyatchiliklardan o‘tib, Saudiya Arabistoni tuprog‘iga qadam qo‘ydik. Havo Sharjadan ko‘ra salqinroq ekan. Ammo o‘sha-o‘sha, chang va g‘ubor ufqqacha cho‘zilib ketgan. Jidda aeroporti ham juda gavjum joy ekan. Har daqiqa oralab samolyot havoga ko‘tariladi.

Shu o‘rinda men bir shaxsiy mulohazamni aytib o‘tmoqchiman. O‘tgan ikki kun davomida yuzlab uchoqlar parvozi va qo‘nimini kuzatdim. Ammo ular orasida birorta ham "O‘zbekiston havo yo‘llari"ga qarashli samolyotni ko‘rmadim. Mamlakatimizdan xorijga chiqayotgan sayyohlarning deyarli barchasi chet el aviakompaniyalari xizmatidan foydalanar ekan. Aytish mumkinki, xalqimiz tiyinlab yiqqan so‘mlar xorijiy sarmoyadorlar cho‘ntagiga borib tusharkan.

To‘g‘ri, ular bizga xizmat ko‘rsatishyapti, biroq shu xizmatni o‘zimiz ko‘rsatib, qo‘shimcha ish o‘rinlari yaratsak bo‘lmasmidi?! Ana shunda musofir mardikor yurtdoshlarimizning soni biroz kamayarmidi deyman-da. Buning ustiga " Air Arabia"dagi ustamon tadbirkorlar samolyot salonida turli yeguliklar sotib ham foyda olishyapti. Bir qog‘oz stakandagi choy narxi ikki dollar bo‘lganidan keyin, ular oladigan daromad hisobini o‘zingiz qilavering. Albatta, oramizdan bunaqa boyvachcha xaridorlar topilmadi. Lekin biz bilan birga uchayotgan xorijiy yo‘lovchilar yeguliklarni og‘rinmasdan xarid qilganlariga guvoh bo‘ldim.

Aeroportlarning birida "Qanot Sharq" aviakompaniyasi samolyoti Toshkentga uchishi haqidagi e’longa ko‘zim tushdi. Bir qarashda bu juda quvonchli, ammo nega "Sharq qanoti" yoki "Qanotli Sharq" deyish o‘rniga mujmal so‘z birikmasi qo‘llangan. Menimcha, bu nom avval ruscha qo‘yilib, keyin o‘zbek tiliga tarjima qilingan bo‘lsa kerak. Hokim so‘zning tobe so‘zdan oldin kelishi rus tilida odatiy hol. Diqqatimni tortgan yana bir narsa ko‘chalardagi avtomashinalarning kir-chirligi bo‘ldi. Bu Jidda shahrining qumloq sohilda joylashganidan bo‘lsa kerak. Dengiz tomondan esadigan shabada qum va chang zarralarini havoga ko‘taradi. Did bilan, zamonaviy qurilgan ko‘chalar chetidagi tashlandiq qog‘oz va paketlar shamolda uchib yuribdi. Aftidan, bu joylarda baklashga terib yuruvchi ehtiyojmand insonlar yo‘qqa o‘xshaydi.

Shu kuni tunda avtobus bilan Madina shahriga kirib bordik. Yo‘l taassurotlarini yozib berolmaganimning asosiy sababi shuki, trassa g‘oyat ravon bo‘lgani va qattiq charchaganimiz bois manzilgacha uxlagan holda yetib boribmiz. Mashoyixlar aytmishlarki, uyqu vaqtinchalik o‘lim, o‘lim esa mangu uyqudir.

Madinaga yetib kelib, shundoqqina Masjid ul Nabaviy yaqinidagi "Andaluz" mehmonxonasiga men, qo‘shni qishloqlik yurtdoshim Mirzamurod, namanganlik yangi tanishim Abduxalil aka bilan birgalikda bitta xonaga joylashdik. Rafiqalarimiz ham shundoq yonimizdagi xonaga qo‘nishdi.

Xudoyberdi Komilov.

(Davomi bor)